Bugungi kunda, GESlar va suv omborlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarini xavfsiz va barqaror ishlashini taʼminlashda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, nazorat-oʻlchov qurilmalaridan olinayotgan maʼlumotlarni inson omilisiz avtomatik diagnostika va onlayn monitoring qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, “Oʻzbekgidroenergo” AJ ham, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda ilk marotaba gidrotexnika inshootlarini raqamlashtirish maqsadida sohadagi ilgʻor AQSH, Kanada, Angliya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya va Xitoy davlatlarining nufuzli kompaniyalari ijobiy tajribasini oʻrganib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida texnik va tashkiliy uzilishlarni bartaraf etish hamda axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish yoʻli bilan gidroenergetikada gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan axborot tizimlarining yagona majmuasi hisoblangan – “Vaziyatlar markazi”ni ishga tushirdi.
Markaz joylardagi tizimlarning uzluksiz ishlashini taʼminlab, Jamiyat tasarrufidagi jami 6 ta suv ombori hamda 80 tadan ziyod katta va kichik GESlarni real vaqt rejimida mukammal kuzatish va tahlil qilish imkoniyatini yaratdi.
Shuningdek, chuqur oʻrganishlar asosida Jamiyat tasarrufidagi suv omborlarini xavfsiz ishlashini taʼminlab borish maqsadida barcha turdagi nazorat-oʻlchov qurilmalariga zamonaviy datchiklar oʻrnatilib, maʼlumotlarni onlayn tarzda yuqori aniqlikda uzatish, suv omborlari xavfsizlik holatini doimiy monitoring qilish hamda hodisalarni elektron tarzda avtomatik qayd etishga erishildi. Bunda, Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining jami 1 500 ga yaqin zamonaviy va yuqori aniqlikdagi qurilma va jihozlari (datchiklar) obyektlarga oʻrnatildi.
Bu orqali olinayotgan axborotlarning ishonchliligi va tezkorligi oshib, suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlari uchun ishlab chiqilgan miqdor va sifat tashxis koʻrsatkichlari bilan bogʻliq xavfsizlik mezonlarini inson omilisiz onlayn tarzda nazorat qilish, baholash, ularni operativ tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yaratildi.
Bu orqali olinayotgan axborotlarning ishonchliligi va tezkorligi oshib, suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlari texnik holatini va xavfli jarayonlarni oldindan baholash, inson omilisiz onlayn nazorat qilish, ularni operativ tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yuzaga keldi.
Yana bir muhim jihat, amalga oshirilgan barcha raqamlashtirish va avtomatlashtirish chora-tadbirlari asnosida, respublikamizda birinchi marotaba mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, suv omborlari uchun “Xavfsizlik mezonlari” ishlab chiqildi. Bunda, suv omborini xavfsiz ishlatish boʻyicha mezoniy koʻrsatkichlar belgilandi. Bugungi kunda “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvidagi suv omborlarida toʻliq avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.
Bundan tashqari, Germaniyaning “Yer tadqiqotlari markazi”ning “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi tomonidan hududda suv zaxiralarini aniqlash, uzluksiz kosmik kuzatuvlarga asoslangan suv zaxirasini monitoring qilish “MODSNOW” dasturi tizimda joriy etildi. Bu bilan dasturiy taʼminotda sunʼiy yoʻldoshdan olingan foto- va video-suratlar yordamida matematik hisoblarni amalga oshirish orqali qor zaxirasini katta aniqlik bilan hisoblash imkoni yaratildi.
Ushbu Markaz faoliyati tizimdagi GESlar hamda suv omborlari joriy faoliyatini toʻliq qamrab olgan raqamlashtirish jarayonini oʻz ichiga olib, elektr energiya ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GESlar va suv omborlarida oʻrnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilgʻor asbob-uskunalar va nazorat-oʻlchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga moʻljallangan.
Bundan tashqari, Jamiyatning Raqamli transformatsiyasi dasturi doirasida markazdagi maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlash, xavfsiz aloqa tizimini joriy etish, turli zararli dasturlardan himoya qilish boʻyicha korporativ tarmoq joriy etildi.
Jamiyat maʼmuriy binosida maʼlumotlarni qayta ishlovchi markaz faoliyati (SOD) yoʻlga qoʻyildi.
Tizimdagi barcha GES va suv omborlarida markazlashgan IP-telefoniya tizimi foydalanishga topshirildi.
Zamon talabidan kelib chiqib, tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimlari barpo etildi. Barcha tizim korxonalarida 1 000 dan ortiq yangi avlod kameralari bilan jihozlanib, Vaziyatlar markaziga maʼlumotlar toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn uzatib borilishi taʼminlandi.
Qolaversa, biron-bir axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni Markaz orqali tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish mumkin boʻladi.
Eng avvalo, “Vaziyatlar markazi”ning tashkil etilishi natijasida gidroenergetika sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Albatta, axborot tizimi va dasturiy taʼminot joriy etildimi, uning xavfsizligi taʼminlanishi zarur. Buning uchun Jamiyat tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda kiberxavflarni aniqlash va ularga tezkor choralar koʻrish, maʼlumotlar maxfiyligi va xavfsizligini taʼminlash, uchinchi shaxslar ulardan gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanishining oldini olish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrildi.
“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati erishilgan natijalar bilan kifoyalanmasdan, kelgusida sohani raqamlashtirish borasida koʻplab islohotlarni amalga oshirilishini oʻzi uchun belgilab olgan.
Yangi “Vaziyatlar markazi“ esa, bu borada oʻziga xos mustahkam poydevor vazifasini oʻtashi, shubhasiz.
Hamkorlik materiali