Biolaboratoriyalar qo'shimcha daromad manbaiga aylanmoqda

    Aholi xonadonida biolaboratoriya tashkil etib, foydali hasharotlarni ko'paytiryapti.

    Bahor mavsumi qishloq xo'jaligida zarur agrotexnik va biologik kurash tadbirlarini amalga oshirish uchun sermahsul davr. Aynan shu faslda o'simlik zararkunandalariga qarshi kurash tadbirlarining birinchi bosqichi amalga oshiriladi. Ularning o'z vaqtida va to'g'ri tashkil etilishi yuqori hosildorlik garovidir.

    Aprel oyining ilk kunlaridan respublika bo'ylab boshlangan ana shunday tadbirlar davomida tabiatda biofonni rivojlantirish va zararkunandalar keng tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi biologik kurash ishlariga kirishilgan. O'simliklar karantini va himoyasi agentligining viloyat, tumanlar bo'limlari inspektorlari bog' va dalalarni o'rganish asnosida zararkunandalar tarqalgan yoki shunday xavf mavjud hududlarda tezkor profilaktik tadbirlarni amalga oshiryapti. eksportga yo'naltirilayotgan mahsulotlar fitosanitar nazoratdan o'tkazilmoqda.

    Jahonda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga talab kun sayin ortib boryapti. Taklif etilayotgan mahsulot sifati xalqaro standartlarga mos, fitosanitar talablariga javob bersagina xorij bozorlarida o'z o'rnini topadi. So'nggi yillarda yurtimizda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hamda eksport ko'lamini oshirish borasida barcha zaruriy choralar ko'rilmoqda. Joriy yil 31-mart kuni Prezidentimiz raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishi mazkur yo'nalishda belgilangan vazifalarning ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda eksportchilar, oziq-ovqat va iste'mol tovarlari ishlab chiqaruvchilarga qo'shimcha kredit mablag'lari ajratilishi belgilandi.

    Tadbirkorlarga berilayotgan ana shunday imtiyozlar sabab yurtimizda eksport hajmi yil sayin oshib boryapti. Xususan, joriy yilning birinchi choragida 258,6 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot xorijga eksport qilindi. Bu o'tgan yilning mos davriga nisbatan 26,4 foizga yuqori ko'rsatkich.

    May oyining birinchi kunlaridan esa O'zbekistonda gilos eksporti mavsumi boshlandi. Diyorimiz jahon bozorida gilosning eng yirik eksportyorlaridan sanaladi — bu borada dunyoda 5-o'rinda turamiz. Qolaversa, hududlarimizda pishib etilayotgan boshqa sarhil mevalar ham tadbirkorlar tomonidan xorij bozorlariga etkazilyapti. Birgina Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumanidagi “Gold fresh fruits” MCHJda 650 gektar maydonda gilos, o'rik, shaftoli va olxo'ri etishtirilmoqda. Tayyor mahsulotlar Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, BAAlarga eksport qilinyapti.

    Ammo hamma mahsulotni ham chet davlatga chiqarish qiyin. Buning uchun tayyorlanayotgan mahsulotlar fitosanitar xavfsiz, turli kasallik va zararkunandalardan holi bo'lishi lozim. Bunda O'simliklar karantini va himoyasi agentligi inspektorlari tomonidan olib borilayotgan biologik kurash tadbirlari muhim ahamiyatga ega.

    Zararkunandalarga qarshi biologik kurash

    Biologik kurash usuli o'z-o'zidan tabiiy sharoitlarni nazarda tutadi. Bunda o'simliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi biomahsulotlar, ya'ni foydali hasharotlardan foydalaniladi. Laboratoriya sharoitida ko'paytirilgan oltinko'z, trixogramma, brakon singari entomofaglar (foydali hashorotlar) dalaga tarqatiladi va ular zararli hasharotlarni yeb tugatadi.

    Biologik kurash usuli an'anaviy kimyoviy usulga nisbatan ko'plab afzalliklarga ega. Birinchi navbatda, biomahsulotlar xavfsiz va ekologik toza kurash vositasi bo'lib, inson organizmi va atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Qolaversa, foydali hasharotlar dalaga tarqatilgandan so'ng o'z-o'zidan ko'payaveradi. Ularni qayta-qayta uchirishga ehtiyoj bo'lmaydi. Taqqoslaydigan bo'lsak, zararli organizmlarga qarshi kimyoviy vositalar bilan kurash olib borilganda ma'lum muddatdan keyin zararkunandada “moslashuvchanlik” (adaptatsiya) holati kuzatiladi. Bu esa yangi turdagi kimyoviy vositalardan foydalanishni taqozo etadi. Natijada pestitsidlardan qayta-qayta foydalanish yoki ularning yangi, kuchliroq turlariga o'tilishi o'simlik va hayvonot dunyosiga, inson salomatligiga salbiy ta'siri ko'payishiga sabab bo'ladi.

    Entomofaglardan foydalanish biologik kurash qamrovini yanada kengaytirish va organik qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirishga xizmat qiladi. Foydali hasharotlarni laboratoriya sharoitida ko'paytirish kimyoviy vositalardan foydalanishdan ko'ra arzon hamdir.

    2022-yilda ekin maydonlarida biologik kurashdan foydalanishni kengaytirish va yuqori hosildorlikka erishish maqsadida o'tgan yilning noyabr` oyidan boshlab 3 646 million dona brakon, 7 189 kilogramm trixogramma va 4 967 million dona oltinko'z entomafaglari, ya'ni foydali hasharotlar ko'paytirilgan.

    Odatda, foydali hasharotlar havo harorati o'rtacha 15 darajadan yuqori bo'lganda dala maydonlariga tarqatiladi. Masalan, oltinko'z tuxumi o'simlik shiralari, trips va o'rgimchakkana, tunlam kapalaklarining tuxumi va yosh lichinkalari ko'payishining oldini olish maqsadida mart oyidan dala chetlariga qo'yib chiqiladi. Odatda, oltinko'zning faqat lichinkalari samara beradi. Ammo uni ko'paytirish qiyin bo'lgani uchun, tuxum yoki yetuk zoti (imago) tarqatiladi.

    Oltinko'z tuxumlari dalaga gektariga 1000—2000 dona hisobida ekin turiga qarab tarqatiladi. Bu hasharot o'rtacha 200—300 dona tuxum qo'yadi. Lichinkasi yoshiga qarab kuniga 50—60 ta o'simlik biti, 20 tagacha o'rgamichakkana bilan oziqlanishi, xayoti davomida 800 tagacha har xil hasharot lichinkalari va tuxumlarini yeyishi mumkin.

    Trixogramma (T.pintoi Voegele) esa tekinxo'r hasharot bo'lib, u zararli tangacha qanotli hasharotlar tuxumlariga o'z tuxumlarini qo'yib rivojlanadi va zararkunanda hashorotni to'liq tuxum holatida yo'q qiladi. Trixogramma urg'ochi zotlarning pushdorligi 25—40 dona don kuyasi tuxumlarini zararlash xususiyatiga ega. Bu foydali hashorotni ko'sak qurti tuxumiga qarshi qo'llaganda, 1 gektar maydonda 400 nuqtaga qo'yilishi mumkin.

    Umuman, foydali hashorotlar kutilgan natija berishi uchun ularni kerakli vaqtda qo'llash zarur. Buning uchun qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarning er maydonlaridagi xavfli, zararli organizmlar o'choqlarini o'z vaqtida aniqlash muhim ahamiyatga ega. Ularga qarshi birinchi navbatda feromon tutqichlardan foydalanish yaxshi natija beradi. Zamonaviy tutqichlar zararkunandalarning qachon uchgani, ekinga qachon tushayotganini aniqlash barobarida, ularga qarshi kurashish chora-tadbirlarini o'tkazish muddatlarini ham belgilab beradi. Bu tutqichlar ilib olgan zararkunandalar kapalaklarining soniga qarab belgilanadi. Hozirda mutaxassislar tomonidan feromon tutqichlar raqamlashtirilib, kapalaklarning kunlik nazorati olib borilmoqda.

    Qo'shimcha daromad manbai

    Bugungi kunda yurtimizda foydali hasharotlardan brakon, trixogramma, oltinko'z kabi keng tarqalgan turlardan tashqari enkarziya, entomopatogen nematodalar ham laboratoriya sharoitida ko'paytirilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 15-iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan biologik qarshi kurash usullarini sohaga keng joriy qilish barobarida, o'simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar tizimini rivojlantirish vazifalari ham yuklatilgan.

    O'tgan davr mobaynida yurtimizda 640 ta biolaboratoriya tashkil etilib, ularning ko'p qismi Andijon, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Ahamiyatlisi, bunday biolaboratoriyalar aholi xonadonlarida ham tashkil etilyapti. Bu orqali odamlar bandligi ta'minlanmoqda. Ishni boshlab olgan xonadonlarga mutaxassislarimiz amaliy ko'mak berish bilan birga, turli treninglar orqali aholining bu boradagi bilimini oshirib boryapti.

    Samarqand viloyati Narpay tumanida istiqomat qiladigan Jonibek ernazarov o'z xonadonida biolaboratoriya tashkil etib, 6 kishini ish bilan ta'minladi. Bu yerda oltinko'z, trixogramma va brakon entomofaglari ko'paytirilyapti. Xonadon egasi ish jarayoni ekologik toza, ortiqcha xarajatlarsiz ekani, qolaversa, qo'shimcha daromad manbaiga ega bo'lganidan mamnun. Biolaboratoriyada ko'paytirilayotgan foydali hasharotlardan tumandagi g'alla, paxta maydonlari, shuningdek, xonadonlardagi mevali daraxtlar, issiqxona ekinlarini zararkunandalardan tozalashda foydalanilyapti.

    Biomahsulotlarni ko'paytirish uchun ko'p narsa talab etilmaydi. Ular asosan turli hajmdagi bankalarda ko'paytiriladi. Bankalarga mayda garmoshka qilingan qog'ozchalar joylanib, keyin belgilangan miqdordagi jonlangan trixogramma solinadi. Trixogramma qog'ozchalarga o'rnashib olgandan keyin dalaga chiqarib qo'yiladi. Foydali hashorot havoning harorati 26—30 gradus iliq, nisbiy namligi esa 50—70 foiz bo'lganda yaxshi rivojlanadi.

    Oltinko'z esa biolaboratoriya sharoitida shisha bankalarda ko'paytiriladi. Lichinkalar shisha banka ichida g'umbakka aylanib, sharoitga qarab 16—20 kundan keyin oltinko'z imagolari uchib chiqadi. Xona harorati va namlikning belgilangandan yuqori yoki past bo'lishi ularning rivojlanishini kechiktiradi.

    Hozirgi vaqtda respublika bo'yicha mavjud 2 million 720 ming 687 gektar ekin maydonlarining 2 million 15 ming 95 gektarida biomahsulotlardan foydalanish ishlari tashkil etilgan. Biologik kurash uchun entomofaglarni ekin maydonlariga yetkazishda ularni tashish qoidalariga rioya qilgan holda, biomahsulotlar maxsus idishlarda, yopiq holda amalga oshirilishi talab etiladi. Transport vositasida tashish erta tong yoki kechki paytda amalga oshirilib, tashish vaqti 12 soatdan oshmasligi lozim. Entomofaglarni saqlash muddati 1 kundan 30 kungacha muddatni tashkil etadi.

    O'simliklar karantini va himoyasi agentligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Butunrossiya o'simliklar karantini markazi — VNIIKR bilan “Yo'l xaritasi” tasdiqlangan bo'lib, bugungi kunda yangi turdagi entomofaglarni laboratoriya sharoitida ko'paytirish, ularning iqlimlashtirilishi va samaradorligini dala sharoitida tekshirishda hamkorlikda ishlari olib borilmoqda.

    Qolaversa, respublikada mavjud har bir biolaboratoriyaga kamida 10 tadan xonadonlarni biriktirish va biolaboratoriya shaxobchalarini tashkil qilish orqali aholi tomorqalariga xizmat ko'rsatish tizimini joriy etish, shuningdek, yangi ish o'rinlari yaratish ham belgilangan. Endilikda, biolaboratoriya shaxobchalarining har biriga alohida xodim biriktiriladi. Bu ish samaradorligini yanada oshirib, o'simliklarni zararkunandalardan himoyalash, sifatli oziq-ovqat yetishtirish va eksport ko'rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladi.

    Ibroxim ERGASHEV,

    O'simliklar karantini va ximoyasi agentligi bosh direktori

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 16.05.22, 96-sonida chop etilgan)