Ushbu sertifikat vazirlik faoliyatining barcha yoʻnalishlarini qamrab oladi. ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikati korrupsiya holatlarining oldini olish, aniqlash, zarur choralarni koʻrish hamda korrupsiya xavfini kamaytirishga yoʻnaltirilgan maqbul va aniq mezonli chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Muvaffaqiyat formulasi

Adliya vazirligi ushbu sertifikatni qoʻlga kiritish uchun nimalar qildi? 

Vazirlik korrupsiyaga qarshi oʻz formulasini ishlab chiqqan holda, bu masalaga nisbatan kompleks yondashdi. 2018-yilning oxirida vazirlik tomonidan 2019-yilni shartli ravishda kadrlar va korrupsiyaga qarshi kurash yili deb eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan ikkita muhim hujjat: kadrlar bilan ishlash va korrupsiyaga qarshi kurash dasturlari ishlab chiqildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar huquqni muhofaza qilish organlarining ilgʻor tajribasi va amaliyoti ushbu dasturlar asosini tashkil etdi.

Masalan, xodimlar faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish tizimi joriy qilindi. Xodimlarning manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha deklaratsiyalari bazasini tuzish yoʻlga qoʻyildi. Adliya organlari va muassasalarida kadrlarni tanlash, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash, attestatsiyadan oʻtkazish, notariuslikka tanlov, yuridik xizmat xodimlarini lavozimga tayinlash boʻyicha suhbatdan oʻtkazishning mutlaqo shaffof tizimi oʻrnatildi. Mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi normalar kiritildi.

Ochiq va shaffof ishlash - korrupsiyaga qarshi kurashning muhim omilidir. Yana bir dastur - “Open Justice” (“Ochiq adliya”)ning ishga tushirilishi sababi ham ana shu. U jamoatchilikni vazirlik faoliyati (xodimlarni ishga qabul qilishdan tortib, uning moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlargacha boʻlgan) axborotlar bilan tanishtirishning yangi yondashuvi va mexanizmlarini oʻz ichiga oladi.

Birinchi bosqich: jamoatchilikni jalb qilish va ochiqlik

Dunyo tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, uchta oʻzaro bogʻliq soha – kadrlar, korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflik – borasida oʻzgarish qilmay turib, hech qanday davlat organini rivojlantirib boʻlmaydi.

Vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasining birinchi bosqichi 2019-yilning 1-yarmida amalga oshirildi. Bunda Adliya vazirligi korrupsiya xavflari va faktlarini, xodimlarning oʻz vakolatini suiisteʼmol qilishi yoki zarur paytda harakatsizligi holatlarini aniqlash maqsadida keng jamoatchilikni yordamga chaqirdi. Shu bois, adliya organlari va muassasalarida fuqarolarga audio va video yozuv vositalaridan foydalanishga ruxsat berildi. Jamoatchilik nazorati xodimlarning javobgarligini oshirish imkonini berdi.

Vazirlik huzurida korrupsiyaga qarshi kurash kengashi tashkil etildi. Korrupsiya xavflarini baholash uslubi tasdiqlandi, korrupsiya xavfiga moyil boʻlgan funksiyalar (vakolatlar) va lavozimlar roʻyxati tuzildi. Adliya organlari va muassasalari faoliyati boʻyicha oʻtkazilgan izchil tahlillar nafaqat korrupsiya xavfiga moyil boʻlgan yoʻnalish va sohalarni aniqlash, shuningdek, huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha oʻz vaqtida samarali choralarni qabul qilish imkonini ham beradi.

Telegram messendjerida aholi tomonidan adliya organlari va muassasalarida yuz berayotgan korrupsiya huquqbuzarliklari haqida tezkor xabar berish imkonini yaratish maqsadida maxsus @antikorbot boti ishga tushirildi. Oʻtgan vaqt davomida @antikorbot orqali 2,5 mingdan ziyod xabarlar kelib tushdi. Xizmat tekshiruvi yakunlariga koʻra, 20 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, toʻrt nafariga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Shu bilan birga, adliya organlari va muassasalari xodimlarining mehnat intizomi, axloq qoidalariga rioya qilishi, oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish maqsadida 2019-yilda 1 801 ta qisqa muddatli tekshiruvlar oʻtkazildi. Natijada, 160 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. “Sirli mijoz” boʻyicha oʻtkazilgan 1 344 ta tadbirlar yakunida yana 380 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.

Internet tarmogʻida notariuslar boʻsh ish oʻrinlariga tanlovlar onlayn-translyatsiya qilinishi yangiliklardan biri boʻldi. Bu bilan, birinchidan, xodimlarni saralab olishning maksimal shaffofligiga, ikkinchidan, vijdonli mutaxassislarni notarius lavozimiga ishga tayinlashga erishildi.

Ikkinchi bosqich: komplayens nazorat va idora siyosati

Bunda Singapur, Fransiya, AQSH, Germaniya va Latviya tajribasi, xalqaro tashkilotlar hisobot tahlillari va tavsiyalari oʻrganildi. Ular asosida tahliliy materiallar tayyorlandi va idora dasturiga tuzatishlar kiritildi.

