Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainadagi hamkorlar bilan tuzilgan tashqi savdo shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi ushbu qarzdorlik yengib boʻlmas kuch (fors-major) taʼsirida yuzaga kelganligini inobatga olmasdan, fermer xoʻjaligiga 262 mln soʻm (qarzdorlikning 10 foizi) miqdorida jarima qoʻllash toʻgʻrisida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza bilan murojaat qilgan.
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 11-1-moddasiga koʻra, norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran 180 kun oʻtganidan keyin koʻpi bilan 45 kunda (kichik tadbirkorlik subyektlari uchun 90 kunda) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilishni taʼminlamagan rezidentlar respublika byudjeti daromadiga aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran 360 kundan 545 kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 10 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda jarima toʻlaydi. Yengib boʻlmas kuch taʼsiri yuzaga kelganda aktivlarni repatriatsiya qilish muddati yengib boʻlmas kuchning taʼsir muddatiga uzaytiriladi. Yengib boʻlmas kuch taʼsiri holatlari yuz berganligi ushbu hodisa oʻzida sodir boʻlgan davlatning qonunchiligiga muvofiq vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
“Ukraina Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-1 moddasiga koʻra, Savdo-sanoat palatasi fors-major holatlarini belgilovchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Ukraina SSPning rasmiy saytida 2022-yil 28-fevralda joylashtirilgan rasmiy xatga koʻra, 2022-yil 24-fevralda boshlangan harbiy harakatlar tufayli shartnoma majburiyatlarini bajara olmaslik fors-major holati hisoblanadi.
Sud majlisida Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va huquqiy asoslar inobatga olinib, soliq boshqarmasining arizasi qanoatlantirilmadi. Natijada, tadbirkorga nisbatan 262 mln soʻm jarima qoʻllanilishining oldi olindi.