Bir qurilma o'rnini yangisi egallab, mavjud texnologiyalarning takomillashib borishi taraqqiyotning bir ko'rinishidir. Ayniqsa, ilm-fan, texnika rivojida bu jarayon yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Bir paytlar mashina ixtiro qilib, odamlarni hayratga solgan olimlar davrimizga kelib, uchuvchisiz uchish apparatlarini yaratishga ham erishdi. Dronlar nomi bilan mashhur bunday qurilmalardan hozirgi kunda barcha sohalarda keng foydalanish ommalashib boryapti.
Yurtimizda uchuvchisiz, ya'ni masofadan boshqariladigan uchish apparatlaridan foydalanish 2014-yillardan boshlangan. Ammo ularning mamlakatimizga faol kirib kelishi 2016-yilga to'g'ri keladi. Shu yili 31-avgustdagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizom bilan esa ushbu turdagi qurilmalardan foydalanish va ro'yxatdan o'tish qoidalari keltirilgan.
Uchuvchisiz uchish apparatlarining tarqalishini dunyoda jadal kechayotgan raqamlashtirish jarayonining bir qismi deyish mumkin. Bunday qurilmalar turli sohalarda ma'lumotlarni masofadan turib olish, tahlil qilish va qayd etib borishni ta'minlaydi.
O'zbekistonda raqamli iqtisodiyot rivoji oxirgi yillarda sezilarli tarzda jadallashdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan iqtisodiyotning barcha sohalarini ilg'or texnologiyalar asosida yangilash belgilab berilganida, buning qamrovini ko'pchilik etarlicha tasavvur qila olmagani rost. Ammo davlatimiz rahbarining 2020-yil 5-oktyabrdagi farmoni bilan “Raqamli O'zbekiston—2030” strategiyasi hayotga tatbiq etilgach, bu boradagi katta o'zgarishlar darhol ko'zga tashlana boshladi.
Qolaversa, Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravarga oshirish belgilangan.
Ishni bir necha barobar tezlashtiradi
Uchuvchisiz uchish apparatlari raqamli texnologiyalarning eng zamonaviylaridan hisoblanadi. Aslida, bunday qurilmalar keng qamrovli bo'lib, bir qancha turlari bor, ammo ular orasida eng mashhuri dronlar. Aqlli texnologiyalar va takomillashtirilgan elektr energiya tizimlarining rivojlanishi dronlardan ham iste'molchilar orasida, ham umumiy aviatsiya faoliyatida birdek foydalanilishiga olib keldi.
Bugun dunyoda dronlar kirib bormagan soha qolmadi, hisob. eltib berish xizmatidan tortib, yirik sanoat korxonalaridagi murakkab vazifalargacha barida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalaniladi. Yurtimizda bu qurilma ko'proq qishloq xo'jaligi sohasida ommalashib boryapti. Ekinlar holatini tekshirib turish, zarur dori vositalarini yerga sepish va boshqa jarayonlarda ular asqotmoqda. Qishloq xo'jaligi yerlarida asosan oktokopter dronlar qo'llaniladi. Ular yordamida yerlarni o'g'itlash yoki dorilashning samaradorligi yuqori bo'lib, dala maydoni va mahsulotga ziyon etmaydi. ekologiya va inson salomatligi uchun ham zararsiz.
O'tgan yili yurtimizda ilk bor qishloq xo'jaligi faoliyatini zamonaviy dron texnologiyalari asosida raqamlashtirish ilmiy-amaliy loyihasi boshlangan edi. Jarayonda turli hududlarda tajriba-sinov ishlari muvaffaqiyatli olib borildi. Sinov davomida bir dona o'zi uchar dron qurilmasi belgilangan maydonlarda kuzatuv ishlarini atigi 6 daqiqada yakunlagani qurilmaning qanchalik tezkor ekanini ko'rsatadi.
Ilmiy-amaliy loyiha doirasida dron texnologiyalari orqali qishloq xo'jaligida mavjud muammolar o'rganilib, ularni bartaraf etish bo'yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda, shudgor qilingan yerlardagi tuproqning unumdorligi, g'alla maydonlari, bog'dorchilikda mavjud turli xil kasalliklar, zararkunanda hashoratlar aniqlanib, ular to'g'risida ma'lumotlar bazasi yaratiladi. Yana bir ahamiyatli jihati, dronlar orqali olingan va qayd qilingan amaliy ma'lumotlar kompyuter dasturlari yordamida qayta ishlanib, ular asosida zaruriy yechimlar qabul qilinadi.
Qishloq xo'jaligida dronlardan foydalanish yurtimiz tajribasi uchun yangilik, deyishimiz mumkin. Odatda dala maydonlari holatini kuzatish va monitoring qilish ishlariga bir necha kishi jalb qilinib, jarayonlar kunlab davom etadi. Bu vazifalarni dronlar yordamida amalga oshirish orqali esa ortiqcha vaqt va ishchi kuchini tejab qolish mumkin.
Ammo dronlardan foydalanishning ham o'z tartibi va talablari mavjud. 2018-yilda Prezident qarori bilan tashkil etilgan “Geoinnovatsiya markazi” DUK bu borada tegishli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Tashkilotning vazifalari qatoriga iqtisodiyot tarmoqlarida UUQni qo'llash va ulardan foydalanish bo'yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish, ular orqali olingan ma'lumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash, shunday qurilmalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish kabilar kiradi. Bu tashkilot oldida dronlarni o'zimizda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish va tarmoqlarda ulardan foydalanishni ommalashtirish vazifasi turibdi, degani.
Dronlar o'zimizda ishlab chiqariladi
Shu o'rinda, dronlar shunchaki eng zamonaviy qurilmami yoki yuqori afzallikka egami, ulardan qaysi sohalarda foydalanish samaraliroq, degan savollar tug'iladi. Jahon olimlarining aytishicha, uchuvchisiz uchish apparatlari dunyodagi eng xavfsiz texnikalar sirasiga kiradi. Ularning paydo bo'lishi o'tgan asrning oxirgi choraklariga borib taqalsada, ommalashishi zamonaviy texnologiyalar rivoji bilan birga kechdi. Ya'ni, vaqt o'tgani sari masofadan boshqariladigan uchar qurilmalar takomillashib, hajmi kichrayib borishi bilan AQSH va Yevropa davlatlarida ularga qiziqish ortdi. Aksar mamlakatlarda shunday qurilmalarni ishlab chiqarish faollashib, dronlarning turi ham kengayib bordi.
Hozirgi kunda uchuvchisiz uchish apparatlari asosan 4 guruh — mul`tikopter, samolyot, vertolyot, gibrid turdagi qurilmalarga ajratiladi. Bularning har biri yana alohida turlarga bo'linadi. Vazifalari deyarli o'xshash bo'lsada, hajm, dizayn jihatdan bir-biridan farqlanadi.
Yurtimiz hududida asosan dronlarning multikopter guruhiga kiruvchi kvadrokopter turi keng tarqalgan. Ixcham hajmi, operator boshqaruvining qulayligi, optimallashgan konstruksiya va dizayni, aerodinamik qarshilikni to'g'ri taqsimlash kabi qulayliklari bois, aerotasvir va turli video kuzatuvlar olish jarayonlarida foydalaniladi. Qolaversa, sanoatning ko'p tarmoqlarida ham shu turdagi dronlar qo'llaniladi.
Hozir yurtimizda yerlarni xatlovdan o'tkazish ishlari faol olib borilyapti. Har bir hududning yer maydonlari, chegaralari, ob'ektlarini suratga olish talab etiladi. Bunda odatda samolyot va vertolyotlardan foydalaniladi. Ammo so'nggi yillarda mamlakatimiz kadastr, geodeziya tizimida dronlar keng qo'llanila boshlagan. Ular yordamida aerofototasvirlar olinadi, kartografik va topografik elektron xaritalar tuziladi, buning uchun zarur bo'ladigan yer o'lchamlarini yuqori aniqlikda olish imkonini beradi. Bu yer yuzasini samolyotda aerofototasvirga olishga nisbatan ancha kamxarajat, xavfsiz va yuqori sifatli usul bo'lib, boshqa uchish vositalaridan farqli, atmosferaga hech qanday zararli ta'sir ko'rsatmaydi. Gap shundaki, dronlar elektro dvigatallarda harakatlangani bois, o'zidan zaharli gazlar chiqarmaydi. O'z-o'zidan, global isish va azon qatlamining emirilishiga ham sabab bo'lmaydi.
