AI-80 benzinidan nima uchun voz kechishimiz kerak?

    Bugungi kunda AI-80 benzini ko'p mamlakatlarda taqiqlangan, hatto neft mahsulotlarini to'liq import qiladigan Qirg'iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste'moldan olingan. Hozircha mintaqada faqat O'zbekiston va Afg'onistonda ushbu markali benzindan foydalanish davom etyapti.

    Mamlakatimizda ekologik muammolar jiddiy xavfga aylangan. Odamlar havoning kuchli ifloslanishi salomatlikka yomon ta'sir ko'rsatishidan havotirda. Mutasaddilar esa nihoyat masalaga o'z munosabatini bildirib, aniq choralar rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay, O'zbekistonda 2026-yilgacha AI-80 benzinidan voz kechilishi aytildi. Avvalroq, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy omillardan biri qatorida sifatsiz yonilg'ida ishlaydigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan chiqindilarni keltirgan edi. SHunday bo'lsa, nega aynan aholi uchun hamyonbop bo'lgan AI-80 benzinidan voz kechilishi kerak? Yuz.uz mavzuni tahlil qilar ekan, faktlar va asoslarga e'tibor qaratdi.

    O'tgan yilning 29-dekabr kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo'yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, og'ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda Yevro-4 standartidan past bo'lgan yonilg'ini ishlatishning atrof-muhitga zararini kamaytirish mexanizmlari ishlab chiqilishi aytilgan.

    Undan oldinroq energetika vazirligi ham O'zbekistonda AI-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi. Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, bugungi kunda AI-80 benzini ko'p mamlakatlarda taqiqlangan, hatto neft mahsulotlarini to'liq import qiladigan Qirg'iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste'moldan olingan. Hozircha mintaqada faqat O'zbekiston va Afg'onistonda ushbu markali benzindan foydalanish davom etyapti.

    Mutaxassislar AI-80 markali benzindan voz kechishimiz kerakligining asosiy sababi sifatida uning sifati xalqaro standartlarga javob bermasligi hamda undan foydalanayotgan texnika vositalari atmosferaga me'yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotgani bilan izohlamoqda. Joriy yilning 7-fevral kuni “Yangi O'zbekiston” gazetasida iqtisodiy sharhlovchi Abdurauf Qorjovovning ayni mavzudagi tahliliy maqolasi e'lon qilindi. Unda jurnalist AI-80 benzinidan voz kechish omillarini izohlar ekan, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning shu masalaga doir interv`yularidan birini keltiradi. “AI-80 benzini taqiqlanadigan, AI-90, AI-92 benziniga o'tiladigan bo'lsa, olimlarimizning hisob-kitobiga ko'ra, havo sifati 40 foizga yaxshilanadi. Bu — fakt. AI-80 benzinini taqiqlagandan keyin bu ham o'ziga yarasha kimgadir qo'shimcha iqtisodiy yuk bo'ladi, deb aytish mumkin, buni ham oldindan bilish kerak. ekologiya masalalarining yechimi ertaga qo'shimcha iqtisodiy xarajatlar keltirib chiqarishini yaxshi tushunish lozim. Lekin bir narsani aytish mumkinki, birinchidan, AI-80 benzini, haqiqatan, juda toksik, sog'liqqa zarar, zaharli. Ikkinchidan, AI-80 benzini AI-90, AI-92 benzinidan ko'ra kamroq masofaga etadi, moy ko'proq eydi, xarajati ham 100 kilometr masofaga hisoblab chiqsangiz, AI-92 bilan deyarli bir xil, motor tezroq ishdan chiqadi”, deydi Aziz Abduhakimov.

    Agar AI-80 benzini haqiqatan sifat standartlariga javob bermasa, ekologiya uchun shunchalik zararli bo'lsa, nega shuncha yillar davomida undan voz kechish haqida gapirilmagan? Balki bu shu vaqtga qadar AI-80 benzini o'rnini bosadigan muqobil variantlar taklif etilmagani bilan bog'liqdir. Xo'sh, hozirchi, hozir bunday variantlar bormi?

    Ma'lumotlarga ko'ra, 2021-yili O'zbekistonda 3 million 200 mingga yaqin mashina bo'lgan, hozirgi kunga kelib, bu raqam deyarli 5 millionga yetdi. Toshkentda har kuni 1 millionga yaqin avtomobil harakatlanadi. Ularning asosiy qismi AI-80 benzinida yuradi. energetika vazirligi ma'lumotlarida keltirilishicha, O'zbekistonda iste'molchilarning benzinga bo'lgan kunlik talabi o'rtacha 5 ming tonnani tashkil etib, shundan 3650 tonnasi AI-80 benzini hissasiga to'g'ri keladi. Bu 60-70 foizdan ko'p degani. Havo harorati pasayganda esa, gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilishi ortidan benzinga bo'lgan kunlik talab 8 ming tonnaga oshib, shundan 7,5 ming tonnasi Ai-80 benzinini tashkil etadi.

    Davlat organining ta'kidlashicha, 2022-yilda mamlakatimizda 1,255 million tonna benzin ishlab chiqarilgan bo'lsa, 2023-yilda bu hajm 1,334 million tonnani tashkil etdi. Iste'molchilarga 1,46 million tonna yonilg'i yetkazib berilib, ushbu hajmning asosiy qismi AI-80 benziniga to'g'ri kelgan.

    Ushbu talab ortidan yuzaga kelayotgan tebranib turuvchi narxlar ham aholining ko'plab muhokama va e'tirozlariga sabab bo'lmoqda. Mutasaddilarga o'tgan yil boshida benzin bo'yicha etarli zaxira yaratishsh topshirig'i berilgan. Narx oshmasligi uchun benzin bir yil davomida aktsiz solig'idan ham ozod qilingan edi. SHunga qaramay, benzin o'tgan yil davomida o'rtacha 19 foizga qimmatladi.

    Avvaliga, 2022-yilning dekabr oyidagi anomal sovuq tufayli gaz quyish shoxobchalarilarining faoliyatiga cheklovlar o'rnatilgach, Hukumat tomonidan AI-80 benziniga imtiyoz sifatida aktsiz solig'iga “nol” qiymat joriy etildi. Natijada benzin narxi 6800 so'mdan 5700 so'mga qadar tushirildi, keyinchalik esa 6050 so'm etib belgilangandi. Ushbu imtiyoz 2023-yilning mart oyiga qadar joriy etilgandi, ammo keyinchalik 2023-yilning yakuniga qadar davom qilishi xabar qilindi. 2024-yilning yanvar oyidan e'tiboran esa, AI-80 benziniga qo'llanilgan imtiyoz yakuniga etishi munosabati bilan narx yana 6800 so'm etib belgilandi.

    Energetika vazirligi holatga munosabat bildirar ekan, o'z vaqtida bu imtiyoz metan gazi bilan bog'liq muammoni qisman yopgan bo'lsa-da, keyinchalik undan ko'proq xususiy avtomobillarga yonilg'i quyish shoxobchalari foyda ko'rganini ta'kidladi. Masalan, avtobenzinning bozor tamoyillari asosida birja savdolari orqali sotilishi va uning narxi erkin shakllanishi tufayli ularda AI-80 narxi 8400, ba'zi holatlarda esa 8800 so'mga qadar etgan. Bundan aksiz solig'i nollashtirilganidan iste'molchilardan ko'ra, xususiy AYOQSHlar ko'proq manfaatdor bo'lib kelgan. Aksiz solig'i imtiyozlari sababli Davlat byudjetiga 1 trillion 228,8 milliard so'm miqdorida pul mablag'lari tushmay qolgan.

    Buni albatta, iqtisodchilar yaxshi hisob-kitob qila oladi. Bizga ma'lumi esa, xalq AI-80 benzinini oshirilgan narxda xarid qila boshladi. 2024-yil 1-apreldan O'zbekistonda AI-80 benziniga aktsiz solig'i stavkasi yana oshiriladi. Soliq kodeksiga kiritilgan o'zgartishlarda tarkibida zararli gazlar ko'p bo'lgan AI-80 rusumli benzinga aktsiz solig'i 12,2 foizga — bir tonnasi uchun 303 ming so'mdan 340 ming so'mgacha ko'tariladi. Bunday choralar aholi salomatligiga salbiy ta'sir va tabiatga yetkazilayotgan zararni kamaytirish zarurati bilan izohlanyapti. Xuddi shu jiihat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Chunki, nega unda ekologik tozaroq bo'lgan yonilg'i — suyultirilgan gazga nisbatan aktsiz solig'i ham oshirilmoqda, degan savollar kelib chiqyapti.

    Energetika vazirligi AI-80 benzini ekologik jihatdan zararli ekani, barcha rivojlangan davlatlar ushbu benzin markasidan allaqachon voz kechgani, uning avtomobillarning texnik holatiga yetkazayotgan zarari ham katta ekanini ta'kidlamoqda. Past oktanli benzin, jumladan, AI-80 benzinidan foydalanish ichki yonuv dvigatelining anormal ishlashiga va muddatidan oldin ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin ekan.

    O'tgan yili avgust oyida “O'zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov benzinning sifati bilan bog'liq masalada o'z munosabatini bildirdi. “Aholimiz faqat AI 80 benzinga o'rganib qolgan. Ishlab chiqarayotgan mahsulotimizning 80–90 foizini AI 80 benzini tashkil qiladi. Chunki iste'molchilar arzon benzin so'raydi. Hozir benzinni O'zbekistonda faqat “O'zbekneftgaz” ishlab chiqarmaydi. Juda ko'p xususiy korxonalar ochilgan. Ular xomashyoni import qilib, o'zlarining uskunalarida mahsulot chiqaryapti. Mas'uliyatni hammamiz birga bo'ynimizga olishimiz kerak. Sifatsiz benzin muammosiga qarshi kurashishimiz kerak. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati bo'yicha talabni hammaga bir xil qo'yish kerak. SHunda javobgarlik oshadi”, degan Bahodir Siddiqov.

    Energetika vazirligi 2024-yilda iste'molchilarga barcha markalar bo'yicha jami 2,28 million tonna benzin etkazib berish rejalashtirilgani, AI-80 ishlab chiqarish esa 1,094 million tonnagacha kamayishini bildirdi. 2026-yilgacha esa AI 80 benzinini ishlab chiqarishdan voz kechiladi. Buni elektromobillarni ommalashtirish va ular uchun infratuzilmani yaratish, AI 92 benzin ishlab chiqarishni ko'paytirish, gaz quyish shahobchalari uchun gaz yetkazib berish va boshqa chora-tadbirlar hisobiga amalga oshirish rejalashtirilgan. Vazirlikning bildirishicha, 2025-yilga borib Farg'ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi to'xtatiladi, 2026-yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi to'lig'icha sifatliroq yoqilg'i ishlab chiqarishga o'tkaziladi.

    Jarayonda, ayniqsa, yurtimizda elektr tokida harakatlanadigan transport vositalariga o'tish jadallashadi. Bu borada qo'shimcha imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalar berishni yo'lga qo'yish kabilar taklif qilingan. Maqsad ekologiya va aholi salomatligini asrashdan iborat ekan, takliflarda odamlarning arzon va sifatli mahsulotga bo'lgan talabi haqida ham unutmaslik kerakligini eslatib o'tmoqchimiz.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri