Amir Temur ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi

    Voqea-hodisalar 7 Aprel 2021 22107

    Prezidentimiz ma'naviyat masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida “O'n beshinchi asrda sohibqiron Amir Temur asos solgan va uning munosib avlodlari davom etitirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uyg'onish, ya'ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi”, deb ta'kidladi.

    “Temur” hodisasi oʻn beshi kam 700-yildan beri tarix charxpalagida aylanadi. Garchi Yer joyida turgan boʻlsa-da, tuzumlar-tutumlar necha bor oʻzgardi va shaxsga munosabat ham ming bora turlandi. Gapning sirasini aytganda, tarix gʻaladonida sohibqiron Amir Temurdek turli nuqtalardan baho berilgan zot kam boʻlsa kerak.

    Bu holning qator sabablari bor. Avvalo, turlicha qarashlarning bildirilishi qonuniy hol, taraqqiyot (tiriklikni taʼminlab turgan harakat)ning tabiati shuni talab qiladi. Yaʼni rivojlanish qarama-qarshi qutblarning oʻzaro kurashi – ikkiga boʻlinib olib, bir-biriga qarshi “jang”i oqibatida yuzaga kelar ekan, bir masalaga hammaning bir xil qarashi mumkin emas. Vatandoshimiz Amir Temurga munosabatda esa inson tabiatiga xos juda koʻp omillar mujassamlashgan.

    Avvalo, shaxs ziddiyatining boisi - faoliyat ziddiyatlarga toʻla makonda kechganidan. Oʻshanda ham vatan zulm iskanjasida edi: qariyb bir yarim asrlik istilo hamma narsaning odatdagi oʻzanini buzib yuborgan va qaror topgan azaliy qadriyatlar bir qancha qoliplar tazyiqi ichida yashardi, millat oʻzligini, qiyofasini yoʻqotgandi.

    Ikkinchi omil esa bevosita sohibqironning maslagi bilan bogʻliq. “Temur tuzuklari”da bunday qayd etiladi: “Dilimning mashriqidan koʻtarilgan birinchi tuzugim har yerda va har qachon islom diniga va Muhammad (s.a.v.)ning shariatlariga rivoj berish boʻldi”.

    Demak, eʼtiqod bayrogʻiga qadami yetgan joyda musulmonchilikni joriy etaman, degan shior yozilgan fidoyining ham harakatlari bir xil kutib olinmasligi, qarshilikka uchrashi va bu holning oqovalari uzoq davom etishi oddiy haqiqat.

    Uchinchi bir sabab shundan iboratki, buyuk bobomiz ot surgan, oʻz qalamraviga olgan hududlar masofa jihatidangina emas, tarixi, maʼnaviyati, aholisi, udumlar – umuman, butun borligʻi bilan bir qolipga sigʻmasdi va bunday bepoyonlikda hammani bir dunyoqarashda, yagona fikrlash tarzida ushlab turish ham imkondan tashqarida edi.

    Temurbekka koʻplab hukmdorlarda boʻlganidek, saltanat mulk sifatida otadan meros boʻlib oʻtmadi. Balki Yaratganning inoyati tufayli oʻzining jiddu-jahdi, gʻayrati bilan hammasiga erishdi. U bir tugʻ ostida shunchalik katta hududni qovushtira oldiki (tarixchilar Amir Temur imperiyasi oʻsha paytdagi 27 davlatni birlashtirganini qayd etadilar.

    Bugungi holatga razm solinsa, bu davlatlar soni 40 ga yaqinlashib qoladi), oʻsha yillari koʻhna va hamisha navqiron Samarqand deyarli yer yuzining bosh kentiga aylandi. Bu ulugʻ saltanat insoniyat tarixidagi eng buyuk imperiyalardan biri boʻlib qoldi.

    Eʼtibor bering, ana shunday bepoyon hudud bir odamning qoshu qabogʻiga qarardi, uning irodasi turli din va eʼtiqoddagi odamlar uchun qonun edi. Yana eʼtirof etiladigan tomoni – bu ittifoq kuchga, zulmga asoslanmagan edi (mamlakat yaxlitligini taʼminlash uchun uyushtirilgan harbiy harakatlar istisno qilinadi), balki xalqlarning sohibqiron panohida, uning qanoti va marhamati ostida taraqqiy etib, toʻq, farovon yashash xohishidan yuzaga kelgan yaxlit davlat edi.

    Amir Temur va Temuriylar davrida iqtisodiyot rivojlangani, ilm-fan, sanʼat-madaniyat gullab-yashnaganini bugungi sinchilar ham tasdiqlaydilar va bu davr chinakamiga insoniyat tamaddunidagi ikkinchi Renessans deb baholangan. Oʻshanda sanʼat va adabiyotda, xususan, meʼmorchilikda yetti yuz yildan keyin ham yetib boʻlmaydigan yutuqlar qoʻlga kiritilgandi. Natija shunchalik betimsolki, sirini ochmagan, yaʼni hozirgi taraqqiyot bosqichida kashf qilina olmayotgan moʻjizalar (olaylik, buyoqlarning tarkibi) hamon mavjud.