Birinchi bosqich yakunlari boʻyicha erishilgan natijalar, bajarilgan ishlarning tanqidiy tahlili kuchli va zaif tomonlarni aniqlash, ikkinchi bosqich uchun harakatlar rejasini ishlab chiqishga yordam berdi.

Ikkinchi bosqich 2019-yilning iyul oyidan 2020-yilning avgust oylarini qamrab oldi. Bu vaqtda qanday ishlar amalga oshirildi?

Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha siyosati ishlab chiqildi, unda adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy yoʻnalishlari va yondashuvlari belgilandi. Shu bilan birga, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi komplayens nazoratni joriy etish boʻyicha choralar ham qabul qilindi.

Idoraning komplayens tizimi kasbiy va axloqiy meʼyorlarga rioya qilish, qonunchilik va ichki tartib-qoidalarni buzish xavfini kamaytirish hamda katta moddiy zararni bartaraf etishni koʻzlovchi ogohlantiruvchi va profilaktik chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda adliya organlari va muassasalarida “KPMG International” kompaniyasining xalqaro ekspertlarini jalb etgan holda, korrupsiyaga qarshi komplayens nazoratni joriy etish boʻyicha loyiha amalga oshirildi. Birinchi navbatda, tizim doirasida vazirlik va uning muassasalariga yuklatilgan funksiyalarni bajarishda korrupsiya xatarlari xavfi darajasi (492 ta) boʻyicha baholandi va tasniflandi. Soʻngra ularning taʼsirini kamaytirish boʻyicha huquqiy va tashkiliy choralar qabul qilindi. Xususan, vazirlikning 10 dan ziyod ichki hujjati (korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, korrupsiya toʻgʻrisidagi xabarlar bilan ishlash reglamenti, xavflarni baholashning uslubiy asoslari) tubdan yangilandi, vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi tashkil etildi.

Adliya organlari va muassasalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari joriy etildi. Xususan, xodimlar izchil oʻqitilmoqda, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida yangi e-study.adliya.uz platformasi ishga tushirildi. Korrupsiya huquqbuzarliklari va jinoyatlari minimal darajaga tushirildi.

Masalan, 2019-yilda adliya organlari va muassasalarining 6 nafar xodimiga nisbatan jinoiy javobgarlik ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa, ularning 
4 nafari korrupsiya jinoyatlari boʻyicha ishlar boʻlgan. 2020-yilning oʻtgan davrimobaynida esa 2 ta jinoyatqayd etildi.

Ishga qabul qilish va ishdan boʻshatishning shaffof tizimi: shikoyatlar soni 4 baravar kamaydi

Xodimlarni saralab olish va ishga tayinlash, ularni attestatsiyadan oʻtkazish va moddiy ragʻbatlantirishning shaffof tizimi yoʻlga qoʻyildi. Boʻsh ish oʻrinlariga xodimlarni ishga qabul qilish va tayinlash boʻyicha oʻtkazilgan tanlovlarda 3900 nafar nomzod ishtirok etdi. Ushbu tanlovlar keng jamoatchilikning onlayn nazorati ostida oʻtkazildi. Tanlovlar yakuniga koʻra, 1 300 nafar kishi turli lavozimlarga ishga tayinlandi. Xodimlar samaradorligini baholash jarayoni avtomatlashtirildi, kadrlar boshqaruvi boʻyicha elektron tizim ishlab chiqildi. 2020-yilning oʻtgan davrida xodimlarni ishga qabul qilish va ularni ishdan ozod etish bilan bogʻliq shikoyatlar soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 4 baravarga kamaydi.

Xodimlarning fuqarolar, boshqa tashkilotlar xodimlari, jumladan turli joylar va xorijiy mamlakatlarga uyushtiriladigan xizmat safarlari davomida sovgʻalar olishi taqiqlandi. Xorijiy safarlar davomida olingan sovgʻalar, vazirlikka oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida ham kontragentlarni tekshirish amaliyoti joriy qilindi, tuziladigan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi shartlarni majburiy kiritish tartibi oʻrnatildi. Tizimda korrupsiya huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi faktlardan xabardor qilish va aniqlangan holatlarni bartaraf etish maqsadida tashkiliy baza kuchaytirildi. @antikorbot Telegram-boti bilan birga “ishonch telefoni” va vazirlik veb-saytida maxsus murojaat shakli samarali qoʻllanilmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijasi – adliya organlari va muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning hatti-harakatlariga nisbatan shikoyatlar sonining keskin kamaygani boʻldi. 2019-yilning birinchi yarmida 1 119 ta ana shunday shikoyat kelib tushgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida bunday shikoyatlar soni 672 tani tashkil etdi.

Bu boradagi kompleks ishlar hali davom etmoqda. Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi siyosatida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni toʻliq amalga oshirish orqali organlar va muassasalarni korrupsiyasiz sohaga aylantirish ustuvor vazifalardandir.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi