27-yanvar – Xolokost qurbonlari xotirasi xalqaro kuni

    Bilasizmi? 27 Yanvar 2022 3921

    Har yili 27-yanvarda butun dunyoda Xolokost qurbonlari xotirlanadi. Bu haqdagi rezolyutsiya (60/7) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2005-yil 1-noyabrda qabul qilingan. Xolokost qurbonlari xotirasi kuni ramziy maʼnoga ega. Ushbu sana sovet qoʻshinlari tomonidan “Osvensim-Birkenau” oʻlim lageridagi asirlar ozod qilinganiga bagʻishlangan boʻlib, bu voqea 1945-yil 27-yanvarda yuz bergan.

    1941-1945-yillarda “Osvensim”da 1,5 millionga yaqin odam oʻldirilgan va shundan 1 millionga yaqini yahudiylar boʻlgan. Turli maʼlumotlarga qaraganda, bu lagerda 1,5 milliondan 4 milliongacha odam oʻldirilgan.

    Sovet qoʻshinlari oʻlim lagerini ozod qilganda, u yerda 7 mingga yaqin odam boʻlgan. “Osvensim” natsistlar oʻlim lagerlarining eng kattasi boʻlgani va eng uzoq vaqt faoliyat koʻrsatgani uchun u Xolokostning asosiy ramzlaridan biriga aylandi.

    Xolokost – qadimgi yunoncha holocaust soʻzidan olingan boʻlib, “kuydirilgan”, “olov bilan yoʻq qilingan”, “qurbonlik” degan maʼnolarni anglatadi.

    Xolokost natsistlar Germaniyasi va ittifoqchilarining 1933-1945-yillarda olti million yahudiyni tizimli ravishda taʼqib qilish va ommaviy qirib tashlash siyosatini anglatadi.

    Xolokostni yuzaga keltirgan asosiy sabablardan biri –natsistlarning irqiy siyosatidir. Natsistlarning irqiy siyosati bir irq vakillarining boshqalaridan ustunligiga asoslanadi. Oliy irq vakili boʻlgan nemislarning vazifasi oʻz sof irqini saqlab qolishdan iborat boʻlgan.

    Germaniyada yahudiylarni taʼqib qilish 1933-yilda, natsistlar hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng darhol boshlangan. Dastlab natsistlar yahudiylarni oʻz nazorati ostidagi mamlakatlarga ommaviy ravishda majburan koʻchirishni maqsad qilgan edi.

    Urushning tobora uzoqroq davom etishi yahudiylarni ommaviy majburiy koʻchirish gʻoyasini imkonsiz ishga aylantirib qoʻygan. Shunda natsistlar yahudiylarni ommaviy yoʻq qilishga qaror qilgan. Bu vazifa bilan maxsus tashkil qilingan oʻlim guruhlari, qurolli kuchlar tarkibidagi “aynzas guruhlar” shugʻullangan.

    Vaqt oʻtishi bilan, ommaviy qatllar “aynzas guruhlar” aʼzolari ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsata boshladi. Shu sababli bir vaqtning oʻzida 30 nafardan 100 nafargacha odamlar joylangan hamda uglerod oksidi va chiqindi gazi yuborish orqali zaharlab oʻldirishga moʻljallangan “Gazvagen”ni (gaz mashinasi) qoʻllashga oʻtilgan. Keyinchalik u oʻz oʻrnini bir vaqtning oʻzida yuzlab odamlarni yoʻq qilish imkonini beradigan gaz kameralariga boʻshatib berdi.

    Oʻlim lagerlarida yangi kelganlar gaz kameralariga olib borilgan. Vahima uygʻonishining oldini olish maqsadida lager qoʻriqchilari mahbuslarga bitlarga qarshi dush olishlari lozimligini tushuntirishgan. Qoʻriqchilar barcha qimmatbaho buyumlarini topshirishni va yechinishlarini talab qilgan. Keyin ularni yalangʻoch holda “dush”ga olib borishgan.

    U yerda quvurlar orqali kameraga gaz (“Siklon B”) yuborilgan. Odatda, gaz kameralariga kirgandan keyin bir necha daqiqa ichida barcha mahbuslar kislorod yetishmasligidan vafot etgan. Keyin jasadlar pechlarda yoqib yuborilgan yoki umumiy qabrlarga koʻmilgan.

    Bularning barchasi natsistlar tomonidan vahshiylarcha sodir etilgan genotsid jinoyati edi. Ular urush davomida 6 mln nafar yahudiyni, 19,7 milliondan 23,9 mln nafargacha slavyanlar, xususan, 1,9 million nafar polyak, 3 mln nafar ukrain, 1,5 million nafar belorus, 1,6 million nafar ruslarni (harbiy asirlardan tashqari), 220 mingga yaqin loʻli, 2 mingga yaqin “Iegova shohidlari”, 80 mingdan 220 ming nafargacha frankmasonlarni oʻldirib yuborgan.

    Bugunga kelib jahon hamjamiyati oldida yoshlarga bunday jinoyatlarning sabab va oqibatlarini tushuntirish orqali yoshlarda nafrat mafkurasiga qarshi immunitetni shakllantirishdek masʼuliyat turibdi. Dunyoning bir qancha mintaqalarida genotsid va ommaviy vahshiyliklar davom etayotgan bir paytda bu ezgu ishlar har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

    Shu maʼnoda, Xolokost qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni –antisemitizm va genotsidning har qanday koʻrinishlariga qarshi global norozilik sanasi hisoblanadi. Ayni vaqtda bu sana nafaqat tirik qolganlarga va xolokost qurbonlari xotirasiga hurmat koʻrsatish, balki bu yoʻlda muayyan saʼy-harakatlarni amalga oshirishga chorlov hamdir.

    Binobarin, yildan-yilga ushbu dahshatli voqealar ishtirokchilari tobora kamayib bormoqda. Ammo ular haqidagi iztirobli xotiralar koʻpchilikning qalbida saqlanib qolgan.

    Rustam Atovulloyev,

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi bosh yuriskonsulti.