Oʻzbekiston togʻlarida Ipak yoʻlining ikkita shahri qoldiqlari topildi

    Fan 9 Noyabr 2024 517

    Maydoni 12-15 gektar boʻlgan Toshbuloq VI-XI asrlar oraligʻida, taxminan 120 gektar maydonni egallagan Tugunbuloq esa VIII-XI asrlarda joylashgan.

    Nature jurnalida eʼlon qilingan tadqiqotga koʻra, Oʻzbekistonning janubi-sharqidagi togʻlarda ikkita oʻrta asr shahrining qoldiqlari topilgan. Maydoni 12-15 gektar boʻlgan Toshbuloq VI-XI asrlar oraligʻida, taxminan 120 gektar maydonni egallagan Tugunbuloq esa VIII-XI asrlarda joylashgan.

    Tadqiqotchilar LiDAR (Light Detection and Ranging, “yorugʻlikni aniqlash va masofani oʻlchash”) bilan jihozlangan uchuvchisiz uchish apparati yordamida ikkala shaharni xaritalashtirishdi.

    Tugunbuloq va Toshbuloq dengiz sathidan 2000 metrdan baland joylashgan. Bugungi kunda sayyoramiz aholisining 3 foizdan kamrogʻi bunday balandliklarda istiqomat qiladi.

    Olimlarning ishonchi komilki, ogʻir ob-havo sharoitiga qaramay, Tugunbuloq va Toshbuloq gullab-yashnagan va bu hududda katta miqdorda topilgan temir rudasini qazib olish uchun qurilgan. Shaharlar nima uchun tashlab ketilgani hozircha nomaʼlum.

    Tadqiqotchilar guruhiga Vashington universiteti antropologi Maykl Fraketti va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov rahbarlik qildi.

    Ularning topilmasi ming yildan ortiq vaqt avval Markaziy Osiyoning olis togʻlarida shahar hayoti haqidagi tasavvurlarni qayta koʻrib chiqishga undaydi.