Yerni masofadan turib zondlashda dronlar yer uchastkasidagi o'zgarishlarni qisqa vaqtda aniqlab beradi. Shu tarzda olingan ma'lumotlar dasturiy ta'minotda qayta ishlanib, raqamli ortofotoplanlar shakliga keltiriladi. Ortofotoplan — bu aniq geodezik asosda olingan aero yoki kosmik suratlar orqali yaratiladigan raqamli xaritalar asosi hisoblanadi. Undan jamiki yer ustidagi obyektlar to'g'risidagi ma'lumotlar joy oladi. Ortofotoplanlar asosida esa topografik xaritalar yaratiladi. Bu xaritalarda geodezik punktlar, relyef, gidrografiya, o'simlik, tuproq, iqtisodiy va madaniy obyektlar, yo'llar, aloqa, chegaralar, umuman, jamiki yer obyektlari to'g'risidagi ma'lumotlar qayd etiladi.
Dronlar modeliga ko'ra takomillashib boraveradi. Eng zamonaviy o'zi uchar qurilmalar odatda, avtomatik uchish va qo'nish, belgilangan nuqtalarni uchib o'tish, mo'ljal olishni intellektual boshqarish, parvoz nuqtasiga qaytish, cheklangan joylar to'g'risida ogohlantirish kabi funksiyalarga ega. Ular “Android” va “iOS” operatsion tizimlarini qo'llab-quvvatlaydi, “GLONASS” va “GPS” navigatsiya tizimida ishlaydi. Yurtimizda foydalaniladigan dronlar vazifasiga ko'ra 20 daqiqadan 2,5 soatgacha, joylashuviga qarab 30 kilometr masofaga parvozni amalga oshiradi.
Har sohada dronlarga bo'lgan talab ortib borayotgani bois, “Geoinnovatsiya markazi”da ushbu qurilmani mahalliylashtirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, gibrid, mul`tikopter turdagi dronlarni ishlab chiqarish, ularning akkumulyatorlarini quvvatlash va optimallashtirish bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlari davom etyapti.
Hozirgi vaqtda yurtimiz hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari asosan Xitoydan import qilinadi. Ammo ular ancha qimmat bo'lgani bois, qurilmani o'zimizda ishlab chiqarish samaraliroq. Shu maqsadda “Geoinnovatsiya markazi” va Xitoyning MMS kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “BsharkUZ” qo'shma korxonasi tashkil etilgan. Unda turli xildagi dronlar ishlab chiqariladi. Masalan, geksokopter turiga kiruvchi dronlar aerofotosurat va videosurat olish, 10 kilogrammgacha foydali yuk tashishga mo'ljallangan. Bir martada 90 daqiqagacha, soatiga esa 80 kilometrgacha ucha oladi. Qurilmaning maksimal og'irligi 15 kilogramm.
Korxonada multikopter turiga kiruvchi dron ishlab chiqarilib, sinov parvozi ham amalga oshirildi. Hozirda parvoz davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda qurilmani yanada takomillashtirish ishlari olib borilyapti. Shu bilan bir vaqtda, gibrid turdagi hamda o't o'chirish amaliyotini amalga oshiruvchi uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish loyihalari ham amalga oshirilyapti. Barcha sinov parvozlari muvaffaqiyatli o'tgach, qurilmalarning seriyali ishlab chiqarilishi boshlanadi.
Umuman, dronlar barcha sohalarda tezkor, kamxarajat qurilma sifatida asqotadi. Uni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish esa tarmoqlarni raqamlashtirish jarayonlarini yanada tezlashtiradi. Qurilma tezkor va sifatli ma'lumotlar olish va ularning bazasini yaratishga xizmat qiladi.
Abdushukur ABDULLAYEV,
“Geoinnovatsiya markazi” DUK direktori
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 8.07.22-yil sonida chop etilgan.)