Jahonga sochilgan nodir durdonalar

    Fikr 3 Fevral 2023 2016

    Alisher Navoiyning xorijda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini aniqlash va oʻrganish borasidagi ishlar qanday samara bermoqda?

    Jahon xalqlarining maʼnaviy-madaniy yoʻnalishda hamjihatlikka intilishi, bir-birining adabiyoti va sanʼatini oʻrganishga qiziqishi tabiiy jarayonga aylangan. Ayniqsa, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy merosini butun dunyo ilm-maʼrifat ahli katta qiziqish bilan oʻrganadi.

    Prezidentimizning 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda va xorijda navoiyshunoslik sohasida orttirilgan ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, Navoiy asarlarida ilgari surilgan umuminsoniy gʻoyalarni keng targʻib etishda muhim asos boʻlmoqda.

    Qarorda, shuningdek, Alisher Navoiyning xorijiy davlatlarda saqlanayotgan va u yashagan davrga oid asarlar qoʻlyozmalarining faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish, ularni oʻrganish va xalqimizga taqdim etish vazifasi ham belgilangan edi. Ayni paytda bu yoʻnalishda ilmiy-amaliy ishlar davom etyapti.

    Jahon navoiyshunosligi tadriji va takomiliga nazar soladigan boʻlsak, Alisher Navoiy ijodining Fransiya, Amerika, Germaniya, Finlyandiya, Niderlandiya, Yaponiya, Rossiya kabi bir qancha davlatlarda oʻrganilgani, asarlari bir necha tillarga tarjima qilinganining guvohi boʻlamiz.

    Yaqin ikki yil ichida Yevropaning yetti mamlakati va Rossiyaning qator shaharlarida xizmat safarida boʻlishimga toʻgʻri keldi. Maqsad Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilayotgan “Yevropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi grant loyihasi doirasida Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarni topish va xalqimizga qaytarishdan iborat edi. Loyiha maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Chexiya, Finlyandiya, Shveysariya, Estoniya kabi mamlakatlarning yirik kutubxonalarida ishladim, bir qancha turkiy qoʻlyozmalarni, jumladan, Alisher Navoiyning asarlarini ham koʻzdan kechirdim.

    Germaniyada Alisher Navoiy asarlari 88 nusxada, Fransiyada 42, Finlyandiyada 27, Chexiyada 11, Shveysariyada 13, Estoniyada 8, Rossiyada 94 nusxada saqlanadi (bu mening koʻrganlarim, aslida, ushbu mamlakatlarning boshqa shaharlari kutubxonalarida yana boʻlishi mumkin). Bular ichida Navoiy asarlari eng koʻp saqlanadigan fondlar Germaniya, Fransiya, Rossiyaniki hisoblanadi.

    Ilmiy manbalarga nazar solsak, Yevropada birinchi boʻlib Navoiy asarlarini fransuz olimlari oʻrganganini koʻramiz. Dunyoga mashhur Parij milliy kutubxonasida Navoiy asarlarining 42 ta qoʻlyozma nusxasi saqlanadi.

    Turkiy qoʻlyozmalarning ikki jilddan iborat tavsifini fransuz olimi Edgar Bloshe yaratgan boʻlib, bu katalogda Navoiyning 35 ta qoʻlyozma asari nusxalariga tavsif berilgan. Fransiyaga ilmiy safarimiz davomida bu katalogni va Navoiy asarlarini oʻrgangan olimlarning ilmiy ishlarini koʻrishga muvaffaq boʻldik.

    Fransiyada XVII asrdayoq sharqshunoslik maktablari ochilgan. Bartolome dʻYerbelo de Molenvil va Fransua de Bernye bu maktabning ilk bitiruvchilari boʻlib, ilmiy ishlarida Navoiy qoʻlyozmalari haqida ham axborot bergan. Jumladan, Bartolome dʻYerbelo “Sharq kutubxonasi” qomusida Navoiy biografiyasi, ijodi va asarlari haqida ilk maʼlumot bergan. Silvestr de Sasi, Fransua-Alfons Belen, Anri-Pave de Kurteyl, Lyusyen Buva kabi olimlar Navoiy asarlarining ilk tadqiqotchilari va tarjimonlari sanaladi. Masalan, Anri-Pave de Kurteyl Yevropada birinchi boʻlib shoirning “Muhokamat ul-lugʻatayn” va “Tarixi muluki Ajam” asarlaridan fransuz tilida parchalar eʼlon qilgan.

