23 yoshli maorif vazirining olamshumul loyihalari

    Madaniyat 18 Iyun 2023 1512

    Shoʻro qatagʻoniga uchragan oʻzbek vazirlari safida bugungi qahramonimiz OʻzSSR Maorif xalq komissari Rahim Inogʻomov ham bor. U vazir rutbasini olganida bor-yoʻgʻi 23 yoshda boʻlgan.

    Rahim Inogʻomovning tashabbusi ostida ish boshlagan “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnali bugun oʻsha davrni koʻz oldimizga keltirish uchun misoli ensiklopedik manba. “Oʻzbekiston ziyolilari” risolasi, koʻplab maqolalari uning teran tafakkur egasi, jasoratli va haqiqiy millat fidoyisi boʻlganidan darak beradi.

    “Maskavda oʻzbek istudentlari” maqolasi qahramoni

    Rahim Oxunjonovich Inogʻomov 1902-yil dekabr oyida Toshkent shahrida tugʻilgan. Avval eski maktabda soʻng rus-tuzem maktabida oʻqigan. Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabini bitirib, qalbiga millat va Vatan muhabbatini jo qildi. 1918-yildan Said Ahroriyning “Izchilar toʻdasi”da, 1919—1921-yillar Fitratning “Chigʻatoy gurungi”da ishtirok etib, oʻz davrining ilgʻor fikrli yoshlaridan biriga aylanadi.

    Bilimga tashna va fikri oʻtkir oʻzbek yigiti 1921–1924-yillarda Moskvadagi Sverdlov nomidagi kommunistik universitetida oʻqidi. Turkistonlik talabalarlardan Abdulla Qamchinbek “Turkiston” gazetasining 1923-yil 6-aprel sonida “Maskavda oʻzbek istudentlari” maqolasida Moskvada “...oʻtgan yil 10–15 nafar oʻzbek istudenti boʻlsa, bu yil yuzlabdirlar. Ular: Karl Marks institutida injener elektrik Sayyid Xoʻjayev 1915-yildan buyon Moskvada oʻqiydi. 2. Qishloq xoʻjalik akademiyasida kattaqoʻrgʻonlik Ortiqmurod Yoʻldoshev. 3. Hukumat dorulfununi yuridik fakultetida Aliakbar Qirgʻizboyev (namanganlik). 4.Sverdlov universitetida Akmal Ikromov va Rahim Inogʻomov. 5. Petrograd Zinovyev dorulfununida Saidahmad Nazir oʻgʻli. 6. Maskav Sharq dorulfununining turli tayyorlov boʻlimlarida 23 oʻzbek (5 ta qiz). 7. Maskav Rabfakda 37 oʻzbek... Maskavda turkistonlik oʻzbeklar soni 106 ta...” deya maʼlumot beradi.

    Rahim Inogʻomov 1922—1923-yillar Moskvada Akmal Ikromov, Usmonxon Eshonxoʻjayev, Abdullajon Karimov kabi turkistonlik talabalar bilan “soʻl kommunistlar” nomli guruh tashkil etishadi. Ular Oktyabr inqilobi Turkiston mehnatkashlariga hech qanday ozodlik bermadi, “biz hamon Rossiya koloniyasi holidamiz” der edilar va hatto, SSSR MIQga ham xat yoʻllaydi. Rahim Inogʻomov Sverdlov kommunistik universitetini tugatganidan soʻng tahsilni sharqshunoslik institutida davom ettiradi. Ayni paytda Turkiston matbuoti sahifalarida ham oʻz maqolalari bilan koʻrina boshlaydi.

    “Oʻzgar ishchi yoshlar” jurnalining 1924-yil 30-iyul 5-sonida “Dunyoning ahvollaridan” maqolasida yoshlarning xalqaro ahvoldan habardor boʻlish uchun vaqtli matbuot gazeta va jurnallarni doimiy kuzatib borishi zarurligini uqtiradi. Shuningdek, dunyoda kechayotgan oʻzgarishlarni jahonning rivojlangan mamlakatlari oʻrtasida neft uchun, gegemonlik uchun, dunyo boyliklarini qayta taqsimlash uchun boradigan tinimsiz kurashlari orqali tushuntiradi. “Anglatara” maqolasida esa Buyuk Britaniya davlati va uning jahon siyosatidagi oʻrni haqida jurnalxonlar bilan oʻz mulohazalarini oʻrtoqlashadi. Markaziy nashrlar materiallari asosida Rahim Inogʻomov sovet davlatining tashqi siyosatida Buyuk Britaniya va Loyd Jorj hukumati bilan kechayotgan voqeliklarning ayrim qirralarni tushuntirishga intiladi.

    “Maorif va oʻqitgʻuvchi”ning tashabbuskori

    1925-yil Toshkentga kelgan R. Inogʻomov Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissari lavozimiga tayinlangan. Uning tashabbusi bilan maorif komissarligining nashri afkori sifatida “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnali taʼsis etildi. Ayni paytda jurnalning bosh muharriri Rahim Inogʻomov zoʻr gʻayrat bilan ishga kirishdi va jurnalning ilk sonida u “Butun maorif idoralariga va maorif ishchilariga”murojaat qilib, “Bu chiqorilgan jurnolning hozirgi maorif maydonidagi ehtiyojlarimizda katta rol oʻynashida shubhamiz yoʻqdir. Mamlakatning shunday jurnollar bilan toʻlishin istar edik. Lekin baxtga qarshi koʻp qiyin sharoitlar orqasida birdan bir oʻzbek tilida shu bittagina jurnol maydonga keladir. Men bu yerda jurnalning ahamiyati va qiyinchiliklari hamda maorif haqida vazifalari toʻgʻrisida toʻxtalmayman. Yolgʻiz shuni aytib ketmakchiman kim, buni bir jurnal, qishloq shahar maorif xodimlarigina emas, balkim elning yuksalishiga ishlayturgʻon qurol boʻlishi uchun barchamizning jiddiy ishtirokimiz kerak deb bilaman”, deydi. Shuningdek, muallif butun maorif idoralari bu jurnalni oʻz qoʻllarida saqlashlari lozimligini aytib oʻtadi.

    Jurnalning davomiyligini taʼminlash uchun har bir oʻqituvchi doʻstlar jurnalga obuna boʻlishi va ushbu nashrning targʻibotiga, koʻproq tarqatilishiga koʻmak etishi hamda mahallalarning turli holatlari, kamchiliklaridan yozib turishi zarurligini taʼkidlaydi. Chunki oʻsha davrda jurnalning maʼnaviy va moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlash juda muhim edi. Qolaversa, maorif borasida jon kuydiradigan boshqa jurnal ham boʻlmagan.

    Rahim Inogʻomov keyingi maqolasida sovet maktablari va ularda dars berayotgan oʻqituvchilarning ahvoli haqida xabar beradi. Kishini taajjubga soladigan tomoni muallif juda yosh va endigina universitetni bitirib kelganiga qaramay, muammoga oʻz ishining tub mohiyatini anglagan holda yondashadi. Jumladan, “...Bizda maktab masalasi anchagina qiyin masala. Chunki, bizning yashaydirgon sharoitlar ichida shoʻro mehnat maktabini tuzish shubhasiz oson emasdir. Lekin, shunday boʻlsa ham mamlakatda boʻlgan dardlik harakat ishini ilgariga surib amalda bir necha jonli natijalardan uzoqlanmadi. Maktab masalasida birinchi oʻrinni oʻqitgʻuvchilar oladi. Bizdagi oʻqitgʻuvchilar, koʻpchilik bilan soʻylaganda hatto 3—4 yillik tartibli oʻqish koʻrmagandirlar. Shuning uchun oʻqitgʻuvchilar yetkazish masalasiga qancha ahamiyat bersak, oʻqitgʻuvchilarning bilimlarin koʻtaruvga ham shuncha ahamiyat bermak kerak”, deydi.

    Bizda oʻqishni istaganlar minglab bor...

