Maʼlumotlarga koʻra, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Termiz aeroporti” chegara bojxona postida xorijga yoʻl olgan fuqaro belgilangan tartibda nazoratdan oʻtkazilgan. Tekshiruv paytida uning qoʻl yuklari orasidan ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan, arab yozuvida bitiklar mavjud boʻlgan 5 dona qadimiy metall tanga topilgan.

Topilmalarning haqiqiy qiymatini aniqlash uchun badiiy ekspertiza tayinlangan. Mutaxassislar xulosasiga koʻra, mazkur tangalar XVI asrga oid boʻlib, ularda arab yozuvida diniy iboralar va hukmdor nomlari bitilgan. Shu asosda ular madaniy boylik sifatida eʼtirof etilgan.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-sonli qaroriga muvofiq, yaratilganiga 50-yil va undan ortiq vaqt oʻtgan madaniy boyliklarni mamlakatdan olib chiqish taqiqlanadi.

Hozirda ashyoviy dalillar Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.