Yoshlarning choʻntagiga daromad, hayotiga halovat, roʻzgʻoriga baraka kirmoqda

    Davlatimiz rahbarining joriy yilning 5-aprel kuni davlatimiz rahbarining “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yoshlar hayotining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladigan muhim hujjat boʻldi.

    Ushbu qaror mamlakatimiz yoshlariga yer ajratish boʻyicha butunlay yangicha tizimning joriy etilishiga zamin yaratdi.

    Qaror ijrosi doirasida shu yilning oʻzida “mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan yoshlarga respublika boʻyicha 60 ming gektar yer maydoni 30-yil muddatga ijaraga beriladigan boʻldi. Bunda viloyat hokimliklari zaxirasidagi yer maydonlari elektron onlayn auksion savdolariga qoʻyilib, dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun ijaraga beriladi.

    Bu haqda Prezidentimiz yaqinda Yoshlar kuni munosabati bilan ularga yoʻllagan tabrigida ham alohida qayd etib oʻtdi.

    – Prezidet qarori ijrosi doirasida yer ajratishda alohida tartib joriy etilgani yoshlar hayotida muhim oʻzgarish va tub burilish boʻldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha boʻlgan jarayonni qamrab olgan yangi tizim viloyatimizda ham keng koʻlamda tatbiq etilmoqda. Endilikda yoshlar yer maydonini ijaraga berish boʻyicha “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali dehqonchilik qilishi uchun ijaraga yer olishi va yaxshigina daromad topishi mumkin, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Miraziz Mirsultonov. – Bu jarayonlar “bir massiv – bir mahsulot” tamoyili asosida, yer maydonini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn auksion savdolari orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantirilib, roʻyxatga kiritilgan yoshlar oʻrtasida oʻtkazilmoqda. Auksion savdolarida gʻolib boʻlganlarga 10-yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyati ham berilgan. Muhimi, elektron auksion savdolar orqali ijaraga yer olgan yoshlar oʻzlari turgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan chiqarilmaydi. Ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish huquqi saqlab qolingan. Asosiysi, ijaraga berilgan yerlarni suv bilan taʼminlash, sugʻorish tarmoqlarini tiklash, elektr energiyasi tortish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida viloyat hokimining shaxsan oʻzi ijarachi yoshlarga yaqin koʻmakdosh boʻlmoqda. Bu yangi tizim qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha boʻlgan jarayonni keng qamrab oladi.

    Ayni kunlarda viloyatimiz yoshlari gʻalla hosilidan boʻshagan maydonlarda sabzavot, poliz, dukkakli va boshqa ekinlarning tezpishar navlarini qisqa muddatlarda ekish va parvarishlashga jiddiy kirishgan. Ularning yerdan samarali foydalanayotganligi agentligimizning “Yosh fermerlar” platformasi orqali nazorat qilib boriladi. Yosh dehqonlar tomonidan olib borilayotgan ishlar viloyat hokimi, hudud sektor rahbarlari va “mahalla yettiligi” nazorati ostida har kun tahlil etiladi.

    Prezident qarori asosida olib borilayotgan yangi tizim negizidagi ishlar kam taʼminlangan, koʻmakka muhtoj, ishsiz va xorijdan qaytgan yoshlarni ham moddiy, ham maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

    2-gurh nogironi, Miyonzoirxonning ham soʻnggi kunlarda ruhiyati tetik, qadamlari shijoatli, kayfiyati esa juda chogʻ. Chunki, u endi nafaqat jamiyatga kerakli shaxs, balki ota-onasiga koʻmak berib, roʻzgʻor gʻorini toʻldirishda yaqin koʻmakchi boʻladi. Zangiota tumanining Qirguzar mahallasida istiqomat qiluvchi bu yosh yigit oʻzining tirishqoqoligi, izlanuvchanligi bois qoʻshni Madaniyat mahallasi hududidan yoshlarga ajratilgan yerdan 30 sotixini auksionda yutib oldi.

    – Oilada 3 farzandimiz, akam, ukam va men. Otam usta. Onam “Ayollar daftari”da roʻyxatda turadi. Kontrakt asosida oʻqishga kirganimda pulni qanday toʻlaymiz, deya oʻqimoqchi boʻlmaganman. Shunda onam “bolam, bir iloji boʻlib qolar, har qanday sharoitda ham sen oʻqimishli boʻlishing shart”, deya qatʼiy turib oldi, – deydi 24 yoshli Miyonzoirxon Miyonaxadov. – Insonning omadi chopsa, oy ham zabt etiladi, degan gap aslida haqiqatga yaqinroq ekan. Hech qachon yerim boʻladi, unda dehqonchilik qilib, daromad topaman, deb oʻylamaganman. Prezidentimizning biz, yoshlarga yaratib berayotgan sharoitlarini men yaxshi yashashga imkon, deb bilaman. Endi oʻz yerim bor. Ota-onam bilan maslahatlashib, 40 kunda hosilga kiradigan tez pishar joʻxori ekdik. Xudo xohlsa, yaqin kunlarda hosilni yigʻib olamiz. Bu yilgi oʻqish kontrakt pulimni yarmini Qirguzar mahallasi yoshlar yetakchisi oʻz tavsiyasi asosida toʻlashga yordam bergan edi. Endi qolgan yarmini joʻxoridan oladigan daromadim orqali toʻlamoqchiman. Maqsadim ota-onamga ogʻirligimni tushirmay el koriga yaraydigan farzand boʻlish.

    Maʼlumotlarga koʻra, bir gektar yerdan kamida 25 ming dollar daromad olish imkoni mavjud. Buning uchun yerni tushunish va dehqonchilik ilmini oʻqish kerak ekan. Shuning uchun ham bugungi kunda qoʻlida ishi boʻlmagan yoki doimiy daromadga ega boʻlmagan yoshlar “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida hosil yetishtirishadi. Buning natijasida mamlakatimizda ilgʻor, shijoatli yosh dehqonlar safi kun sayin ortib bormoqda.

    – Yer berilsa-yu, undan unumli va samarali foydalanilmay, yetarli darajada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishirilmay, qaqrab qolsa-chi? Shuning uchun ham davlatimiz tomonidan yoshlarga avval yer ilmini oʻrgatib, dala ekinlarini ekish boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirib, keyin yer berilmoqda. Bu boradagi ishlarni amalga oshirishda “mahalla yettiligi”ning hissasi katta. Ularning taklifi bilan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan, oʻz ishiga va daromadiga ega boʻlmagan, chetdan qaytgan yoshlarga Toshkent davlat agrar universiti professor-oʻqituvchilari tomonidan mahsulot yetishtirish va uni parvarishlashdagi muhim jihatlar yuzasidan bilim va tavsiyalar ham berilmoqda, – deydi M. Mirsultonov.

    Prezidentimizning yuqoridagi qarori asosida hayotga tatbiq etilgan yangi tizim qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha boʻlgan zanjirni qamrab olgani bilan yanada ahamiyatli. Yoshlarning bandligi taʼminlanib, choʻntagiga daromad, hayotiga halovat, roʻgʻoriga baraka kirib borayotir. Aslida eng muhimi ham shu.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri