1 mln 200 mingta kambag'al oila ro'yxati shakllantirilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritildi

    Yil yakuniga qadar respublikamizda 127 ming 500 ta oila kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasini 12 foizga tushirish choralari koʻrilmoqda.

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 2023-yilga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha amalga oshirgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ham bir qator vazifalar belgilangan. Farmon va qarorda vazirlik tizimiga 37 ta bandda, shundan asosiy ijrochi sifatida 26 ta, hamijrochi sifatida 11 ta bandda ustuvor vazifalar aks etgan.

    12 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqishda asosiy ijrochi, 4 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqishda tegishli idoralar bilan birgalikda hamijrochi sifatida ishtirok etadi. Shuningdek, vazirlik tomonidan 16 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, 21 ta amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

    Joriy yil yakuniga qadar vazirlik asosiy ijrochi boʻlgan 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, 14 ta amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish boʻyicha vazirlik va idoralar bilan tizimli hamkorlik oʻrnatilib bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

    1 million 200 ming kambagʻal oilalar roʻyxati shakllantirilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritildi. Hokim yordamchilari tomonidan har bir oilani kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual dasturlar ishlab chiqilib, “Onlayn mahalla” platformasiga joylashtirildi. Bundan tashqari, oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha reglament tasdiqlandi.

    Yil yakuniga qadar respublikamizda 127 ming 500 ta oila kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasini 12 foizga tushirish choralari koʻrilmoqda.