2021-yil yakuni va 2022-yilning birinchi choragi boʻyicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi tanqidiy koʻrib chiqildi

    Moliya 8 Iyul 2022 2092

    Oliy Majlis Senatining 2022-yil 8-iyulda boʻlib oʻtgan 28-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2021-yil yakuni boʻyicha ijrosi va 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlari muhokama etildi.

    Respublikamiza amalga oshirilgan samarali fiskal va monetar siyosat natijasida iqtisodiyotimizni oʻsish suratlari 2021-yilda 7,4 foizni tashkil etdi. 2022-yilning I choragida yalpi ichki mahsulot hajmini 5,8 foizga oʻsishi taʼminlangan.

    Davlat byudjeti daromadlari hajmi 2021-yilda oldingi yilga nisbatan deyarli 32 trillion soʻmga oʻsgan. Joriy yilning birinchi choragida ham ijobiy oʻsish suratlari saqlanib qolingan. 2022-yilning I choragida Davlat byudjeti daromadlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8 trillion soʻmga koʻpaygan.

    Davlat byudjeti daromadlari oʻsishiga soʻnggi yillardagi soliq siyosatining oʻzgartirilishi, iqtisodiyot sohalarida olib borilayotgan islohotlar hisobiga soliq bazasining kengaytirilishi taʼsir koʻrsatganligi qayd etildi.

    Davlat byudjetining xarajatlarini moliyalashtirilishi taʼminlangan. Jumladan, 2021-yilda ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 39 trillion 641 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Shuningdek, 2021-yilda sogʻliqni saqlash sohasiga 2020-yilga nisbatan 20 foizga koʻp mablagʻlar ajratilgan.

    Mahalliy byudjetlarning 2021-yilgi daromadlari dastlabki prognoz koʻrsatkichlariga nisbatan 119 foizni, 2022-yilning birinchi choragida esa 112 foizni tashkil etgan. Mahalliy byudjetlarning xarajatlari ham rejaga nisbatan 111 foizga ijro etilib, 65,5 trillion soʻmni tashkil etgan.

    Senat aʼzolari muhokamalar jarayonida soliq va bojxona idoralari tomonidan belgilangan davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliqlarning undiruvchanlik darajasiga, soliq qarzdorligini va ortiqcha toʻlovlarni qisqartirish masalasiga asosiy eʼtibor qaratdilar.

    Shuningdek, mahalliy byudjetlarning ijrosi va belgilangan prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanilishi borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

    Senatorlar tomonidan “Ochiq byudjet” portali orqali mahalliy byudjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan jamoatchilik fikrining hisobga olinishi holati yuzasidan ham oʻz munosabatlari bildirilib, bu borada shaffoflikni taʼminlash va fuqarolarni keng ishtirokini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

    Davlat byudjeti daromadlari hamda xarajatlari ijrosini taʼminlashda, byudjet davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanishda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi qayd etilib, yoʻl qoʻyilayotgan xato-kamchiliklar, ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar kabi dolzarb masalalarga va ularning yechimiga qaratildi.

    Xususan byudjetga boqimanda qarzdorlik 2022-yil 1-yanvar holatiga 2021-yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravarga oshib, yirik soliq toʻlovchilarning soliq qarzi 3,5 baravar oʻsgan. Aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan 2 trillion 28 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarning 29,5 foizigina oʻzlashtirilgan, xolos.

    Shuningdek, Davlat xaridlari sohasida yetarlicha nazorat oʻrnatilmaganligi oqibatida davlat buyurtmachilari tomonidan xaridlarning raqobatli usullarini chetlab oʻtib, qonunchilikka zid ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilayotgan holatlari mavjudligi tanqid qilinib, bu borada kamchilikka yoʻl qoʻyayotgan xodimlarni masʼulyati koʻrib chiqilishi lozimligi toʻgʻrisida tegishli tavsiyalar berildi.

    Byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan oʻtkazilgan 7 133 ta moliyaviy nazorat tadbirining 5 380 tasida yoki 75 foizida 122 milliard 800 million soʻmlik kamomad, 949 milliard 300 million soʻmlik noqonuniy xarajatlar aniqlangan.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining daromadlar prognoz koʻrsatkichlari oʻzgartirilishi yuzasidan tegishli qarorlari qabul qilinmagan.

    Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.