2006-yil kirayotgan oqshom men beruniyda, ota uyimda edim. yangi yil yaqinlashayotgan soatlarda koʻp yillik qadrdon ogʻam, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan muhandis, iqtisod fanlari nomzodi olimboy aka Primov xonadoniga bordim. Bir necha oydan buyon oqsoqolning tobi yoʻqligini eshitgandim. Aslida, u kishi togʻni ursa talqon qilishga qodir pahlavon inson edi. 25 yoshida beruniy rayon ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlib, 29 yoshida Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisi oʻrinbosari M.Z.Mirzaahmedov va Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi oʻrinbosari A.A.Yuris bilan birga 1969-yilning 13-marti tongida yuz bergan dahshatli suv toshqini oqibatlarini tugatishga boshchilik qilgan. U “Hayotim mazmuni” kitobida “Toshqin mening umrimni kamida 20 yilga qisqartirdi”, deb yozgan edi.
1985-yilning kuzidan boshlab esa bu inson naq toʻrt yil davomida Gdlyan guruhi tuhmatlaridan aziyat chekdi, “Matrosskaya tishina” avaxtasida qanchalar qiynashmasin, pixini yorgan Karakozyan va Kartashyanning birorta bayonnomasiga imzo chekmadi.
Olimboy aka oʻquvchi chogʻidan boshlab kitob yigʻib keladi. Shaxsiy kutubxonasida 5 mingdan ortiq nodir kitoblar bor. Men kirib borganimda u oʻzi xuddi tugʻishgan ogʻasidek hurmat qiladigan ustozimiz Oshiq Ayoz — Ibroyim Yusupov asarlarini mutolaa qilayotgan ekan. — Mana, Ibroyim ogʻaning “Dala armanlari” kitobi, — dedi oqsoqol bir oz qizishib. — Bu esa 1979-yili “Qoraqalpogʻiston” nashriyotida bosilgan kitobining ikkinchi tomi. Endi shu tomning 79-betini ochamiz. “Dala armanlari” — romantik poema. Toʻgʻrimi? Toʻgʻri! Nega endi uni hamkasblaringiz oʻzbek tiliga “Dala armonlari” deb tarjima qilishibdi. Axir qoraqalpoq tilidagi “dala” oʻzbek tilida “sahro”, “armanlar” esa “orzular” maʼnosini beradi. Demak, “Sahro orzulari” deyishlari kerak edi. Oqsoqolnikiga borsang shuni ayt. Sihatim mustahkam boʻlganida-ku, oʻzim borardim. Ijroqoʻm raisi paytimda “Beruniyning bogʻlarinda” sheʼrini yozib bergan edi. Ellikqalʼaga nechta sheʼr bagʻishlaganini oʻzing yaxshi bilasan!
Olimboy aka Maxtumqulining “Yigitlik boʻstondir, qarilik xazon, Boʻstonni xazonga sotuvchi boʻlma” misrasini tak rorlashni yaxshi koʻrardi. Biz bu ajoyib inson hali koʻp yashaydi, degan orzuda edik. Ammo oradan 24 kun oʻtgach, u vafot etdi. Olimboy ogʻaning qahramon shoir bilan diydori qiyomatga qoldi.
Oradan bir necha oy oʻtgach, ming bir istihola bilan Ibroyim ogʻaning uyiga bordim. Taniqli insonlar — publitsist Sharof Usnatdinov, rejissyor Najimatdin Angsatboyev, olim Baxtiyor Abdukamolov hamda men — jurnalist
— beshovlon bir piyola choy ustida gurunglashdik. Sharof ogʻa ustoz qahramon boʻlgan kunning ertasiga “Xalq soʻzi”da “Sahro bulbuli” nomli maqola eʼlon qilganimni eslatdi. Maqtov — moyga oʻxshaydi. Hammaga yoqadi. Menga ham yoqib turgan boʻlsa-da, “Ustozning ijodi haqida gaplashaylik!” deb shivirladim. Sharof ogʻa avval Usmon Nosirning “Yurak” sheʼrini yoddan (bu sheʼrni u umrining oxirigacha toʻylarda aytib yurdi) oʻqidi.
Keyin ustozdan: — Oʻzbek tilida chiqaradigan kitobingizni “Sahro orzulari” deb atadingizmi? — soʻradi. Shoir tasdiqladi. — Demak, matnni kompyuterda professor Baxtiyor Abdukamolov teradi, tayyorini Yangiboy Qoʻchqorov koʻrib, tahrir qiladi! — Esimga Abdulla akaning Mirtemir tarjimasidagi “Bukri toychoq”qa muharrir boʻlgani tushyapti. Men tahrir qilmayman. Faqat imlo xatolarini koʻrib beraman! — dedim bir oz noqulay ahvolga tushib. — Sizdan boshqa narsa soʻrayotganimiz yoʻq, — dedi Najimatdin ogʻa Angsatboyev. — Moskvada, Maliy teatrda ishlaganimda SSSR xalq artisti Mixail Ivanovich Sarev menga “Sendan rolni yaxshi oʻynashdan boshqa hech narsa talab qilayotganimiz yoʻq-ku!” derdi.
Kitob zoʻr chiqsa boʻldi-da!
Oʻsha kitob chiqmadi. Ammo shoirning oʻzi, Baxtiyor ogʻa va men tayyorlagan matnimiz ustozning 2019-yilda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan “Tanlangan asarlari”ga, undan oldinroq chop etilgan “Rahmat, senga zamonim”, “Qoratol” va men tayyorlagan “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting”, “Soʻfitoʻrgʻay salomi” kitoblariga kirdi.
Biz bu oʻrinda oʻsha katta kitobning bosilmay qolgani uchun kimnidir ayblash fikridan yiroqmiz. Keyinroq “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting” kitobi 8 ming nusxada bosildi...
Bir gal aziz ustozim, Yozuvchilar uyushmasining oʻsha davrdagi raisi Abdulla Oripov huzurida oʻtirganimda unga hukumat mulozimlaridan biri qoʻngʻiroq qilib qoldi. Oʻrnimdan turayotsam, Abdulla aka “oʻtiraver”, deb ishora qildi. Chala boʻlsa ham eshitganim shu boʻldiki, mulozim ertaga respublika maʼnaviyat muassasasida attestatsiya boʻlishini, lekin atoqli shoir Ibroyim Yusupov sinovdan oʻtkazilmasligi kerakligini ayt di.
Tomdan tarasha tushgandek aytilgan bu gap ustoz uchun saratonning oʻrtasida qor yoqqandek taassurot qoldirdi. — Men bu yechim uchun ovoz bermayman.
Maʼqulmi? — dedi yongʻoq olsa chaqib koʻrishni unutmaydigan Abdulla aka. — Bir oʻzingizning ovozingiz hech narsani hal qilmaydi-da, aka! — dedi mulozim. — Bir gap aytsam xafa boʻlmaysizmi, qorakoʻz yigit? — dedi Abdulla aka. — Bizlarni bir vagonga yigʻsangiz ham tarozining ikkinchi pallasini Ibroyim ogʻaning toshi bosib ketadi-ku!
Xullasi kalom ertasiga Toshkentga kelgan Ibroyim ogʻa Qoraqalpogʻiston maʼnaviyat markazi rahbari lavozimidan chetlatildi. Balki bundan fojia yasash ham kerak emasdir. Harqalay, oʻz ishini juda yaxshi bajarib turgan insonni kimgadir yoqmagani uchun lavozimidan olish adolatdan emas-da.
Shoir oʻtmishda bunday tazyiqlarga koʻp bora duch kelgan. Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Sh.Usnatdinovning 2 jildlik “Ibroyim Yusupov” romanini oʻqiganlar buni yaxshi bilishadi. 1952-1953-yillar shoir hayotidagi eng ogʻir yillardan biri boʻlgan. 1952-yili millatchilik kayfiyatida asar yozding, deb uning ustidan jinoiy ish ochadilar. Ustozlari qoʻllab-quvvatlab, xavfni bartaraf qiladi. Ammo keyingi rutubatli yilda shoir oʻzining oʻsha ikki sevimli ustozlaridan ayrilib qoldi: 18-may kuni ajoyib inson, atoqli adib, davlat arbobi Amet Shamuratov, 20-iyulda beqiyos in-
son, talantli dramaturg, atoqli adabiyotshunos olim Najim Dauqorayev vafot etadi. Ikki boyterakni ham raqiblarining “yoza-yoz”i qulatadi. Ular Amet ogʻa bilan Najim ogʻaning eng sodiq shogirdi hisoblangan Ibroyim ogʻani ham ayab oʻtirishmaydi. “Amudaryo” jurnali Bosh muharriri lavozimida ishlaganda burjua gʻoyalar targʻibotchisi boʻlgan degan tamgʻani bosib ishdan boʻshatishadi. Berdaq badiiyatiga bagʻishlangan maqolasi chiqqach, qildan qiyiq axtaradilar. “Mayakovskiy bilan suhbat” sheʼri uchun siyosiy ayb qoʻyadilar. “Edigey” dostonini targʻib qilyapti, deb qamoqqa olmoqchi boʻlishadi. Allohning inoyati bilan shoir oʻsha tuhmat toshlari orasidan eson-omon chiqadi. Ustoz bir sheʼrida bular haqda shunday yozadi:
Men otimdan tushib boshqaga berdim, Egari, toʻrvasi, qamchisi bilan.
Sen darhol quvonib yugurib kelding, Koʻzingda shodlik — yosh tomchisi bilan...
Ibroyim ogʻa Pushkin sheʼriyatining maftuni edi. “Ahmoq bilan esa oʻchakishma hech” degan satrini yaxshi koʻrardi.
Avval “Amudaryo” jurnali, keyin Yozuvchilar uyushmasi raisi rahbarligidan voz kechdi. Uzr, “voz kechdi” deganim bir oz notoʻgʻri boʻladi. Chunki 1980-yilning 9-sentyabrida Nukusda Qoraqalpogʻiston yozuvchilarining yettinchi qurultoyi bosh-
langanida biz oblast partiya qoʻmitasi huzuridagi marksizm-leninizm universitetida seminarda edik. Lutsenko degan mutasaddi yozuvchilar syezdi boʻlayotganini, qiziqqanlar borishi mumkinligini aytgach, bordik va ayrim nutqlarni koridorda turib tingladik. Rais vazifasida ishlab kelayotgan Ibroyim ogʻani rosa tanqid qilishdi. Atoqli bir ijodkor “Mana, Ibroyim “Koʻngil koʻngildan suv ichar” deb sheʼr yozibdi, koʻngilda vodoprovodning joʻmragi boʻladimi?” dedi dabdurustdan. Ayblovlar ketidan ayblovlar yogʻildi. Ustiga-ustak oʻlka rahbari Qallibek Kamolov Moskvada, “Barvixa” sihatgohida edi. Xullas, 15 yil rais boʻlgan Ibroyim Yusupov oʻrniga yana bir ustozimiz Toʻlapbergen Qaipbergenov saylandi.
Sulton suyagini xoʻrlamaydi, albatta.
Qallibek Kamolov Ibroyim ogʻani “Sovet Qoraqalpogʻistoni” gazetasiga Bosh muharrir qilib tayinladi. Ammo Qallibek ogʻa Ruminiyaning Konstansa shahriga bosh konsul boʻlib ketgach, Kreml saltanati oʻlkaga KPSS MQ ins pektori boʻlib ishlayotgan bir shoirni birinchi kotib qilib yubordi. Gadoning dushmani gado boʻladi. Shisha sandonni, bulamiq dandonni sindiradi. Oʻsha shoir 1988-yilning mart oyida Ibroyim ogʻaning ishini partiya hayʼati yigʻilishida muhokama qildi. “Bosh muharrirni ishdan olib, partiyadan oʻchiramiz. Chunki u mulla
Yusuf oxunning oʻgʻli ekanini yashirib kelgan”, dedi. Unga javoban shoir “Ishdan olishingiz mumkin. Biroq partiya dan oʻchirish uchun avval unga kirish paytidagi arizamni koʻring”, dedi.
Ikkinchi kotib Dmitriy Berkov (Kreml dan joʻnatilganlar ichida eng haloli edi) “Shoshmang, Kakimbek Salikovich, avval oʻsha arizani koʻraylik. Keyin xulosa chiqarsak toʻgʻri boʻladi”, dedi.
Arizaning “Ijtimoiy kelib chiqishi” degan joyida “ulamolardanman” deb yozilgan ekan. Aslida, bu sovuq shamol yuqoriroqdan esib kelgan edi. Chunki shoir bir necha sheʼrida “qayta qurish”ning puch narsa ekanligini tanqid qilgan, avval kombaynchi boʻlgan bosh kotibga qarata achchiq soʻzlar yozgan edi. 1989-yilning 26-martida SSSR Oliy Kengashiga saylovlar oʻtadigan boʻldi.
Ibroyim ogʻaning uyiga borib, “Nomzodingizni Yozuvchilar uyushmasi orqali qoʻysak boʻladi”, dedim. “Yangiboyjon, faqir kishi panada boʻla qolsin. Biroq shu fikr sening xayolingga kelganidan quvonganimni ham yashirmayman”, dedi.
Atoqli adiblardan A.Adamovich, Ch.Aytmatov, O.Yoqubov, A.Oripov, V.Belov, G.Viyeru, R.Hamzatov, Ye.Evtushenko, S.Zaligin, M.Ibragimov, T.Qaipbergenov, M.Qanoat, V.Karpov, M.Machavariani, Yu.Marsinkyavichyus, B.Oleynik, V.Rasputin, A.Rzayev, G.Safiyeva, S.Xanzadyan, O.Chiladze, M.Shaxanov, L.Sherali SSSR xalq deputati boʻlib saylandilar. Ustoz esa “Ishga qoʻnim — xirmonga unum”, deb
Jahon tinchlik qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston boʻlimiga ishga oʻtdi. 1994-yildan Maʼnaviyat markazida yeng shimarib ishladi. Tez orada taniqli shoirga buni ham koʻp koʻrishdi.
Chinorning shoxi sinsa yoshi toʻkilur duv-duv, Tonggacha bilmay orom, ingrab chiqar beuyqu.
Atrofini oʻragan barglar tinchin yoʻqotib, Parvona boʻlib unga birga chekishar qaygʻu...
Oshiq Ayoz azim chinor edi. Shoxlari koʻp bor sindi. Ayniqsa, bosh novdasi, “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting” sheʼrining sohibasi, vafodor rafiqasi Bibizoda 46 yoshida olamdan oʻtganda ustiga osmon qulab tushgandek boʻldi. Ikkinchi turmushida buyuk Polvon Pir iborasi bilan aytganda, “devordan oshib turgan meva shoxiga yoʻlovchi qoʻl choʻzdi”, yoshgina ayol fojiali ravishda olamdan oʻtdi. Olmosdek yarqiragan ijodi ham oʻzining munosib bahosini olgani yoʻq. Jonajon doʻsti Chingiz Aytmatov 35 yoshida oʻz qissalari uchun Lenin mukofotiga sazovor boʻldi. Ibroyim ogʻaning “Toʻmaris” dostoni esa yuksak badiiy xususiyatlari bilan katta mukofotlarga munosib edi... Faqat istiqlol yillaridagina unga “Oʻzbekiston Qahramoni”, “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvonlari berildi.
Shoirning Rasul Hamzatov bilan doʻstligi alohida mavzu. U olamdan oʻtganida dunyo Ibroyim ogʻaning koʻzlariga tor boʻlib qoldi:
Kavkazning eng baland choʻqqilari ham Pasayib qolgandek bugun qarasang.
Patimatsiz qolgan bu yolgʻonchini Endi sen ham tashlab ketib borasan...
Ular qirq yil mobaynida oradan qil oʻtmas doʻst boʻlishdi. Bir necha bor biz bu buyuk birodarlik gurunglariga shohid boʻlganmiz. Baholi qudrat bu haqda esselar yozdik, yana yozamiz. Ular, Oshiq Ayozning oʻz iborasi bilan aytsak, “insoniyat or-nomusining jarchilari” edilar. Gʻiybat va hasad toshlari ularning barchasiga muttasil otilib turardi. Bu haqda Ibroyim ustozning oʻzi shunday yozgan edi:
Jonga tegdi elning gʻiybatli soʻzi, Qiynalsa ochilmas oqilning koʻzi, Sheʼr ham tugʻilmagay oʻzidan-oʻzi, Qoʻying musofirlik holimga meni...
U malomat zarbalariga boshini tutib bermadi, tiz choʻkmadi. Butun vujudi bilan ijodga berildi. Ulugʻ Alisher Navoiy asarlarini oʻz ona tiliga tarjima qildi, dramalar yozdi, birinchi qoraqalpoq baletiga libretto bitdi. Eng muhimi, Oʻzbekistonga oʻng qoʻlini uzatgan, bu birdamlikdan baxtu iqbol topgan Qoraqalpogʻistonning davlat madhiyasi matnini yozdi. Madhiya yozishning oʻzi boʻlmaydi. Oshiq Ayoz madhiyani xalq qalbiga hamohang soʻzlardan marjondek terdi:
Jayhun jagʻasinda oʻsgan boyterak, Tupi bir, shoxlari ming boʻlur demak.
Sen shunday soyali, quyoshli elsan, Tinchlik va iqbol sendagi tilak...
Markaziy Osiyoning eng iqtidorli bastakorlaridan biri, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Najimatdin Muhammetdinovning maftunkor musiqasi madhiyaga uzukka qoʻyilgan zumrad qoshdek yarashdi.
Shu oʻrinda yana oʻsha 2006-yilning yozida, ustoz ikkimiz “Sahro orzulari” kitobi qoʻlyozmasi ustida ishlagan
kunlarimizga qaytaylik. Yurak amri bilan ustozga beminnat bekalikni oʻz zimmasiga olgan Gulsara yanga oldimizga non-choy qoʻygach, videouskunaning murvatini bosdik. Ekranda shiddat bilan toʻlgʻanib oqayotgan Amudaryo, uning sohilida tor tutgan taniqli hofiz Otajon Xudoyshukurov paydo boʻlib, noyob ovozi bilan qoʻshiq boshladi:
Qayda yursam sogʻintirar Ona yurtim tomonlari, Xayolimda sahar-sahar Esar Jayhun shamollari...
Betakror taronani miriqib tingladik. Ibroyim ogʻa “Videotasvirda daryo boʻyiga koʻchat ekayotganlardan Otajonni, Omon Matjonni, Erkin Samandarov va Erkin Madrahimovni, Qurbonboy Matirzayevni, Marksni, Olmaxonni tanidim. Ulardan oldin koʻringan barvasta yigit kim?” deb soʻradi. Men u kishining Jumaniyoz Qoʻziyev ekanini, Toshkentda yashashini, oliygohda dars berishini ayt dim. “Videoyozuvda koʻrsatilgan toʻy kimniki?”, deb soʻradi. Men bu Otajonning tugʻishgan akasi Bobojon Xudoyshukurovning egizak oʻgʻillari Hasan bilan Husanning uylanish tantanasi ekanini, Hasan hofizga oʻgʻil qilib berilganini aytdim. “Hofizning qizi bor. Oti Intizor” deb qoʻshib qoʻydim savolga oʻrin qoldirmay. “Otajondan boshqa kimda tenor ovoz bor?” deb soʻradi shoir. “Bizda Sattor Yarashevda, Ozarbayjonda Poʻlat Bulbul oʻgʻlida!” dedim. “Endi tekstga “pretenziya” larga oʻtamiz!” dedi. “Pretenziya” emasu, takliflar bor!” deb qogʻozimni qoʻlga oldim. “Oʻqi!” dedi. Oʻqidim:
Umr qisqa, manzil uzoq, Yillar bizdan ketar yiroq.
Mangu qoʻshiq kabi yangroq, Esar Jayhun shamollari.
Ibroyim der: el nafasi, Amuning sirli sharpasi, Umrimning boqiy sabosi, Salom, Jayhun shamollari!
Ustoz uzoq oʻylandi. “Yaxshi topibsan. “Mangu qoʻshiq kabi guvlab” satri avvalgi kitoblarda turaveradi. Yangi kitobda sen topgandek ketsin. “Umrimning boqiy sabosi” ham yomon emas. “Hayot sharobidan bir qultum yutay, Damlar gʻanimatdir, umrzoq soqiy. Quyosh-ku falakda kezib yuribdi, Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy” deganmi Gʻafur aka. U Najim ustozimga koʻp yaxshilik qilgan. Akademik shoirni Nukusga chorlab, qoʻy soʻyib siylaganimni essengda yaxshi yozibsan. Rahmat!”, deb qoʻlini duoga ochdi.
Oʻylab qarasam, barcha qahramon adib larimiz — Said Ahmad, Ibroyim Yusupov, Toʻlapbergen Qaipbergenov, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim Gʻafurovlarning barchasidan duolar olibman.
Ustozning ulugʻ doʻsti Rasul Hamzatov 1988-yili Moskvada uch yashar oʻgʻlim uchun pedalli mashina sovgʻa qilgan edi.
Oshiq Ayozning yana bir qadrdoni Nosir Fozilov bizni qardosh qozoq adabiyotiga doimiy oshno qilib ketdi. Ibroyim ogʻaning oʻsha yillari bizdek olis qishloqda tugʻilgan ijodkor yigitni oʻz qanoti ostiga olgani, Hamzatovdek ulugʻ doʻsti bilan tanishtirgani u kishining naqadar bagʻrikeng inson ekanidan dalolatdir.
Ibroyim ogʻa olamdan oʻtganida uning tobuti tepasida tengdoshi Toʻlepbergen Qaipbergenov “Jon doʻstimdan ayrildim”, deb faryod chekdi. Kimdir ishonar, kimdir ishonmas, biroq Ibroyim ogʻaning “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting”, “Soʻfitoʻrgʻay salomi” kitoblarini nashrga tayyorlash gʻoyasini aynan Toʻlepbergen ogʻa kaminai kamtaringa oʻziga oʻrinbosar maqomini berayotgan chogʻlari aytgan edi. Bu ikki ulugʻ soʻz sanʼatkori, eng avvalo, xalqlar orasidagi birodarlikni mustahkamlash uchun xizmat qildilar. Ikkovining ham asarlari “Turkiy adabiyot durdonalari” antologiyasiga alohida jildlar sifatida kirdi. Bugungi jahon adabiyotida ularning oʻz yorqin sahifalari bor. Men ikkoviga ham xolis dastyor boʻlganim bilan faxrlanib yuraman.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, tugʻishganlik tuygʻusi, yurtga ehtirom, insonga mehr Oshiq Ayoz — Ibroyim Yusupov ijodining qaymogʻi edi:
Erk quyoshi ochgandir yuz, Baxtimizni qilib koʻz-koʻz, Ichi kuygan yalasin tuz, Umrimizdir bogʻu boʻston, Sogʻ boʻl, onam Oʻzbekiston!
Yangiboy QOʻCHQOROV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi