Unga koʻra, bu yil yoz quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1–7-iyun kunlari respublika boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin +35– +38 darajagacha, shimolda, janubda va choʻl hududlarda +40 darajagacha koʻtariladi.
Keyinchalik oy oxirigacha harorat +33– +38 darajadan +25– +30 darajagacha oʻzgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va choʻl hududlarida eng issiq kunlarda harorat +39– +41 darajagacha boʻladi.
Birinchi oʻn kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda ayrim kunlari qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor.
Taʼkidlanishicha, bu yil issiq kunlar aprel oyida ham kuzatilganligi sababli, “Ushbu yilning yoz fasli qanday boʻladi?” degan savol koʻpchilikni qiziqtirib kelmoqda. Oʻzgidromet bu savolga javob berish juda murakkabligini bildirdi.
Sayyoramizda sodir boʻlayotgan global isish haqiqatan ham yozning juda issiq boʻlish xavfini oshiradigan omillardan biridir. Shu bilan birga, global isish yillararo yuqori oʻzgaruvchanlik fonida sodir boʻlmoqda. Bu har bir keyingi yoz fasli avvalgisiga qaraganda iliqroq boʻladi degani emas, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, okeanlardan uzatiladigan issiqlik ham havo haroratining oshishiga sabab boʻladi. Biroq, bu issiqlik butun dunyo boʻylab qanday taqsimlanishini aytib boʻlmaydi.
Oʻzbekistonda yoz asosan quruq va issiq boʻladi – bu bizning Oʻrta Osiyo iqlimimizning oʻziga xos xususiyatlaridan biridir. Bundan tashqari, soʻnggi 50-yil ichida yoz fasllarida oʻrtacha harorat koʻtarilishining barqaror tendensiyasi kuzatilib kelinmoqda, — deyiladi xabarda.
“Oʻzgidromet”ning jahon prognozlash markazlari hisob-kitoblariga asoslangan dastlabki bahosiga koʻra, bu yilgi yoz faslining oʻrtacha harorati meʼyordan biroz yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, yozgi mavsum davomida ekstremal qiymatlarga yaqin boʻlgan havo harorati bilan juda issiq ob-havo davrlari ham qayd etiladi. Ammo yoz uchun nisbatan qulay harorat fonida issiqning pasayish davrlari ham kuzatiladi.