    Rahim Oxunjon oʻgʻli 1925-yil oktyabr kuni Oʻzbekiston komsomoli markaziy qoʻmitasi majlisida maʼruza bilan ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida balandparvoz raqamlardan chekinib, barcha muammolarni va holatni roʻy-rost bayon qiladi: “...Bizda oʻqishni istaganlar minglab bor, ammo biz ularning hammasini maktablarimizga joylolmaymiz... Misol oʻrnida aytaman kim, bu yil ichida hatto kelgusi 5 yil zarfinda ham biz butun maktab binolarini yangidan solib bitira olmaymiz. Bizning vazifamiz bor – orqada qolgʻon viloyatlarda maktablarning sonini 100 foizga yetkazish, biroq buni ham qila olmaymiz deb qoʻrqaman. Chunki, maktab uchun binolar yoʻqdir. Bunday ishlar uchun bizga judayam oz pul beriladir. Davlat budjetidan maktab taʼmiri va binosi uchun 140 ming soʻm beriladir. Vaholanki, maktab binolarimizning 50—70 foizi ishga yaramayturgʻon binolardir”.

    Shuningdek, maʼruzada mamlakatda savodsizlikni tugatish kurslari, maktab va internatlar, dehqon yoshlar maktablari, fabrika va zavod maktablarini ochish uchun harakatda ekani haqida axborot beradi. Rahim Inogʻomov har bir tadbirning samarasi uchun javobgarlikni chuqur his etgan holda yondashadi. Jumladan, “Dehqon yoshlar maktablarini shaharlarda emas qishloqlarda ochdik. Boisi, oʻquvchilar orttirgan ilmlarini bevosita dalada tajribadan oʻtkazib koʻrsinlar”, deydi. Shuningdek, fabrika va zavod maktablari uchun ham, avvalo, darsliklar va oʻqituvchilar armiyasi zarurligi, ularni oddiy kurslar yordamida yetishtirib boʻlmasligini taʼkidlaydi. Bu esa oʻz davri, hatto bugungi kunimiz uchun ham sifatli kadrlar tayyorlashda oʻta muhim boʻlgan jihatdir.

    Jadid ziyolilarining ilk yutuqlari

    1926-yildan Rahim Inogʻomov Maorif xalq komissari lavozimidan olinib, Oʻzbekiston Kompartiyasi MK matbuot boʻlimi mudiri lavozimiga oʻtkaziladi. “Maorif va oʻqituvchi” jurnalining 1926-yil 9-sonida “Toʻlgan toʻqqiz yilni ham koʻrsinlar” maqolasida Oʻzbekistonning maorif sohasidagi muvaffaqiyatlarini sarhisob qilib, jumladan, “1925—1926-yilda hammasi 508 ta yangi maktablar ochildi. Albatta, bu xalqda boʻlgan buyuk ehtiyojni oʻtay olmaydir, chunki xalq ehtiyoji juda kattadir. Yana internatlar (76 ta), maktabgacha muassasalar (37 ta) va ikkinchi bosqich (39 ta) maktablari bordir. ...Hozirda 37 ta ixtisosli maorif muassasasi boʻlib, 5250 oʻquvchiga egadirmiz. 17 bilim yurtida 2685 oʻquvchi. Hozirda qishloq xoʻjaligi sohasida oʻqituvchilar tayyorlash boʻyicha 7 ta maktab boʻlib, 770 dan ortiq talaba oʻqiydir. Bundan tashqari, mamlakatning turli shaharlaridagi universitet va bilim yurtlarida ham minglab oʻquvchilarga egamiz”, deydi.

    Darhaqiqat, shu yillarda yosh Oʻzbekiston hukumati oʻzining oldiga oʻn yillikda aholining savodxonligini yuz foizga yetkazish masalasini qoʻydi. Ochilgan har bir zavod, fabrika qoshida Germaniya tajribasi asosida oʻquv-amaliy maktablar tashkil etdi. Rossiyaning ichki sanoat tumanlariga yuzlab yoshlarni yoʻllab mahalliy yoshlardan qisqa vaqtda katta miqdorda kadrlar armiyasini shakllantirishga kirishdi.

