Aholi yer uchastkasini xususiylashtirishi mumkin. Bu nima beradi?

    Yangi reglamentga ko'ra, yer uchastkasi fuqaroga mulk huquqi asosida sotiladi.

    Vatan ichra “kichik Vatan” qurish niyatida er sotib olamiz. Unga imorat qurib, o'z nomimizga rasmiylashtiramiz. Ammo turar joy binosigina bizning mulkimizga aylanadi. Yer esa davlat mulki bo'lib qolaveradi. Boisi, shu vaqtgacha davlat fuqaroga er uchastkasini foydalanish, egalik qilish yoki ijaraga bergan.

    Endilikda bu tartib o'zgarmoqda. Yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslar o'zlariga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkinligiga oid tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi. Unga ko'ra, yer uchastkasiga mulk huquqi belgilangandan so'ng yerni mulkdordan faqat sotib olish mumkin bo'ladi. Agar fuqaro yer uchastkasini berish yoki sotishni istamasa, uni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun shunchaki olib qo'yilishiga yo'l berilmaydi.

    “Snos” — ko'pchilikni qiynab kelayotgan masala. Shu bois, bu yangilik yurtdoshlarimizda qiziqish uyg'otdi. Tahririyatimizga yo'llangan savollar orasida “biz yashab turgan hovli-joy eri o'zimizga tegishli emasmi, uni xususiylashtirish uchun qayerga murojaat qilishimiz kerak, xususiylashtirish tartibi va to'lovi qanday?” kabi so'rovlar ko'p bo'ldi. Mavzu bo'yicha ma'lumotlarni olish maqsadida mutaxassisga murojaat qildik.

    — Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi tegishli qarori bilan “O'zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish, ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo'lgan er uchastkalarini xususiylashtirish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishga doir” Ma'muriy reglament tasdiqlandi, — deydi Davlat kadastrlari palatasi raisi Mohir Valiyev. — Bu nima degani? Bilamizki, shu kungacha fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanadigan noturar joy ob'ektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi. Ya'ni bino sizniki bo'lsa ham, yer uchastkasi davlatga tegishli bo'lgan. Shu bois, ko'pchilik yer uchastkasini davlat extiyojlari uchun olib qo'yilishi mumkinligi yoki istalgan vaqtda yer maydoni “snos”ga tushishidan havotirlanib yashaydi. Yangi reglamentga ko'ra, yer uchastkasi mulk huquqi asosida sotilishi belgilandi. Bu, eng avvalo, fuqaroning yer uchastkasiga bo'lgan mulkchilik huquqini kafolatlaydi. Ya'ni, hovlisi joylashgan yer maydoni ham uy egasining o'ziga tegishli bo'ladi. Endi, yerni undan davlat ham olib qo'ya olmaydi, faqat bozor narxida sotib olishi mumkin.

    Yer uchastkasini xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy. Buning uchun fuqaroni majburlash qonunan taqiqlanadi. Talabgor tegishli to'lovni amalga oshirgach, yer uning xususiy mulkiga aylanadi.

    Xususiylashtirish tartibi qanday?

    Aksariyat xorij davlatlarida bu tajriba qo'llaniladi. Fuqaro o'zi yashab turgan yerga o'zi egalik qilgani holda, uni rozi qilmasdan turib, yer uchastkasini sotib olishning imkoni yo'q. Ko'plab insonlar turar joyi yerini sotishdan bosh tortgani sabab, turli davlatlarda loyihalashtirilgan yirik loyihalar bir necha yilga cho'zilib ketgani haqida ham eshitganmiz.

    Jamiyatda xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash inson huquq va manfaatlarini himoyalashning bosh omillaridan sanaladi. Mamlakatimizda joriy etilgan yangi tizim ham, birinchi galda, aholining o'z uy-joyi, yer uchastkasiga o'zi egalik qilishini kafolatlashga qarilgan.

    Reglamentga ko'ra, yerni xususiylashtirish qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yerlarga nisbatan amal qiladi. Bular yurtimiz fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amaga oshirish uchun berilgan, xususiylashtirilishi lozim bo'lgan davlat ko'chmas mulk obyektlari joylashgan hamda bo'sh turgan yer uchastkalaridir. O'zbekiston Respublikasining “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to'g'risida”gi qonunida qanday yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligi ham izohlanadi.

    Shunday qilib, siz o'zingiz yashab turgan hovli-joyning yer uchastkasini xususiylashtirishga qaror qildingiz. Buning uchun ko'chmas mulkning yer uchastkasiga tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish lozim. Demak, ishni jismoniy yoki yuridik shaxs sifatida Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoxud Yagona davlat interaktiv portali (my.gov.uz) orqali ariza bilan murojaat qilishdan boshlaysiz.

