Axborot berilishicha, Qonunda keyingi yilda iqtisodiy oʻsish darajasi 6 foiz, inflyatsiya darajasi 9 foiz, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorda, shuningdek, yangidan imzolanadigan davlat tashqi qarzi yuqori chegarasi 4,5 milliard dollar miqdorida prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, davlat byudjeti daromadlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25,6 foiz miqdorida belgilanmoqda.
Qonun bilan ijtimoiy soha xarajatlarining qariyb 45 foizi taʼlim sohasiga, xususan, maktabgacha taʼlim muassasalariga 8,6 trillion soʻm, xalq taʼlimiga 30,8 trillion soʻm, oʻrta maxsus va oliy taʼlimga 7,5 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, 2022-yilda Davlat byudjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga (markazlashgan investitsiya xarajatlari bilan birga) 24,0 trillion soʻm mablagʻ yoki 2021-yil tasdiqlangan rejaga nisbatan 3,5 trillion soʻm yoki 17 foizga koʻp mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlariga qoʻshimcha tarzda yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi tushumlarini tumanlar va shaharlar byudjetlariga yoʻnaltirish vakolati berilmoqda.
2021-yilgi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi umumtaʼlim muassasalari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shuningdek sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjetidan amalga oshirish belgilangan. 2022-yildan boshlab Qonun bilan ushbu mexanizm boshqa barcha viloyatlarga joriy etilmoqda.
Ushbu Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari masʼuliyati va manfaatdorligini kuchaytirish, vakolatlarini kengaytirish maqsadida advokatlar tomonidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun haq toʻlash, koʻp kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni taʼmirlash xarajatlari va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik taʼminoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital taʼmirlash xarajatlari mahalliy byudjetlarga oʻtkazilmoqda.
Qonun bilan soliq toʻlovchilar oʻzlari toʻlayotgan soliqlardan qilinadigan xarajatlar yoki ularning taqsimlanishida bevosita ishtirok etish va shaffoflikni taʼminlash maqsadida respublikaning barcha tuman (shahar)larida tasdiqlangan umumiy xarajatlarning 5 foizi, shuningdek, tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilishi belgilanmoqda.
Davra suhbatida shuningdek, 2022-yil uchun soliq-bojxona siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha boʻladigan oʻzgarishlar, jumladan, samarasiz soliq va bojxona imtiyozlarni bekor qilish, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini oʻzgartirish kabi asosiy soliq turlari boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga tegishli tavsiyalar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.