Joriy yil 18-fevralida Prezidentimiz “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Mazkur qonun soʻnggi yillarda mamlakatimizda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, bank tizimida biznes yuritish uchun raqobat muhitini, shuningdek, xalqaro standartlarga mos keluvchi huquqiy asosni yaratish boʻyicha tizimli ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Xususan, 2019-yilda “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatimiz bank tizimini isloh qilishning yangi bosqichi boshlanishi uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Bunda banklar faoliyatini nazorat qilishning amaldagi tartibi, jumladan, mijozlarga xizmat koʻrsatish jarayoni bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish tizimidan xatarlarni boshqarishga asoslangan, yaʼni yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni nazorat qilish tizimiga oʻtildi.
Bank-moliya tizimining uzoq muddatli barqarorligini taʼminlashda keyingi muhim bosqich — omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish hamda toʻlovga layoqatsiz banklarni sanatsiya qilish tizimini yaratish bilan bogʻliq. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan Jahon banki ekspertlari bilan birga xalqaro standartlar asosida “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Ushbu loyihani davlatimiz rahbari maʼqulladi. Endi omonatlar borasida qator yangiliklar joriy etilmoqda. Jumladan, qonun bilan kafolatlangan omonat miqdori bitta bankda bir omonatchiga 200 million soʻm etib belgilandi. Shu bilan birga, endi aholi omonati bilan birga yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning ham omonati kafolatlanadi.
Kafolatlangan omonat miqdori 200 million soʻmni tashkil etishi bankka undan koʻp pul qoʻyish mumkin emasligini anglatmaydi. Omonatni bu miqdorda kafolatlash bank tugatilgan taqdirdagina qoʻllanadi. Aks holda, banklar omonat boʻyicha majburiyatini shartnoma asosida bajaraveradi.
Bundan tashqari, mazkur qonun talablari u kuchga kirgunga qadar aholining bankka qoʻyilgan muddatli va jamgʻarma omonatlariga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi. Yaʼni ular shartnoma muddati tugagunga qadar toʻliq kafolatlangan boʻladi.
Bugun faoliyat yuritayotgan Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi negizida Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etiladi. Bank tugatilgan taqdirda kafolatlangan omonat egalariga kompensatsiyalar toʻlab berish uning asosiy vazifalaridan biridir. Bunda bank tugatilayotganda kafolatlangan omonat boʻyicha kompensatsiyalarni toʻlash muddati 20 ish kunidan bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirildi. Avval ushbu muddat 83 kun edi. Bank yopilishi natijasida mablagʻining 200 million soʻmdan ortiq qismini yoʻqotishdan xavotirlangan omonatchilar pulini boʻlib-boʻlib, bir nechta bankka joylashtirishi va toʻliq kafolatga ega boʻlishi mumkin.
Qonunda kompensatsiya toʻlab berish manbasi hisoblanadigan banklar tomonidan agentlik tarkibidagi Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasiga toʻlanadigan badallar turi, mazkur jamgʻarmaning maqsadli miqdori, jamgʻarma mablagʻi taqchilligi yuzaga kelganda uni hal etish manbalariga ham aniqlik kiritilgan.
Bundan tashqari, Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi mablagʻlari yetarli darajada boʻlishini taʼminlash maqsadida yuqori likvidli (7 ish kunida pulga aylantirilishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajasi past) aktivlarga investitsiya qilinishi mumkinligi belgilangan.
Umuman olganda, pulni banklarda saqlash uyda saqlashdan ancha xavfsiz va manfaatli. Chunki mamlakatimiz bank tizimi barqaror rivojlanmoqda, kapital va likvidlilik holati xalqaro talablarda belgilanganidan yuqori.
“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun haqidagi batafsil maʼlumotlarni Markaziy bankning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, finlit.uz sayti, Omonatlarni kafolatlash agentligi rasmiy veb-saytini kuzatib borish orqali olish mumkin.
Akmal NAZAROV,
Markaziy bank departamenti direktori