42 ta holatda yerdan foydalanishda qonunbuzilishlar aniqlandi

    Yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolarga nisbatn 42 million 628 ming soʻm zarar hisoblandi.

    “Oʻzagroinspeksiya” faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan, inspeksiya organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi ijrosi boʻyicha doimiy ravishda monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Ushbu oʻtkazilayotgan tadbirlar davomida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer resurslaridan oqilona foydalanish, unda aholi va ichki isteʼmol bozori uchun moʻl va sifatli mahsulot yetishtirilishi masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Jumladan, inspeksiyaning Jomboy tuman boʻlimi tomonidan 2020-yilda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer resurslaridan foydalanishda qonunchilik ijrosi yuzasidan 75 marotaba nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Ularning 17 tasi xabar qilish, 58 tasi monitoring tartibida oʻtkazilgan boʻlib, 42 ta holatda yer resurslaridan foydalanishda qonunbuzilishlar sodir etilgani aniqlandi. Shuningdek, 19 ta holatda tumanda foliyat yuritib kelayotgan fermer xoʻjaliklari tomonidan yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanilayotganligi maʼlum boʻldi. Shu bois, ularga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinib, Jomboy tumanlararo maʼmuriy sudining hal qiluv qaroriga asosan qonuniy taʼsir chorasi koʻrildi.

    Bundan tashqari, 7 ta holatda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolar ustidan maʼmuriy qarorlar chiqarilib, toʻplangan hujjatlar tumanlararo maʼmuriy sudga yuborildi. 16 ta holatda, yaʼni faoliyat yuritib kelayotgan fermer xoʻjaliklari yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolarga nisbatan qurilish osti maydonlarga 42 million 628 ming soʻm zarar hisoblanib, tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

    Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim hollarda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yer resurslarini oʻzboshimchalik bilan egallab olayotgan fuqarolar, bunday holat qonunbuzilishi ekanligi, yana ham soddaroq tilda aytganda, inspeksiya organlari tomonidan koʻrilayotgan taʼsir chorasining taʼsirchanligini toʻgʻri anglab yetishmayapti.

    Yuqoridagi singari salbiy holatlarning oldini olish, yer resurslaridan oqilona foydalanish evaziga aholi dasturxoniga arzon va sifatli qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish maqsadida, qonunchilik ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatiladi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati