“Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi” – deb taʼkidlab oʻtdi davlatimiz rahbari.

Shu maʼnoda, “Navoiyuran“ davlat korxonasida mazkur korrupsiyaga qarshi qatʼiy pozitsiya va amaliy chora-tadbirlar bilan hamohang ravishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, korxonada xalqaro ISO 37001 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti” va ISO 37301 “Komplayens menejmenti” tizimlari boʻyicha standartlar joriy etildi va ularning talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatlashtirish auditi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Joriy yilning 5-iyun kuni “CERT International” xalqaro sertifikatlash tashkilotining bosh auditori Riad Ibragimov mazkur standartlar boʻyicha sertifikatlarni “Navoiyuran“ davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevga tantanali ravishda topshirdi va korxona jamoasining ESG sohasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, kelgusidagi loyihalarda muvaffaqiyatlar tiladi.

Mazkur sertifikatlar korxonada korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan samarali boshqaruv tizimi mavjudligini hamda komplayens-menejment sohasidagi jahon andozalariga muvofiq ravishda ish yuritilayotganini koʻrsatadi.

Bunga qadar “Navoiyuran“ DK tomonidan beshta ISO xalqaro standarti — ISO 9001 “Sifat menejmenti”, ISO 14001 “Ekologik menejmenti”, ISO 45001 “Mehnatni muhofazasi va texnika xavfsizligini taʼminlash menejmenti”, ISO 27001 “Axborot xavfsizligi menejmenti” va ISO 50001 “Energetika menejmenti” amaliyotga joriy qilingan va tegishli sertifikatlar qoʻlga kiritilgan edi.

Shu tariqa, xalqaro ISO standartlari sonining 7 taga yetkazilishi “Navoiyuran“ DKning xalqaro talablarga mos korporativ boshqaruv, ijtimoiy masʼuliyat va ekologik barqarorlik sohalaridagi islohotlarga sodiq ekanini yana bir bor namoyon etdi. Oʻz navbatida ushbu yutuq korxonaning xalqaro ESG reytingini yanada yaxshilash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.


“Navoiyuran“ DK PR xizmati


Hamkorlik materiali