    Rahim Inogʻomov ayni paytda mamlakatning siyosiy boshqaruvida ham faol ishtirok etdi. Ayniqsa, OʻzSSR MIQ plenumida OʻzSSR KP(b)ning taslimchilik faoliyatiga qarshi chiqib, partiya apparatini hamda xalq xoʻjaligida kadrlarni milliylashtirishni tezlashtirishda keskin choralar koʻrishni talab qiladi. Uning 1926-yil chop etilgan “Oʻzbekiston ziyolilari” risolasi katta shov-shuvlarga sabab boʻladi. Unda oktyabr toʻntarishiga nisbatan noxush munosabat bildirib, oʻzbek xalqining maorifda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari inqilobning emas, jadid ziyolilarining xizmatidandir degan fikrni ilgari suradi.

    Qora bulutlar soyasi

    Rahim Inogʻomovning faoliyatidan norozi boʻlgan kimsalar uni hukumatdan chetlashtirishga erishadi. U bir muddat Oʻzdavnashriyotda boʻlim mudiri va Oʻzbekiston yozuvchilarining Samarqanddagi “Qizil qalam” jamiyatiga rahbarlik qildi. Ayni paytda oʻz maqolalarida Sredazbyuro, Sredazekoso kabi markazlarning nazoratchi organlarini zoʻravonlikda, Oʻzbekiston Kompartiyasini Rossiyaning qizil mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashmayotganliqda ayblashda davom etdi. VKP(b)MK Oʻrta Osiyo byurosi va uning Oʻzbekiston Kompartiyasidagi tarafdorlari Rahim Inogʻomovgi qarshi matbuotda “inogʻomovchilik” degan soxta ish ochishib, butun partiya tashkilotlarini oyoqqa turgʻazdi. 1926-yil 12-dekabrda Oʻzbekiston Kompartiyasi MQ Ijroiya byurosi va plenumida, 1927-yil yanvar oyida Oʻrta Osiyo byurosida bu masala maxsus koʻrilib, “inogʻomovchilik — mayda burjua va millatchilik tomonga ogʻish”, deb qoralandi. 1926-yil dekabr oyida barcha vazifalaridan olib tashlangan Rahim Inogʻomov 1927-yil 2-sentyabrdan 1930-yil maygacha Qashqadaryo viloyat ijroqoʻmida yer boʻlimida mudir lavozimida ish olib bordi.

    1930-yil 30-mayda “Qizil Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarida ochiq xat uyushtirilib, Rahim Inogʻomovni “gʻoyaviy jihatdan tor-mor qilindi”, deb goʻyo tavba-tazarru qildirildi. Natijada u Oʻzbekistonni tark etishga majbur boʻladi. Biroq, “inogʻomovchilik” xorijda Ahmad Zaki Validiy (1880—1970) va Mustafo Choʻqay (1890—1941) tomonidan oʻzbek kommunistlarining markazning mintaqadagi xoʻjayini – Oʻrta Osiyo byurosi (Sredazbyuro)ga qarshi dadil chiqishi, deb baholandi.

    Rahim Inogʻomov 1931—1937-yillarda Moskvada yashab, Butunittifoq MIQda tarjimon va “Elektr ixtirochilar jamiyati” zavodida kasaba uyushmasi raisi lavozimlarida ishladi. 1937-yil 25-avgustda esa Qrimdagi Alushta shahrida qamoqqa olindi va tinimsiz qiynoqlar ostida qoʻliga tutilgan barcha qogʻozlarni imzolashga majbur etildi. Soʻnggi soʻroq va yuzlashtirishlarda oʻziga nisbatan barcha ayblovlarni rad qilsa-da, 1938-yil 5-oktyabr kuni Toshkentda mashʼum “uchlik” tomonidan otuvga hukm qilindi. Mustabid shoʻro tuzumi davrida Oʻzbekiston maorifini yuksaltirish yoʻlida fidokorona kurash olib borgan Rahim Inogʻomov 1957-yil 1-avgustda oqlandi.

    Bahrom IRZAYEV,

    “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ilmiy xodimi