Masalan, yangi asrda insoniyatning jismoniy faolligi keskin cheklandi. Kam harakatlilik esa qator xavfli kasalliklar rivojlanishi uchun omil boʻlmoqda. Ustiga-ustak, notoʻgʻri ovqatlanish, xususan, “fast-fud”, yarim tayyor mahsulotlar, gazlangan ichimliklarning keng ommalashishi sogʻlom turmush tarzini izdan chiqaryapti.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining navbatdagi hisoboti ayni shu global muammoga bagʻishlandi. U hududdagi 33 mamlakatdan toʻplangan tahlillarga asoslangan. Tadqiqotda 6 yoshdan 9 yoshgacha boʻlgan qariyb 411 ming nafar bola ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, mintaqada yashovchi maktab yoshidagi har uch oʻgʻil-qizdan biri ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda. Qator mamlakatlarda bu koʻrsatkich yanada yuqori. Aniqroq aytganda, 7-9 yoshli bolalarning 29 foizi xuddi shu muammoga duchor boʻlgan. Vazn ortishi holatlari qizlarga nisbatan oʻgʻil bolalar orasida yuqori. Bularning barchasi yosh avlod oʻrtasida yurak-qon tomir, qandli diabet, saraton kabi xavfli kasalliklarning rivojlanishi uchun imkon yaratmoqda.
“Biz bu xavotirli koʻrsatkichlarni kamaytirish boʻyicha yanada faolroq harakat qilishimiz kerak, — deydi JSST vakili K. Vikramasingx. — Vaziyatni oʻnglash uchun esa bizga samarali strategiyalar zarur".
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 53 davlatni birlashtirgan Yevropa mintaqaviy byurosi aʼzosi hisoblanadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.