Oʻzbekiston va Eron hamkorligining istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2023 1605

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 6-iyulda mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Eron Islom Respublikasi Vitse-prezidenti Ensiyo Xazaliy bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston bilan Eron Islom Respublikasi oʻrtasidagi aloqalar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va siyosiy muloqotlar izchil rivojlanib boryapti.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimiz oʻrtasida parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, xalqaro tuzilmalar doirasida sherikchilikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama etildi.

    Suhbatda doʻst xalqlarimizni chuqur tarixiy rishtalar, oʻxshash mentalitet, anʼanalar va maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turgani alohida taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda davlat rahbarlarining qatʼiyati tufayli Oʻzbekiston-Eron hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotgani, jumladan, parlamentlararo munosabatlar ham yangi bosqichga chiqqani, shu nuqtai-nazardan ikki mamlakat parlamentlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida parlament nazoratini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

    Oʻz navbatida, mehmon samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat oʻrtasida parlamentlar, hukumatlar vakillari, tadbirkorlarning oʻzaro amaliy tashriflari faollashganini qayd etdi, davlatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda hamkorlikka oid imzolangan hujjatlarning toʻlaqonli amalga oshirilishi esa kelajakda albatta, oʻz samarasini berishiga ishonch bildirdi. — Oʻzbekistonda islohotlar jadal surʼatlar bilan amalga oshirilyapti, buni koʻzimiz bilan koʻrib, guvohi boʻldik. Ayniqsa, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik hujjatlari takomillashtirilyapti, ularning jamiyatdagi roli va oʻrni oshirilyapti. Bu albatta, tahsinga sazovor. Shu maʼnoda oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ikki mamlakat uchun ham manfaatlidir – deya, taʼkidladi Ensiyo Xazaliy.

    Doʻstona va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida istiqboldagi rejalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.