“AGROCOMP” fermer va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlaydi

    Agrosektor 5 Iyun 2020 3048

    Loyiha tashkilotchilari bepul vebinarlar o'tkazish bilan birga, aholining ayrim guruhlariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashida huquqiy yordam berishni maqsad qilgan.

    2017 yilning mart oyida ish boshlagan “AGROCOMP” loyihasi Evropa Ittifoqi, Italiyaning Milan shahridagi «Formaper» savdo agentligi, hunarmandchilik va qishloq xo'jaligi palatasi, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (Toshkent) va Qozog'iston Respublikasining YUOL savdo va sanoat korxonalari uyushmasi (Olmota) hamkorligida tashkil etilgan bo'lib, yurtimizda agrosanoat, fermer xo'jaliklari vakillari hamda tadbirkorlarga bepul huquqiy maslahatlar berish, ularni kreditlash tizimiga tayyorlash va biznes reja tuzishga ko'maklashish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

    Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan mazkur loyiha doirasida shu kunga qadar o'zbekistonlik 20 nafar qishloq xo'jaligi mutaxassislari maxsus "study visit" hamda "twinning" dasturlari asosida Italiyada malaka oshirib qaytdi. Ishtirokchilar u erda turli treninglarda qatnashib, evropalik soha mutaxassislari bilan ishlash imkoniyatiga ega bo'ldi. YUrtdoshlarimizning Italiyaga safari mamlakatimizda olma va boshqa mevalarning yangi turlari paydo bo'lishiga ham xizmat qildi. Ularning sa'y-harakatlari bilan "Vitro plant" hamda "Battistini" ko'chatzorlaridan gilos va shaftolining yangi turlari olib kelinib, O'zbekistonda ekildi.

    Italiyada malaka oshirib qaytgan mutaxassislar hozirda “AGROCOMP” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bepul onlayn vebinarlarda ishtirok etib, yurtimizdagi agrosanoat sohasiga qiziquvchi yoshlar, qishloq va fermer xo'jaliklariga onlayn treninglar o'tmoqda. Vebinar spikerlari orasida menejment, marketing, agrosanoat, kadrlar bilan ishlash, servis sohalarida uzoq yillik ish tajribasiga ega mahalliy va xalqaro biznes-murabbiylar, mutaxassis hamda yirik ishbilarmonlar ham bo'lib, qatnashchilar ulardan onlayn maslahatlar bilan birga, o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olish, zamonaviy biznes-keyslar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Har kuni tashkil etilayotgan onlayn vebinarlarda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining @bmguz telegram tarmog'i orqali istalgan kishi ishtirok etishi mumkin.

    – YUrtimiz ulkan agrosalohiyatga ega mamlakat bo'lib, bu erdagi qulay tuproq va iqlim sharoiti dehqon va fermerlarga katta hosil etishtirish imkonini beradi, – dedi loyiha menejeri Farruh Omonov. – SHu bois, so'nggi yillarda bu sohada barqaror o'sish sur'atlari yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz bepul onlayn vebinarlar orqali qishloq xo'jaligi ohasida olib borilayotgan mazkur ishlarni pandemiya davrida ham susaytirmaslik va bu borada dehqon hamda fermerlarga zarur maslahatlarni berish bilan mamlakatimizda agrar sohani yanada rivojlantirishga o'z hissamizni qo'shishdan iborat.

    Loyiha tashkilotchilari bepul vebinarlar o'tkazish bilan birga, aholining ayrim guruhlariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashida huquqiy yordam berishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida ayniqsa, ayol tadbirkorlarga alohida e'tibor qaratiladi. Xususan, qishloq joylarda yashovchi 100 ga yaqin izlanuvchan, ishbilarmon ayollarga kelajakda o'z bizneslarini ochishlarida yuridik maslahatlar berish, ular uchun soha professionallari ishtirokida bepul biznes trening va vebinarlar tashkil etish rejalashtirilgan. SHuningdek, fermerlar uchun kreditlash bo'yicha biznes-reja tayyorlashda amaliy ko'mak berish ham ko'zda tutilgan.

    Aytish joizki, ayni vaqtida amalga oshirilayotgan bunday loyiha va dasturlar mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlarning bir qismiga aylanib ulgurdi. Muhimi, ular nafaqat tadbirkorlar, balki aholining barcha qatlamida katta qiziqish uyg'otib, insonlarning qishloq xo'jaligi va tadbirkorlik sohasiga oid bilim va ko'nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda.