46 yoshimda ilk bor Prezident saylovida ovoz beraman

    Inson qachon o‘zini to‘kis baxtli his etadi? Qanday tuyg‘ular uning qalbini sharaflantiradi? Vatanli bo‘lish, o‘sha Vatandagi islohotlarga o‘zini daxldor sezish — buyuk sharaf, beqiyos baxt, deb o‘ylayman.

    Men 1975 yili Turkmaniston Res publikasining Toshhovuz viloyatida tugʼilganman. Xorazm va Toshhovuz ahli azal-azaldan bir-biriga qarindosh-urugʼ, yor-ogʼayni. Bolaligimning eng chiroyli xotiralari Xorazmning Gurlan tumani bilan bogʼliq. Maktablarda darslar tugab, taʼtil boshlandi deguncha Gurlanga — qarindoshlarimiznikiga borishga shay turardik.

    Yillar oʼtib, taqdirim ham aynan shu joy bilan bogʼlandi. 1995 yili Gurlan tumanining “ Navbahor” mahallasiga kelin boʼlib tushdim. Toshhovuzdan mahallamizga kelin boʼlgan qizlar koʼp. Ota-onamnikigacha boʼlgan masofa taxminan 30 kilometr. Biroq shu masofa, mana, salkam 30 yilki, menga “borsa kelmas”dek tuyuldi. Umrimning shu yillarida katta kemtik hosil boʼldi.

    Oʼzbekistonga kelgach, xonadonimizga doimiy roʼyxatga qoʼyildim, lekin fuqarolik berilmadi. Oʼzbekiston fuqarosi boʼlish uchun qancha harakat qildim, qancha eshiklarga bosh urdim — oʼzimga ayon. Fuqarosizlik meni toʼy-hasham, maʼrakalardan ayirdi, yaqinlarimning yonida boʼlish masʼuliyati va baxtidan mosuvo qildi. Аyrim hollarda tugʼishgan jigarlarimning, ota-onamning diydorini borib koʼra olmadim. “Fuqaroligi boʼlmaganligi uchun” vaji bilan koʼplab imtiyozlarni boy berdim. Bu va bu kabi bir qator cheklovlar, taqiqlar tufayli baʼzan odamlar orasida qisinib-qimtinib yashashga mahkum edim. Eng alamlisi, bundan 10 yil avval onaizorim tuproqqa qoʼyildi. Oradan 4 yil oʼtib jigarim — ukam vafot etdi. Ularni soʼnggi yoʼlga kuzatish menga armon boʼlib qoldi.

    Baʼzan qoʼni-qoʼshni, qarindosh- urugʼlarim foydalangan imkoniyatlarga havas bilan qarardim. Saylovda ishtirok etish shu kungacha orzuim boʼlib keldi. Men shunday yashashga koʼnikdim.

    Biroq hayot bir xil davom etmas ekan. Orada oʼtgan yillar, hodisalar men kabi qalbi yarimlarning hayotiga xushxabarlar keltirdi. Koʼnglimizdagi kemtiklar toʼldi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ning siyosiy irodasi bilan keyingi yillarda men kabi minglab yurtdoshlarimiz yuksak maqomga erishdi — Oʼzbekiston fuqarosi boʼldi. Fuqarolik olgan kunimizdan hayotimiz daftarida yangi sahifa ochildi, nafas olayotgan har bir daqiqamizga rang kirdi, hayotimiz joʼshqinlashdi. Bu yangi Oʼzbekistonimizning xalqchil islohotlari samarasi edi.

    Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan fuqarolik masalalariga oid qonunchilikning takomillashtirilgani hayotimdagi toʼsiqlarni bartaraf etdi.

    Nihoyat, 46 yoshimda, umrimda ilk bor Prezident saylovida ovoz beraman. Endi menda ham saylash huquqi bor! Har gal saylovda ishtirok etib kelayotgan yurtdoshlarimiz uchun bu odatiy hol, biroq men uchun hayotimda oʼziga xos kun boʼlishiga, mening ovozim ham ahamiyatga ega ekaniga ishonaman.

    Dilorom Do‘smatova