Bunda oʻzgartirilayotgan yoki yangi kiritalayotgan normativ qoidalarning Konstitutsiyaviy asosini yaratish esa mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning barqarorligini taʼminlaydi.
Oʻtgan besh yil davomida Harakatlar strategiyasining qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish ustuvor yoʻnalishi boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosiga erishildi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonuni (2021-yil 28-iyul) qabul qilinishi hamda sudyalarni saylash va tayinlash tartibi, sudyalarning maqomi, ularning huquq va majburiyatlari, sudyalarning va ular oila aʼzolarining moddiy hamda ijtimoiy taʼminoti va boshqa shu kabi Harakatlar strategiyasida belgilangan muhim tadbirlar alohida qoida sifatida ushbu qonunda oʻz ifodasini topdi.
OʻZbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida “mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” ikkinchi ustuvor yoʻnalish sifatida mustahkamalangan boʻlib, mazkur yoʻnalishda asosiy maqsadlardan biri davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish hisoblanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishi” belgilangan.
Yuqoridagi normani amalda qoʻllash hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishda keng jamoatchilik fikrini oʻrganish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihada konstitutsiyamiz muqaddimasi, shuningdek, asosiy prinsiplar, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs, maʼmuriy-hududiy va davlat tuzilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish tartibiga oid muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar nazarda tutilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXII bobi Oʻzbekiston Respublikasining sud hokimiyatiga bagʻishlangan boʻlib, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida:
Konstitutsiyaning 109-moddasi 7-bandini quyidagi mazmundagi
7 va 8-bandlar bilan almashtirish:
“7) fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini koʻrib chiqadi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni koʻrib chiqadi”;
Konstitutsiyaning 111-moddasi birinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etish:
“Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining sud korpusi shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlovchi mustaqil organidir”;
Konstitutsiyaning 112-modda birinchi qismidagi “odil sudlovni amalga oshirish borasidagi” degan soʻzlarni chiqarib tashlash, mazkur moddani “Sudyalarni almashtirib boʻlmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga koʻra tugatilishi yoki toʻxtatilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan toʻldirish, “Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda koʻrsatilgan asoslar boʻlgandagina ozod etilishi mumkin” mazmunidagi qismini chiqarib tashlash;
Konstitutsiyaning 116-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif etilgan:
“116-modda. Har kimga malakali yuridik yordam olishga boʻlgan huquq kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam bepul koʻrsatiladi.
Tergovning va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordamga boʻlgan huquq kafolatlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam koʻrsatish uchun mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplariga asoslangan advokatura faoliyat koʻrsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
Advokat shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi”.
Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda boshqa sohalarda boʻlgani kabi sud-huquq sohasidagi ham islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda hamda bu borada strategik harakatlar amalga oshirilmoqda. Loyihada keltirilgan takliflar fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchining ortishiga, ularning huquq va erkinliklari himoyasi, malakali yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlari kafolatlarini mustahkamlashga, qonunbuzilish holatlarini oldini olishga xizmat qiladi.
Ixtiyor Joʻrayev,
TDYUU Ixtisoslashtirilgan
filiali direktori oʻrinbosari,
yuridik fanlar doktori, dotsent