    Ha, bu silsila bir shaxs faoliyatidan yuksalib, jahonshumul koʻlam kasb etdi. Sohibqiron Amir Temurdan toʻragan avlodlarning shaʼn-shavkatini koʻz oldingizga keltiring! Yer yuzining istalgan nuqtasida, istalgan millatiga shunday toleʼ nasib etsa, umidli dunyoda yashayotgan har qanday inson zoti oʻz qavmidan, yaʼni insonligidan faxrlanadi

    . Afsuski, bu yutuqlarga zulm bilan, kuch bilan erishib boʻlmasdi. Amir Temur asoslagan oʻsha tutum – “Kuch – adolatda!” shiori bir zum amaldan qolmadi, koʻzdan faromush boʻlmadi. Bu saltanat Janubi-sharqiy Osiyoda Boburiylar timsolida qanday buyuk moʻjizalar yaratdi! Bu yuksaklikning poydevorini, shubhasiz, Amir Temur qoʻygandi.

    Amir Temur himmati tufayli biron zaif zoʻravondan jabr koʻrmaganini, hech kimga hech qachon adolatsizlik qilinmaganini taʼkidlash lozim. Ana shunday adolat tufayli minglab-millionlab oddiy odamlar qalbida sohibqironga nisbatan mehr uygʻondi va bu mehr buyuk islohotlarga kuch berdi.

    Ulkan qurilishlar ana shunday mehr tufayli amalga oshirildi. Axir purviqor togʻlarning, jannat bogʻlarining ham rashkini qoʻzgʻaydigan imoratlar oʻz-oʻzidan barpo boʻlib qolmaydi. Agar odamlarning ixtiyoriy va mehrli harakati boʻlmasa, poydevorni tiklash ham oson kechmaydi. Holbuki, Shahrisabzdagi Oqsaroyni tiklash ishlari yigirma besh yil davom etgan va unga ellik mingga yaqin odam safarbar qilingan. Yaqinda qozogʻistonlik qardoshlarimiz bir dalilni maʼlum qilishdi.

    Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasining gʻishtlari uchun qirq chaqirimlar naridagi Sobron degan tepalikning tuprogʻi maʼqul koʻriladi: tuproq xalqona tilda aytganda “moyli”, loyi shirali, undan eng pishiq gʻisht chiqadi. Shu joyda tayyorlangan gʻishtlar qoʻlma-qoʻl qurilish maydoniga yetkazilgan.

    Bugungi mutaxassislarning hisob-kitobiga qaraganda, bu yumushni amalga oshirish uchun oʻttiz besh ming odam talab qilinar ekan. Agar gʻisht uzatuvchilarning dam olib ishlashi hisobga olinsa, ikki baravar, yaʼni yetmish ming odam jalb qilinishi lozim ekan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Amir Temur shaxsiga nisbatan baʼzan turli asossiz, hatto boʻhton fikr-mulohazalar bildirilayotganiga beparvo qarab boʻlmaydi. Chunki oʻrtada yoshlarning dunyoqarashi, tarbiyasi masalasi turibdi. Notoʻgʻri tasavvurga borganlarga milliy iftixor, oʻz oʻtmishidan faxrlanish, shu orqali vatanparvarlik tuygʻusini singdirish oson kechadimi?

    Bunday hollar qoʻshimcha muammolar tugʻdirmaydimi? Gap shu haqda ketar ekan, bu borada beparvolikka berilish joiz emas. Dunyo tan olgan, biz yashab turgan hududlarda ot surgan buyuk zotning tarixini butun borligʻicha navqiron avlodga yetkazish kattalar zimmasidagi ota-qarzdir.

    Bitta umumiy holat: hech kim Amir Temurni ilohiylashtirmoqchi emas. Buyuk zotning borligʻi, koʻrkam jamoli har qanday darajadagi madhiyabozlikka muhtoj emas. Istisno holat shundaki, poʻlat quvurni qayirish uchun uning ichki tuzilmalarini sindiradigan, undan kuchli qudrat lozim boʻlganidek, toshni yorish uchun uning zichligini kesadigan bosim bilan taʼsir etish shart boʻlganidek, bobomiz gʻalabalarini taʼminlashda katta kuch bilan harakat qilgan va bu hol baʼzan keskin holatlarni yuzaga keltirgan boʻlishi mumkin.

    Axir “gʻalaba qurbonsiz boʻlmaydi” va yana “gʻoliblar sud qilinmaydi”, deyishadi. Bugungi sharoitda sohibqiron bobomizning boʻy-basti shunday yuksaklik kashf etganki, uni emas, uning talʼatiga solishtirib, boshqalarni baholash adolatli boʻlardi. Kim maʼrifat bilan toʻyingan boʻlsa, bu haqiqatni eʼtirof etadi, kim jaholat changalida yoki alamzada boʻlsa, inkor etaveradi.

    Bizning moziy xazinamizda dunyodagi har qanday xalq orzu qiladigan boyliklar bor! Oʻz tarixi bilan qiziqmagan, uning shonli sahifalaridan bahramand boʻlib, vujudida faxr-iftixor his etmagan, kimligidan viqor tuymagan kishi boshini bir umr yerdan koʻtara olmaydi. Magʻrur yurishga, bobolar shon-shavkatidan viqor his etib yashashga nima yetsin!

    Hakim SATTORIY,

    Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi