— Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv noz-neʼmatlar — meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar sevib isteʼmol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni qondiribgina qolmay, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan toʼyintiradi. 

Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali boʼlgani tufayli kundalik sarflangan energiya oʼrnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi.

Demak, goʼsht va uning oʼrnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar kunlik dasturxonimizdan joy olishi kerak. Faqat ularni qaynatilgan holatda tanavvul qilish tavsiya qilinadi. Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos. 

Oʼz navbatida, yozda ovqatlanish tartibini ham biroz oʼzgartirgan maʼqul. Soat 7:00 nonushta uchun mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan goʼsht va tarkibida oqsil, yogʼ va uglevodlar boʼlgan boshqa mahsulotlar isteʼmol qilinishi kerak. 

Tushlik uchun yengil hazm boʼluvchi shoʼrva, moshxoʼrda, mastava, manpar, suvda yoki bugʼda tayyorlangan kotletlar foydali. Ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va koʼkatlar bilan qoʼshib tanavvul qilinsa, nur ustiga aʼlo nur. 
Meva sharbatlari tayyorlash chogʼida ular tarkibiga imkon qadar shakar qoʼshmaslikni tavsiya qilamiz.

Kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, shoʼr baliq, dudlangan goʼshtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bunday yeguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. 

Kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va yengil hazm boʼluvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi lozim. Oʼzida nisbatan kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonga tortiq etilishi kerak.

Pishiqchilik neʼmati boʼlgan qovun va tarvuz isteʼmoli uchun tushlik payti eng maqbul davr. Ular ham quvvat beradi, ham chanqoqni bosadi.

Sogʼlom insonlar uchun kunlik isteʼmol qilinadigan suv meʼyori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa koʼp suv ichish tavsiya etilmaydi.