Ajdodlarimiz merosi – kelajak poydevori

    Ijtimoiy hayot 13 Oktabr 2020 71179

    2020-yil 8-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoyishi qabul qilindi.

    Ushbu hujjat shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, avvalo ajdodlarimizning xotirasiga boʻlgan yuksak hurmatni bildiradi.

    Zero, mustabid tuzum tomonidan qatagʻon qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalari, oddiy kasb egasi boʻlgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotirasini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa hisoblanadi.

    Umuman olganda, mamlakatimizda qatagʻon qurboni boʻlgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini, xususan, jadidlar merosini yana-da chuqur oʻrganish va ularning xotirasini abadiylashtirish boʻyicha muhim farmon va qarorlar qabul qilingan. Jumladan, yurtimizda 2001-yildan buyon har yili 31-avgust – mamlakatimiz Mustaqilligi bayrami arafasida “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy taʼlim muassasalari qoshida uning boʻlimlari tashkil etildi.

    Bundan tashqari soʻnggi yillarda oʻzbek kinosida yaratilgan “Islomxoʻja”, “Avloniy”, “Ibrat” kabi filmlar nafaqat mahalliy jamoatchilik tomonidan, balki xorijda ham iliq kutib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida jadidchilik harakatining davlatchiligimiz tarixida muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlab oʻtdi.

    Xususan, Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari shu yoʻlda ular oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qilgani, milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkinligini aytib oʻtdi.

    Xalqimizning noyob adabiy-badiiy merosi bugungi kunda yosh avlodga ulkan maʼnaviy kuch beradi. Hozirgi kundagi keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilandi. Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, shubhasiz, bu yoʻldagi dastlabki muhim qadamdir.

    Zotan, ilm-maʼrifat, taʼlim sohasini rivojlantirish – har qanday taraqqiyotning ildizidir. Taʼlimning rivojlanishi barcha sohalarga oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazadi. Shu nuqtayi nazardan, jadidchilarning ilm-maʼrifatga chuqur eʼtibor qaratishgani, oʻz harakatlarini yangi maktablar ochish bilan boshlagani bejizga emas. Maorif targʻiboti jadid gazetalarida koʻtarilgan asosiy mavzu boʻlgan.

    Davlat Rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu Farmoyishda ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan, lekin toʻliq oʻrganilmagan boy merosni yosh avlodga yetkazish, qatagʻon qurbonlarining hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq qilish, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar, badiiy va hujjatli filmlar yaratish kabi chora-tadbirlar belgilandi.

    Mazkur hujjat oʻz ichiga milliy qadriyatlarimizni asrash, yosh avlodni vatanparvarlik hamda oʻzbek xalqining merosiga hurmat ruhida tarbiyalash kabi muhim maqsadlarni jamlagan. Xususan, bir tomondan, “inson – aziz, xotira – muqaddas” gʻoyasi asosida mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ajdodlarimizning xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatish, ikkinchi tomondan, maʼrifatparvar jadidlarning koʻrsatgan jasorati va ibratli faoliyatini targʻib etish orqali yoshlarda gʻoyaviy immunitetning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Umuman olganda, hozirgi kunda turli yot gʻoyalar, global xavf-xatarlar chuqur ildiz otib borayotgan davrda, milliy oʻzlikni anglash, haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Anvar XOʻJAYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi