Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda koʻplab talabalar oʻqishni ish bilan birga olib bormoqda va sirtqi yoki kechki boʻlimlarda tahsil olmoqda, biroq bunday shakllar “zamonaviy talablarga javob bermaydi”.
«Dunyoda boshqa yondashuvlar — masofaviy, uzaytirilgan taʼlim qoʻllanilmoqda. Yaʼni talaba dasturni toʻrt yilda emas, balki besh-olti yilda, oʻzi uchun qulay boʻlgan surʼatda, fanlar va oʻqish yillarini tanlagan holda oʻtashi mumkin», — dedi vazir.
Uning taʼkidlashicha, kadrlar tayyorlash tizimi bozor talablariga mos boʻlishi kerak.
Qoʻngʻirotboy Sharipov, shuningdek, oʻtgan yili Prezident mamlakat sanoatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun muhandis kadrlarni, ayniqsa yoshlar orasida tayyorlash vazifasini qoʻyganini eslatdi.
Shu munosabat bilan aprel oyi “Muhandislik oyligi” deb eʼlon qilindi. Uning doirasida uchta — “Eng yaxshi gʻoya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovi oʻtkaziladi. Unda talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan oʻqituvchilar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishlari mumkin.
Gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalarga ega boʻladilar:
- birinchi oʻrin uchun — 9 ta elektromobil;
- ikkinchisi uchun — rivojlangan mamlakatlarda (Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqalar) stajirovka oʻtash;
- uchinchi oʻrin uchun — BHMning 100 baravari (37,5 mln soʻm) miqdorida mukofot.
Vazirning soʻzlariga koʻra, tanlovga 2000 ga yaqin loyiha topshirilgan boʻlib, ulardan 67 tasi allaqachon ishlab chiqarishga joriy etilgan va ishtirokchilarning umumiy soni 5000 dan oshgan.