Adolatli global tizim — Insoniyatning necha asrlik orzusi

    Fikr 24 Sentabr 2020 3768

    Bugungi pandemik vaziyat dunyoning eng yirik siyosiy uyushmasi faoliyatiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Garchi yil avvalida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi tantanali ruhda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlsada, kutilmaganda dunyo miqyosida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat tufayli onlayn shaklda tashkil etildi.

    Tabiiyki, kun tartibidagi asosiy masala ham dunyo hamjamiyatini oʻylantirayotgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash va u keltirib chiqargan, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish boʻldi.

    Pandemiya oqibatlaridan kelib chiqqan holda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish taklifi oʻrtaga tashlandi. Buning bosh maqsadi esa “har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish” tamoyili butun afkor ommasini befarq qoldirmasligi aniq. Eʼtibor bering: adolatli global tizim. Insoniyatning necha asrlik orzusi emasmi bu!

    Pandemiya saboqlarini toʻgʻri anglagan holda davlatimiz rahbari tomonidan BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish gʻoyasi ham ushbu illatga yolgʻiz kurashib boʻlmasligining ifodasi sifatida yangradi. Zero mazkur hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

    Prezidentimiz mazkur nutqi tarixiy voqelik boʻlib, dunyo hamjamiyati uchun taraqqiyotga xizmat qiluvchi gʻoyalar tashabbuskori, novator sifatida yana bir bor gavdalandi.

    Bugunga kelib, davlatimiz rahbarining 2017-yilda BMT minbaridan turib Oʻzbekiston va xalqaro hamjamiyat borasida bildirgan tashabbuslarining aksariyati hayotga tatbiq etilgani nutqda birma-bir asoslantirilgani, hamjamiyat vakillarining ushbu maʼruzaga eʼtiborini yana-da oshirgani ham ayni haqiqat.

    “Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha dunyo parlamentariylarining oʻrnini oshirishi tabiiy. Bu jarayonda jamiyatda inson huquqlarini, adolatni taʼminlash boʻyicha qonun ijodkorligi yoʻnalishida parlament aʼzolari uchun oʻzaro tajriba almashish imkoniyati yaratiladi. Albatta, Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar natijasi oʻlaroq mamlakatimiz parlamentida ham inson huquqlariga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha tajriba shakllanganini ham qayd etish joiz. Oʻtgan toʻrt yillik davr mobaynida deputatlarimiz tomonidan mazkur yoʻnalishda 100 dan ortiq qonunlar qabul qilinishga erishildi. Ayni shu jihat ham davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishini namoyon etib beradi.

    Albatta, inson huquqlarini taʼminlashning huquqiy asosi bilan birga iqtisodiy jihati ham birdek muhim. Farovon, toʻkin yashash ham huquqlarimiz sirasiga kiradi. Bu borada mamlakatimiz Prezidenti, davlatimiz tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish kabi islohotlar bilan bir qatorda mintaqada hamkorlikni kuchaytirish asosiy maqsadimiz ekanligini yana bir karra taʼkidladilar. Mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashni Markaziy Osiyo davlatlarining har biri oldida turgan muhim strategik vazifa sifatida qaralganining oʻziyoq masalaning dolzarbligidan dalolatdir. Albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish boʻyicha tashabbus bu boradagi harakatlarni muvofiqlashtirib turishi nazarda tutilgan. Barcha jihatlari chuqur tahlil va aniq hisob-kitoblarga asoslangan ushbu tashabbusning tez orada amalga oshishi qardosh xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yurtimiz yoshlar siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib: “Mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatmoqda. Fursatdan foydalanib, yana bir bor Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqiraman” deya biz yoshlarga yurtimiz ravnaqi yoʻlida oʻz hissamizni qoʻshishimiz uchun motivatsiya berdilar va bizlarga boʻlgan ushbu yuksak ishonchni albatta bor bilim va tashabbuslarimizni safarbar etgan xolda oqlaymiz.

    Bundan tashqari Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

    Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan Afgʻoniston masalasida Prezidentimizning taklifi juda katta xalqaro ahamiyatga ega, albatta. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etilishi jafokash Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishi shubhasiz.

    Pandemiya sabab global muammolar kuchayganligi, xususan, “tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur” degan soʻzlari orqali Prezidentimizning insonparvar ekanliklarini butun dunyo aholisi yana bir bor his etgan boʻlsa ajab emas.

    Maʼruzada ilgari surilgan xalqaro tashabbuslarni diqqat bilan tizimlashtirar ekanman, ular soʻnggi toʻrt yilda yon-atrofimizda, mamlakatimizda bizning guvohligimizda boʻlganini anglab yetdim. Gʻururlandim. Oʻzbekistondagi tashabbuslarni, endi dunyo hamjamiyati ham yangilik sifatida qabul qila boshladi. Natija olib kelayotgan, xalqini rozi qilayotgan, iqtisodiy farovonlikni taʼminlayotgan islohotlar barchani qiziqtirishi tabiiy hol. Bu esa yana bir bor yangi Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmasligidan dalolatdir.

    Islombek Umirov,

    Oʻzbekiston XDP Samarqand viloyat Kengashi

    Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini

    oshirish masalalari sektori mudiri,

    Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori.