Turkiya nashri: Mamlakat 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritishni xalq ovoziga qo'ymoqda

    Turkiyada nashr etiladigan «Milliyet» gazetasi sahifasida «Yangi O'zbekistonni qurish jarayonida yangi Konstitutsiya referendumi» sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

    Unda mamlakatimiz 2016-yildan buyon “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi ostida mintaqa va jahon siyosatining samarali ishtirokchisi sifatida muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida boshlangan “Uchinchi Renessans” davri va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar barchaning eʼtiborini jalb qilayotgani qayd etilgan.

    Siyosatshunoslik doktori, professor, Anqara inqirozlarni oʻrganish va siyosiy tadqiqotlar markazining rahbari Sayfiddin Erol qalamiga mansub ushbu salmoqli maqolada 30-aprelda boʻlib oʻtadigan navbatdagi referendumda oʻzbek xalqining hukmiga havola etiladigan Yangi Konstitutsiya Oʻzbekistondagi islohotlar jarayonining huquqiy asosini yaratishiga hamda xalqchil siyosiy islohotlarning eng muhim hujjatiga aylanishiga ishonch bildirilgan.

    “Mazkur referendumni mamlakat taraqqiyot strategiyalari va siyosiy liberallashuv yoʻlidagi qadamlarning tasdigʻi sifatida talqin qilish mumkin. Chunki mamlakat istiqlolga erishganidan buyon oʻtgan 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish referendumga, yaʼni xalq ovoziga qoʻyilmoqda. 65 foizi yangilanishi kutilayotgan Konstitutsiyaning moddalari 128 tadan 155 taga, normalari esa 275 tadan 434 tagacha koʻpaymoqda. Konstitutsiyaning xalq ovoziga qoʻyiladigan yangilangan matni oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida xalqning eʼtiboriga havola etildi. Eng muhimi shundaki, yangi Konstitutsiya loyihasi jamoatchilikdan kelgan 222 715 taklifning aksariyati inobatga olingan holda tayyorlangan. Bu esa yangi Konstitutsiyaga nisbatan “Xalq Konstitutsiyasi” tasavvurini kuchaytiradi va demokratlashuv jarayonida muhim bosqichdan oʻtishni taʼminlaydi”, deb yozadi nashr.

    Muallif referendumga qoʻyilayotgan Konstitutsiya matnida mulk daxlsizligi normasi ham kiritilgani holda xorijiy investorlar uchun sarmoya kiritish va biznes yuritish bilan bogʻliq qulay shart-sharoitlar ham tartibga solinishini alohida qayd etgan.

    Shuningdek, maqolada boʻlib oʻtadigan konstitutsiyaviy referendum nafaqat davlat va millat birligini mustahkamlash, balki islohotlar vositasida boshlangan liberallashuv asosidagi taraqqiyotni jamiyatning keng qatlamlariga yetkazish jihatidan ham muhim qadam boʻlishi alohida taʼkidlangan.

    “Oʻzbekiston dunyoga yanada kuchli va ishonchli tarzda ochilib boraveradi. Shubhasiz, xorijiy kapitalning Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotgani islohotlarning taʼsiri va muvaffaqiyati bilan chambarchas bogʻliqdir. Amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar bilan boshqaruvni takomillashtirish, mustahkamlash va shaffoflikni taʼminlash xorijiy investorlarning ham eʼtiborini tortib, Oʻzbekistonni jozibador markazga aylantiradi”, deb yozadi muallif.