    — Ariza qoldirilgan vaqtda fuqaroning yer uchastkasiga bo'lgan huquqlari davlat ro'yxatidan o'tkazilgan bo'lishi kerak, — deydi Mohir Valiyev. — Tartibga ko'ra, o'ziga tegishli yerni xususiylashtirish jarayoni 22 ish kunigacha, bo'sh yerlar auksion orqali sotib olinganda esa 16 ish kunigacha bo'lgan muddatda amalga oshiriladi.

    Yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun taqdim etilgan ariza Kadastr agentligi va Qurilish bo'limlariga yo'naltiriladi. Davlat kadastrlari palatasining tuman(shaxar) filiallari yer uchastkasi ariza bergan fuqaroning nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yo'q, ya'ni ro'yxatdan o'tkazilganini tekshiradi. Mazkur yer uchastkasi o'zgarmagani, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarning davlat reestridagi ma'lumotlarga muvofiqligi, obyekt bo'yicha taqiq va cheklovlar mavjud emasligi joyiga chiqqan holda o'rganiladi. Kadastr hujjatlari, xususiylashtirishga monelik qilmaydigan barcha tomonlar tekshirib chiqiladi.

    Qurilish bo'limlari esa yer uchastkasi joylashgan hududning shaharsozlik me'yorlariga, qurish hujjatlariga mosligini o'rganadi. Shundan so'ng fuqaroga xususiylashtirish uchun to'lovni amalga oshirish haqida xabarnoma yuboriladi. Xususiylashtirish to'lovi mulkdorlar va yerdan foydalanuvchilar uchun o'sha kunda belgilangan bazaviy soliq stavkasining 20 barobari etib belgilangan.

    To'lov amalga oshirilgach, Davlat aktivlarini boshqarish hududiy boshqarmasi yer uchastkasiga mulk huquqini beruvchi davlat orderini rasmiylashtiradi. Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasi esa yer uchastkasiga bo'lgan huquqni davlat ro'yxatidan o'tkazadi.

    Boshqa birov sotib ololmaydi

    Qonuniylik, ixtiyoriylik, haq to'lash, xususiylashtiriladigan er uchastkalari va ularda joylashgan ko'chmas mulk ob'ektlarining yaxlitligi, ochiqlik va shaffoflik — bular yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari hisoblanadi. Shulardan biriga amal qilinmagan taqdirda ham xususiylashtirish amalga oshirilmaydi.

    — Ba'zan fuqaro o'zi egallab turgan yer uchastkasini xususiylashtirish uchun ariza beradiyu, lekin ayrim sabablarga ko'ra xususiylashtirish rad etiladi yoki fuqaroning o'zi tomonidan bekor qilinadi, — deydi Mohir Valiyev. — Balki to'lov summasini to'lash yoki boshqa huquqiy masalalarda yuzaga kelgan muammo bunga sabab bo'lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda yer uchastkasi hususiylashtirilmaydi. Biroq bu yer uchastkasiga bo'lgan avvalgi huquq bekor qilinadi, degani emas. Oldingi huquq qanday bo'lsa, shundayligicha saqlanib qoladi.

    Yer uchastkasiga bo'lgan mulkdorlik huquqi fuqaroga nafaqat bino-inshoot, balki uning erini ham alohida sotish imkonini beradi. Shuningdek, bu erdan garov obyekti sifatida foydalanish mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo'yib, ipoteka krediti olish imkoniyati ham bor.

    Xususiylashtirish jarayonida har bir jismoniy va yuridik shaxs o'ziga tegishli bo'lgan yer uchastkasini faqat o'zi sotib olishi mumkin. Bu yer auksionga qo'yilmaydi, boshqa odam sotib olishi yoki o'zga kishiga o'tib ketishi ham mumkin emas. Ya'ni, mulkdorning ixtiyoridagi yer uchastkasiga uning roziligisiz hech kim dahl qila olmaydi.

    “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to'g'risida qonunning 34-moddasida belgilangan jihatlar bundan mustasno. Aniqrog'i, ayrim hollarda xususiylashtirilgan yer mulkdordan olib qo'yilishi mumkin. Xususan, yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olinganda, yerga ijro hujjatlari bo'yicha undiruv qaratilganda, yer musodara qilinganda va epidemiya, tabiiy ofat vaqtida yer rekvizitsiya qilinganda olinadi.

    Aytish joizki, qonunchilikda shu vaqtgacha yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqi bo'lmagan. Yangi tizim so'nggi yillarda yurtimizda yer sohasida amalga oshirilayotgan tezkor islohotlarning samarasi. Endi odamlar nafaqat hovli-joy, balki yer uchastkasining ham qonuniy mulkdoriga aylanadi. Bu yerga egalik qilishni istagan har qanday kishi ana shu mulkdor bilan hisoblashadi. Asosiysi, xususiy mulk daxlsizligi qonuniy himoyalanadi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri