Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlangan nodir qo‘lyozma topildi

    Manbashunos-tadqiqotchi Muhammadsharif Jalilovning ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kitob Amir Temur hayoti va temuriylar haqida fors tilida bitilgan manba bo‘lib, Amir Temur vafotidan 315 yil o‘tib Abdurahmon Siyrat tomonidan yozilgan.

    Asarning nomi arabcha “Kanzul a’zam”, ya’ni buyuk xazina degan ma’noni bildiradi.

    Abdurahmon Siyrat o‘zining ushbu kitobida Amir Temur tavalludidan boshlab to uning vafotiga qadar bo‘lgan ma’lumotlarni bayon etadi. Bundan tashqari, kitobda sohibqiron farzandlari va Abulfath Shayboniyxon, Ismoil Safaviy va Sulton Husayn Boyqaro hukmronlik davrlari, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonni zabt etishiga qadar bo‘lgan qiziqarli voqealiklar tilga olinadi.

    Kitob muallifiga ko‘ra, ushbu asar buyuk sohibqiron Amir Temur tarixini keyingi avlodga asl va sof holida yetkazish maqsadida yozilgan.

    Abdurahmon Siyrat kitob muqaddimasida ushbu asarni 92 ta moʻtabar tarixiy manbaga tayangan holda badiiy ifoda tarzida bitganini alohida qayd etadi. Kitobdan, shuningdek, Hofiz Obro‘, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy, Mavlono Ashraf, Abdulloh Hotibiy, Xoja Hasan Nishopuriy, Abdulloh Balxiy, Qozi Bayzaviy, Nizomiddin Shoimiy, Taftazoniy, Jurjoniy, Naqshbandiy, Sharofiddin Ali Yazdiy, Mir Said Baraka, Alisher Navoiy, Mulla Muhammad Tanish Buxoriy, kabi ko‘plab allomalar haqidagi ma’lumotlar joy olgan.

    “Kanzul a’zam” deb nomlanishiga shu so‘zlardan kitobning tamomlangan sanasi kelib chiqishi sabab bo‘lgani qayd etiladi.

    Ayni kunlarda qo‘lyozma manbani o‘qib o‘rganayotgan va tarjima qilishga kirishgan tadqiqotchi Muhammadsharif Jalilovning bildirishicha, bu asar Amir Temur va boshqa allomalar haqida badiiy uslubda yozilgan va shu paytgacha yetib kelgan manbalarning eng qadimiysi bo‘lishi mumkin.

    Kitob forsiy tilda yozilgan, 502 sahifadan iborat. Har bir sahifa 21 qatordan tashkil topgan. Kitobning muqovasi qalin va qattiq bo‘lib, kitobat san’ati asosida tayyorlangan. Unda keltirilgan har bir tarixiy voqea muallif tomonidan badiiy yo‘sinda ifoda etilgan.

    Ayrim manbashunos olimlarning fikricha, mazkur qo‘lyozma Samarqand yoki Buxoro shaharlarida bitilgan bo‘lishi mumkin. Kitobda har bir bobning boshlanish mavzusi qizil siyohda aks etgan bo‘lib, Hoja Ahmad Yassaviy, Zangi ota, Hoja Ahror Valiy, Muhammad Porso hamda Jaloliddin Rumiy kabi buyuk allomalar avlodlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

    Undan tashqari, Amir Temurning Balx shahrida taxtga kelishidan tortib har bir lavozimga kimlarni tayinlaganigacha bo‘lgan tafsilotlar, sohibqironning barcha yurishlari, uning haj safari, Boyazid Yildirim, To‘xtamishxon, Ahmad Jaloyir kabilar bilan jang tafsilotlari va Xitoyga yurishi, shuningdek, qay tarzda vafot etgani to‘g‘risida ma’lumotlar uchraydi.

    Manba mundarijasidan ma’lum bo‘lishicha, unda temuriylar, usmoniylar, shayboniylar, ashtarxoniylar sulolalari shajarasi, undan tashqari, Amir Temurning Xorazm, Marv, Balx, Hirot, Seyiston, Eron shaharlarga borishi, Ray, Amal, Yazd, Tabriz, Sheroz, Nishopur, Dashti qipchoq hududlari, Mozondaron, Qahtiston, Tabariston, Ozarbayjon, Qandahor, Hindiston qal’alarini egallashi, Makka va Madina shaharlariga yurishi, Yaman, Shom, Misr, Xalab, Balabaka, Xamas, Quddus kabi shaharlarni fath etishi kabi tarixiy ma’lumotlarga keng o‘rin berilgan.

    Bu kitob haqida to‘liq ilmiy xulosa ushbu kitob oxirigacha o‘qib o‘rganilib bo‘linganidan so‘ng yana batafsil ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilinishi aytilmoqda. Qo‘lyozma manbaning nechog‘liq tarixiy ahamiyatga ega yoki ega emasligi haqida manbashunoslarimizning kelgusidagi tadqiqotlardan bilib olamiz.

    Shuhrat HAYITOV,
    “O‘zbekiston tarixi” telekanali direktori,
    filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori