Dehqon xo'jaligining yangi huquqiy asosi

    Dehqon xo'jaligi o'z mahsulotlariga bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib mustaqil ravishda narx belgilaydi.

    Insoniyat qadim zamonlardan buyon yerga hayotiy ehtiyojlarining asosiy manbai bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi vosita sifatida qarab keladi. O'sha davrlardayoq rivojlana boshlagan dehqonchilik bugun ko'plab davlatlarda iqtisodiy o'sishning muhim omiliga aylandi.

    Ayniqsa, pandemiya davrida dunyo xalqlari sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, yerning har qarichidan unumli foydalanishga dolzarb vazifa sifatida qaray boshladi. Yurtimizda so'nggi yillarda bu borada sezilarli o'zgarishlarga yuz tutdik. Dehqonchilikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Joriy yilning 1-aprel kuni Prezident tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasining “Dehqon xo'jaligi to'g'risida”gi qonuni ana shunday dolzarb huquqiy hujjatlardan biri sanaladi.

    Qonunning qabul qilinishi tizimda uzoq yillardan buyon mavjud ko'plab muammolarga echim bo'ladi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Birgina misol. Avvalgi qonunchilikka muvofiq, dehqon xo'jaligini yuritish uchun yer uchastkalari fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilishi nazarda tutilgan edi. Natijada dehqon xo'jaliklari yerlarida aholi tomonidan o'zboshimchalik bilan uy-joylar va boshqa imoratlar qurilib, turar joy sifatida foydalanib kelinmoqda. Bunda erlarni asrash, unumdorligini oshirish va agrotexnika talablariga rioya qilish kabi majburiyatlarni bajarish ikkinchi darajaga tushib qolgan.

    Joylarda olib borilgan o'rganishlarda dehqon xo'jaliklari faoliyati yetarli darajada tartibga solinmagani, ularning soni va ajratilgan yerlarning hisobini yuritish hamon yo'lga qo'yilmagani hamda dehqon xo'jaliklari to'g'risidagi ma'lumotlar turlicha yuritilayotgani bilan bog'liq muammolar ham yuzaga chiqdi. Aholi sonining oshib borayotgani esa bir kishiga to'g'ri keladigan yer ulushining tobora kamayib borishiga olib kelmoqda.

    Sohadagi ana shunday kamchiliklarni bartaraf etish uchun yangi qonunni qabul qilish zarurati yuzaga keldi. Mazkur huquqiy hujjatning asosiy vazifasi dehqon xo'jaligini tashkil etish, uning faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, dehqon xo'jaliklarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

    Bunda avvalo, dehqon xo'jaliklariga to'g'ridan-to'g'ri yer uchastkasini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berish amaliyoti o'rniga, yer uchastkasini ijara asosida berish tizimi joriy etiladi. Bu mazkur yerda noqonuniy qurilishlar qilinishining oldini olib, yerdan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, dehqon xo'jaliklari tasarrufida bo'lgan yer uchastkalari maydonlarini ularning roziligisiz maqbullashtirishga (qisqartirishga, o'zgartirishga va boshqalarga) yo'l qo'yilmasligi belgilandi. Dehqon xo'jaligiga ajratilgan yer uchastkasini olib qo'yish shartlarini aniq qilib belgilanishi yer uchastkalari noqonuniy yoki turli bahonalar bilan olib qo'yilishining oldini olishga xizmat qilib, yerga bo'lgan huquq kafolatlarini yanada kuchaytiradi. Fermerlarning asosiy ekindan bo'shagan yer maydonlarida bir yoki bir nechta mavsumda ijara asosida dehqon xo'jaligi bilan shug'ullanishga bir yilgacha muddatga ruxsat berilishi esa vaqtincha bo'sh turgan erlardan samarali foydalanishga yo'l ochadi.

    Dehqon xo'jaligi boshlig'i — asosiy ish yurituvchi

    Yangi tahrirdagi qonunning eng muhim jihatlaridan biri — unda dehqon xo'jaliklarining vazifasi, ularga berilgan imkoniyat va huquqlar batafsil izohlangan. Qonunning 4-moddasida dehqon xo'jaligining boshlig'i — dehqon xo'jaligi faoliyatini yuritish uchun nomiga yer uchastkasi ajratilgan o'n sakkiz yoshga to'lgan, muomalaga layoqatli O'zbekiston Respublikasining fuqarosi yoki O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo'lmagan shaxsdir, deyiladi.

    Xo'sh, bunday shaxslar qonunchilikka muvofiq qanday huquq va imtiyozlarga ega? Avvalo, dehqon xo'jaligining boshlig'i ushbu xo'jalik nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan, uning manfaatlarini ifoda etadi va bitimlar tuzadi. Yangi tuziladigan har qanday dehqon xo'jaligi uning boshlig'i tomonidan davlat xizmatlari markazlariga qilgan murojaati asosida yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hisobga qo'yiladi va dehqon xo'jaliklari yagona davlat reestridan ko'chirma beriladi. Ammo dehqon xo'jaligini yuritishda yer uchastkasiga bo'lgan huquq davlat ro'yxatiga olinganlik, dehqon xo'jaligini hisobga qo'yganlik va reestrlardan ko'chirmalar berganlik uchun hech qanday davlat boji va yig'im undirilmaydi.

    Dehqon xo'jaligi faoliyati 0,06 gektardan 1 gektargacha bo'lgan maydonda, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan fermer xo'jaliklari yoki boshqa qishloq xo'jaligi korxonalari er maydonlarining asosiy ekindan bo'shagan qismini takroriy ekin ekish uchun bir yoki undan ko'p mavsumga ikkilamchi ijaraga olish orqali bo'lsa, 0,06 gektardan 10 gektargacha bo'lgan maydonda yuritiladi. Dehqon xo'jaligi yer uchastkasida yo'nalishi bo'yicha qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan birga, qo'shimcha boshqa qishloq xo'jalik ekinlarini almashlab va qator orasida yetishtirishi mumkin.

    Xo'jalik faoliyati uchun ajratilgan hamda ijaraga berilgan yer uchastkasida binolar, imoratlar va inshootlar, shu jumladan, yer osti inshootlari qurilishi taqiqlanadi. Faqat, yengil konstruktsiyali issiqxona va sug'orish qurilmalarni o'rnatish bundan mustasno, ekani ko'rsatilgan. Shuningdek, yer uchastkasida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish faoliyati bilan birgalikda, 10 shartli bosh chorva hayvonlarini boqishga ruxsat beriladi. Asosiysi, dehqon xo'jaligi o'zining faoliyat yo'nalishi, ekin turlari va hajmlari, ularni yetishtirish usullari hamda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni o'zi mustaqil ravishda belgilaydi.

    Dehqon xo'jaligi qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun talab etiladigan urug'lik, mineral o'g'it va yoqilg'i-moylash materiallarini sotib olish va boshqa moddiy resurslar hamda xizmatlardan foydalanishda boshqa qishloq xo'jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchi subyektlar bilan teng huquqli hisoblanadi. SHu maqsadlarda dehqon xo'jaligining boshlig'i tegishli subyektlar bilan to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzishi yoki birja savdolarida qatnashishi mumkin.

    Bundan tashqari, dehqon xo'jaligi o'z mahsulotlariga bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib mustaqil ravishda narx belgilaydi. Yagona davlat reestridan ko'chirma asosida o'zi yetishtirgan mahsulotlarni qo'shimcha hujjatlarsiz (ruxsatlarsiz) respublika hududida erkin tashish va sotishga ham haqli. O'zi yetishtirgan mahsulotlarni dalasida, dehqon bozorlari va savdo komplekslarida belgilangan tartibda, shuningdek, aholi punktlarida ko'chma savdo tashkil etgan holda sotishi uchun qo'shimcha ruxsatnoma (litsenziya) talab etilmaydi. Uning faoliyati natijasida olingan daromadlar esa soliq solinadigan daromadlar hisoblanmaydi.

    Bir so'z bilan aytganda, yangi tahrirdagi qonun bilan dehqon xo'jaliklariga ko'plab imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqa. Ochig'i, bunday sharoitlar avval dehqonlar, qishloq xo'jaligi yerlari egalari uchun faqat xomhayol edi. Bugun esa ularda Yangi O'zbekistonda yaratilayotgan ana shunday ko'plab imtiyozlardan unumli foydanib, o'z dehqon xo'jaliklarini yanada rivojlantirish, hech kimga qaram bo'lmagan holda, erkin faoliyat yuritish imkoniyati yuzaga kelmoqda.

    Sohibjon HOTAMOV,

    O'zbekiston fermer, dehqon

    xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo'lim boshlig'i