    Germaniyaning Berlin, Myunxen, Drezden, Leypsig kabi shaharlaridagi yirik kutubxonalarda nazmiy va nasriy durdonalarimiz koʻz qorachigʻidek asrab kelinayotganiga guvoh boʻldim.

    Ilmiy safarim davomida mazkur qoʻlyozma asarlar asosidagi nemis sharqshunoslarining faktik maʼlumotlarga boy ilmiy izlanishlari bilan ham tanishib, ularning turkiy xalqlar madaniyati tarixida muhim ahamiyatga ega ekaniga amin boʻldim.

    Germaniya kutubxonalarida Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Lison uttayr”, “Majolis un-nafois”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Mahbub ul-qulub”, “Tarixi muluki Ajam” kabi asarlari, devonlari mavjud boʻlib, ular turli davrlarda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxalar sanaladi. Qoʻlyozma asarlar orasida “Mahbub ul-qulub” asarining hijriy 1238-yilda koʻchirilgan noyob nusxasi ham mavjud.

    Germaniyada Navoiy asarlariga qiziqish qachondan va nima maqsadda boshlangan? Kimlar birinchilardan boʻlib shoir qoʻlyozmalariga tavsif bergan? Shoir asarlaridan qaysilari nemis tiliga tarjima qilingan? Albatta, bu savollar barchani qiziqtirishi tabiiy.

    Germaniyada Alisher Navoiy asarlariga jiddiy qiziqish Berlin, Myunxen va Leypsig universitetlarida turkologiya boʻlimlari (XIX-XX asr) ochilishi bilan bogʻliq. Turkologiya rivojida Navoiy asarlarini oʻrganish muhim ekanini anglagan M.Xartman, A.Kayzer, G.Flyugel, T.Benfey, X.Vamberi, D.Щuls, M.Gets, T.Mensel, X.Ritter, A.Kurella kabi olimlar diqqat-eʼtiborni aynan shu jihatga qaratib, imkon qadar shoirning Germaniya fondlarida yigʻilgan asarlarini oʻrganishga

    harakat qilgan. Shoir qoʻlyozmalariga birinchilardan boʻlib tavsif bergan olimlar Vilgelm Perch va Martin Xartmandir. Ular turkiy qoʻlyozmalar tavsifiga oid ilmiy asarlarida Navoiyning Berlin va Gota shaharlari kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalari haqida batafsil maʼlumot bergan.

    Vilgelm Perch butun ilmiy faoliyati davomida nafaqat turkiy qoʻlyozmalar, balki arabiy, forsiy va boshqa Sharq qoʻlyozmalari tavsifiga bagʻishlangan 8 jild asar yaratgan boʻlib, ularning asl nusxalari hozir Gota shahri kutubxonasida saqlanadi. Germaniya fan tarixida bu qadar iqtidorli sharqshunos va koʻp katalog yaratgan boshqa olim boʻlmagan.

    Bundan tashqari, kataloglarni kuzatish asosida Navoiy qoʻlyozmalari tavsifi Jorg Krayember, Barbara Flemming, Manfred Gotz, Xanna Soxvayde kabi olimlar yaratgan ilmiy asarlarda ham aks ettirilgani maʼlum boʻldi.

    Adabiyotshunos olim M.Tojixoʻjayevning taʼkidlashicha, Navoiy asarlaridan dastlabki ilmiy izohli tarjimalar G.Vamberi va M.Xartman tomonidan amalga oshirilgan. Har ikkala olim “Chigʻatoy tili” darsligini yaratib, misol tariqasida Navoiy sheʼrlaridan izohlari bilan parchalar keltirgan. Shuningdek, ushbu maqolada 1900-yilda Yoxannes Avetaraniane tomonidan Navoiyning ikkita gʻazali tarjimasi diniy xarakterdagi “Shahid ul-haqoyiq” jurnalida, 1946-yilda esa Alfred Kurella tomonidan ”Farhod va Shirin” dostonining XVII bobi tarjimasi ”Neue Welt” jurnalida eʼlon qilingani va boshqa tarjimalar haqida muhim maʼlumotlar keltirilgan.

    Rossiyaning Moskva, Qozon, Novosibirsk, Perm va boshqa shaharlari kutubxonalarida Navoiy asarlari ardoqlanib saqlanadi. Birgina Sankt-Peterburg shahrining oʻzida 3 ta joyda — Sharq qoʻlyozmalari instituti fondida, Sankt-Peterburg davlat universiteti kutubxonasida va Saltikov-Щyedrin nomidagi milliy kutubxonada Navoiy asarlari qoʻlyozmalari bor. Dunyoda Navoiy ijodi boʻyicha birinchi dissertatsiya ham aynan Sankt-Peterburg universiteti sharqshunoslik fakultetida 1856-yilda Mixail Nikitskiy tomonidan “Amir Nizomiddin Alisher: davlat arbobi va shoir sifatida” mavzusida himoya qilingan. Mixail Nikitskiy oʻzigacha Yevropa adabiyotidagi tadqiqotlarni, shuningdek, shoir yashagan yillarga yaqin davrlarda yaratilgan forsiy va turkiy manbalarni sinchiklab oʻrganadi, ulardan unumli foydalanadi va adabiy-ilmiy jamoatchilikni Navoiy ijodining eng muhim qirralari bilan tanishtiradi.

    M.Nikitskiy Alisher Navoiyning ilmiy-ijodiy merosini “adabiyot gulzorining eng sara guli” deb baholaydi. Muallif oʻz fikrlarini Jomiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabilarning Navoiyga bergan bahosi bilan rivojlantiradi. Olim Navoiyning Rossiyada mavjud qoʻlyozmalari haqida maʼlumot berar ekan, ularning koʻpi Yevropada yoʻqligi, ayniqsa, bir qancha asarlarni oʻzida jamlagan “Kulliyoti Navoiy” noyob manba ekanini maʼlum qiladi. Asar tarkibida “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor”, “Chihil hadis”, “Nazm ul-javohir”, “Siroj ul-muslimin”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub”, “Tarixi muluki Ajam”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Majolis un-nafois”, “Hayrat ul-abror” — 15 ta asar jamlanganini yozadi.

    Shundan keyin M.Nikitskiy Navoiyning avval turkiy, keyin forsiy asarlariga birma-bir qisqacha izoh beradi va parchalar keltiradi. Asarlarni taʼriflash barobarida bu borada Navoiy zamondoshlari va Yevropa olimlari fikrlaridan ham misollar keltiradi.

    Sharqshunos olim Semyon Volin birinchi boʻlib Navoiy asarlariga tavsif bergan. Olim ilmiy asarida Sankt-Peterburg fondlarida Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Siroj ul-muslimin”, “Devoni Foniy”dan boshqa barcha asarlari mavjudligini maʼlum qiladi. S.Volin bir muddat, yaʼni 1930-1933-yillar davomida Toshkentda, markaziy arxivda ham ishlagan. 1935-yildan Sankt-Peterburg, oʻsha paytda Leningraddagi Sharq qoʻlyozmalari institutida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan, Xorazm manbalari, turkiy adabiyot boʻyicha tadqiqotlar qilgan. Arab, fors, oʻzbek, turk, turkman tillarini mukammal bilgan. Afsuski, olim 1941-yilda qatagʻonning ayovsiz gʻildiragi ostiga tushib, 1943-yilda qiynoqlarda vafot etgan.

    Sharqshunos olim V.V.Bartold “Mir Alisher va siyosiy hayot” monografiyasida Navoiyning tarixiy biografiyasini qoʻlyozma manbalar asosida yoritib bergan. Olim Alisher Navoiyning hayot yoʻlini, ijodiy faoliyatini bor holicha, real koʻrsatishni maqsad qiladi. Chunki shoir biografiyasi yoritilgan koʻp manbalarda Navoiy dunyodan uzilgan, darveshsifat, faqat sheʼru shoirlik shaydosi qilib koʻrsatilgan. V.V.Bartold oʻzigacha yozilgan tadqiqotlardagi kamchiliklarni yoritar ekan, aniq manba va tarixiy dalillarga suyanmay fikr aytish ilmiy etikaga toʻgʻri kelmasligini uqtiradi.

    Ye.E.Bertels Alisher Navoiy ijodiy merosini yuksak matnshunoslik tayyorgarligi asosida jiddiy oʻrgangan sharqshunoslardan biridir. Umumiy estetik asosga ega boʻlgan turli xalqlar adabiyotining qiyosiy tahlili olimga turkiy adabiyotning oʻziga xosligini aniqlashga yordam berdi. U oʻzigacha boʻlgan Yevropa olimlarining, jumladan, fransuz olimi Fransua Belen va nemis olimi Yozef fon Xammer Purgshtalning “Navoiy fors adabiyotining taqlidchisi” degan qarashlarini davr sharqshunoslarining eng katta metodologik xatosi, asar mohiyatini anglamaslik deb bildi. Oʻz izlanishlari bilan bu qarashni rad qildi va Navoiy asarlarining originalligini isbotlab berdi. Olim tahlil jarayonida asarlarning, asosan, fabulasiga eʼtibor qilish, qisqa tavsif bilan chegaralanish turkiy adabiyot toʻla qimmatga ega emas, forsiy adabiyotning takrori, degan notoʻgʻri xulosaga olib kelganini maʼlum qiladi.

    Umuman, Alisher Navoiy hayoti va ijodini, badiiy asarlarining poetik xususiyatlarini, oʻzaro adabiy taʼsir masalalarini maxsus tadqiq qilgan A.N.Samoylovich, Ye.E.Bertels, S.L.Volin, A.N.Kononov, M.Salye kabi olimlarning ilmiy izlanishlari rus navoiyshunosligining asosiy qismini tashkil etadi.

    Bugungi kunda Oʻzbekistonda “Alisher Navoiy” xalqaro jurnali mavjud va unda shoir ijodi boʻyicha eng salmoqli maqolalar nashr etiladi.

    Jurnalning 2022-yil birinchi sonida professor Aftondil Erkinov Navoiy asarlari dunyo katalogini tashkil qilish taklifi va tashabbusini bayon qildi. Taklif oʻrinli boʻlib, butun dunyo navoiyshunoslari bu borada birlashsa arziydi.

    Alisher Navoiy turkiy xalqlarning gʻurur va iftixori, butun dunyo xalqlarining intellektual boyligidir. Buyuk mutafakkirimizning ijod olamiga sayohat va ijobiy natija chinakam saodat va sanʼatdir. Ustoz Ibrohim Haqqul toʻgʻri taʼkidlaganidek, navoiyshunoslik maʼno miqyosi nihoyatda keng va ulkan soha. Uni har tomonlama bilish yoki fikran qamrab olish ancha qiyin yumush. Navoiyning ulugʻlikda beqiyos, qudratli, yaratuvchan shaxsiyatini keng oʻrganib, shoir asarlarida tasvirlangan maʼno va haqiqatlarni unga goʻyoki hisob berayotganday tahlil va talqin qilish burch hamda qalb zaruriyatiga aylantirilsa, yechimi topilmaydigan muammo qolmaydi.

    Yevropada navoiyshunoslik bugungi kunda ham jadal surʼatlar bilan davom etmoqda. Shoirning asarlari tarjima qilinmoqda, tavallud kunlari sabab xalqaro anjumanlar, uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Demak, Yevropa navoiyshunosligi jahon adabiyotshunosligining muhim tarkibiy qismi boʻlib, bu sohani koʻp yangi maʼlumot, tahlil va talqin bilan boyitgan va boyitmoqda. Ye.E.Bertels taʼkidlaganidek, Navoiy ijodi muzeydagi eksponat yoki tarixning bir boʻlagi emas, u barhayot va yashashda yana davom etadi.

    Gulnoza XOLLIYEVA,

    OʻzDJTU professori, filologiya fanlari doktori