Anʼanaviylikdan zamonaviylikka oʻtish

    Katta mablagʻ va resurslarni tejashning eng samarali usulidir.

    Bugun butun dunyoda suv taqchilligi tobora ortib borayapti. Bu, ayniqsa, sugʻorish mavsumida yaqqol sezilmoqda. Shu bois, bu boradagi ish uslubini oʻzgartirib, sugʻorishda anʼanaviylikdan zamonaviylikka oʻtish zarur. Chunki bunday usullar tobora tanqis boʻlib borayotgan suv sarfini bir necha barobar tejash asnosida hosildorlikni oshirishda ham juda qoʻl keladi. Bu amalda isbotlangan holat.

    Suv xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunda respublikamizda 450 ming gektar yoki sugʻoriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 barobar koʻpaytirilsa, yana 900 million metr kub suv tejaladi, qoʻshimcha 200 ming gektarda suv taʼminoti yaxshilanadi.

    Shuning uchun joriy yilda sohaga mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga ana shu texnik vositalar yordamida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Soʻnggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan boʻlsa, bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan.

    Prezidentimiz bu xususda shu yil 18-aprel kuni suv xoʻjaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda ham alohida taʼkidlagan edi. Yaʼni unda suv xoʻjaligidagi 4 ta katta asosiy masala — suv yoʻqotilishi, nasos stansiyalarining energiya isteʼmoli koʻpligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar muhokama qilingani bejiz emas.

    Gap suv sarfini kamaytirish, uning har tomchisidan samarali foydalanish toʻgʻrisida borar ekan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga alohida toʻxtalish joiz. Negaki, ushbu qarorga asosan 2022-yilda respublika boʻyicha 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomgʻirlatib, 5,7 ming gektarda diskret, 72,9 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali va 36 ming gektar maydonda egatga plyonka toʻshab sugʻorish tizimlari joriy qilindi. Qariyb 243 ming gektar ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislandi. Natijada suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshib, qishloq xoʻjaligi umumiy ekin maydonining 25 foizi qamrab olindi.

    Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga subsidiyalar berish tizimi takomillashtirilib, “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi ishga tushirildi. Hozir klaster va fermer xoʻjaliklariga subsidiya ushbu tizim orqali onlayn tarzda ajratib berilmoqda.

    60 foizgacha suv iqtisod qilinadi

    Mutaxassislar bunday texnologiyalarni toʻrtta — tomchilatib, yomgʻirlatib, diskretli (pulsar) hamda lazerli moslama yordamida tekislangan yerlarni sugʻorishga ajratishadi. Tabiiyki, bularning bari bir maqsad – suvni tejashga qaratilgan. Aytaylik, egatlab sugʻorishda infiltratsiya va bugʻlanish sababli suv koʻp isrof boʻladi. Ekinlar tomchilatib sugʻorilganda esa suv bilan birga zarur oʻgʻitlar ham ildizga uzatib beriladi. Natijada paxta va bugʻdoy hosildorligi 30, mevali daraxtlar va sabzavot ekinlari hosildorligi 50 foizgacha oshadi. Gektaridan oʻrtacha 30 foizgacha mineral oʻgʻitlar, 35 foizgacha yonilgʻi va moylash materiallari hamda mexanizatsiya resurslari, 200–300 ming soʻmlik ishchi kuchi, eng asosiysi, 60 foizgacha suv iqtisod qilinadi.

    Yomgʻirlatib sugʻorish tizimining turiga qarab suvni turli manbalardan – mobil, harakatlanadigan uskuna boʻlsa – dalaga maxsus keltiriladigan kanal, dalaning oʻrtasiga oʻtkazilgan quvur, yer osti qudugʻidan olish mumkin.

    Yomgʻirlatib sugʻorish tuprogʻi gʻovak va suv oʻtkazuvchanligi kuchli maydonlarda ildizi unchalik chuqur ketmaydigan (popuk ildizli) ekinlar, ayniqsa, sabzavotlar va dalaga yoyib ekiladigan ekinlarni parvarishlashda yaxshi samara beradi.

    Eroziyaga moyil yengil tuproqli, yer yuzasi notekis boʻlgan adir maydonlarida ham ekinlarni yomgʻirlatib sugʻorish tizimlaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan foydali. Tez-tez kuchli shamol boʻlib turadigan hamda tuprogʻi suv oʻtkazuvchanligi past boʻlgan hududlarda ushbu usulni qoʻllash tavsiya qilinmaydi.

    Yomgʻirlatib sugʻorishning “Keng qamrovli” (CENTER PIVOT) tizimi harakatlanadigan (gʻildirakli) minoralarga biriktirilgan quvurlar yordamida ishlaydi. Tizim narxi 1 gektariga 20–22 million soʻmni tashkil qiladi. Odatda, yerning relyefi va joylashishiga qarab 50-100 gektargacha maydonlarda foydalaniladi. 40 foizgacha suv, 90 foizgacha qoʻl mehnati, 30 foizgacha mineral oʻgʻitlarni tejashi uning asosiy afzalligi hisoblanadi. Foydalanish muddati esa 15–20 yil. Mazkur texnologiya, asosan, AQSH, Turkiya, Ispaniya va Xitoydan import qilinadi. Yurtimizda esa bitta korxonada shunday texnologiya ishlab chiqariladi.

    “Mobil” tizimi orqali esa ekinlar qishloq xoʻjaligi mashinalari yordamida shlangli gʻaltak va maxsus purkagich (pushka) bilan sugʻoriladi. Tizimda minimal boshlangʻich sarmoyalar bilan ish kuchi sezilarli darajada kamaytiriladi. Tizim narxi 1 gektariga 15–20 million soʻm atrofida. Bir dona mashina narxi 250–300 million soʻm. Odatda, bitta tizim 20 gektargacha maydon uchun rejalashtiriladi. Suv, ishchi kuchi, mineral oʻgʻitlarni tejashdan tashqari, elektr taʼminoti boʻlmagan maydonlarda dizel yoqilgʻisidan foydalanish imkoni borligi asosiy ustunligidir. Ushbu texnologiya ham Turkiya va Xitoydan keltiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tizimning ayrim butlovchi qismlari ishlab chiqariladi.

    Sugʻorishning yana biri usuli “Sprinkler” – statsionar kalta purkovchi uskuna yordamida suv yetkazib beradigan yomgʻirlatib sugʻorish tizimi boʻlib, quvurdan chiqayotgan suv kuchi purkagich orqali aylanma harakatga keltiriladi. Ushbu tizim inson tomonidan qisman nazorat qilishni talab qiladi, narxi gektariga 25–30 million soʻm. Tejamkorligi yuqoridagi tizimlardek ancha ijobiy.

    Shuningdek, mutaxassislar joʻyak olib ekiladigan gʻoʻza, kuzgi boshoqli don ekinlari, piyoz, kungaboqar, lavlagi kabi qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda koʻchma egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorish tizimidan ham foydalanishni tavsiya etadi. Bunda oʻqariq va shoxariqlar oʻzanlaridan filtratsiyaga yoʻqotiladigan suvlar tejaladi. Har bir sugʻorish egatiga suv miqdori bir xil taʼminlab beriladi. Dalaning uzunligi boʻyicha nisbatan bir xil namlanishga erishiladi. Ekinlarni sugʻorish vaqtida egatlar oʻzanida kuzatiladigan tuproq eroziyasining oldi olinadi, suvchilarning mehnati kamayadi.

    Yerni lazerli tekislash orqali suvni tejash ham oʻziga xos usul hisoblanadi. Masalan, anʼanaviy yer tekislash usullarini qoʻllashda yoki yer umuman tekislanmaganda suvning dala boʻylab yoyilishi bir tekis kechmaydi. Yerning botiq joylariga suv koʻp toʻplanib, ortiqcha namlik hosil boʻladi. Dalaning nisbatan baland joylariga esa aksincha, suv yetib bormaydi, ekinga namlik yetmaydi. Natijada oʻsimlik rivojlanishi turlicha kechadi. Hosildorlik kutilgan darajada boʻlmaydi. Yerni lazerli tekislash bu kabi kamchiliklarni bartaraf etadi. Bu fermer uchun qator afzalliklarga ega. Avvalo, suvning yer yuzasi boʻylab bir tekis yoyilishi tufayli yer nishabligi 3 santimetrga teng boʻladi. Suv tejamkorligi 25 foizga yetadi. Qolaversa, ekinlarga suv hamda ozuqa oʻz vaqtida va teng miqdorda taqsimlanishi sababli oʻsish bir tekisda kechadi. Hosildorlik esa 5–7 foizga oshadi. Sugʻorishda ishchi kuchi va vaqt tejaladi. Yerga toʻgʻri ishlov berilganda maydonlarni 3 yilda 1-martagina qaytadan lazerli tekislash yetarli boʻladi. Qolaversa, yer ikkinchi marta lazerli tekislanganda ikki barobar arzonga tushadi.

    Bular — bugungi kunda butun dunyo, shu jumladan, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida qoʻllanilayotgan va tobora ommalashib borayotgan suv tejovchi texnologiyalar. Muhimi, dehqonu fermerlarimiz suvni tejash davr talabi ekanini yaxshi anglab, oʻz xoʻjaliklarida bu usulni kengroq va koʻproq qoʻllashga intilmoqda. Bu borada davlatimiz ularni qoʻllab-quvvatlab turibdi. Lekin mazkur texnologiyalarni oʻzimizda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish kerak. Chunki bu davr talabi va ehtiyoji. Shunda jarayon yanada tezlashib, ommalashib ketishiga yoʻl yanada kengayadi.

    Oʻzbek dehqonlari mahsuloti jahon bozorida oʻz oʻrniga ega

    Ochigʻi, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talab yuqori. Buning sababi oddiy: Oʻzbekiston — quyoshli mamlakat. Oftob nuridan toʻyingan, yaʼni tabiiy yetilgan har qanday mahsulotning qadri esa baland boʻladi. Misol uchun, Parkent tumanidagi “AgroStar Expo” MCHJ dalalaridan terib olinayotgan gilos oʻtgan yillari Rossiya, Germaniya, Xitoy kabi davlatlarga eksport qilingandi. Jamiyat bosh agronomi Joʻrabek Poʻlatovning taʼkidlashicha, bu yildan boshlab ular safiga Indoneziya ham qoʻshilgan. Eʼtiborlisi, jamiyatga qarashli 110 gektarlik bogʻ toʻliq tomchilatib sugʻorish texnologiyasi bilan jihozlangan. Buning uchun har gektar yerga oʻrtacha 45 million soʻm sarflangan.

    Bogʻ hali yosh – 2019-yilda tashkil etilgan. Gilos, olma, nok koʻchatlarining ayrimlari keyingi yildayoq hosilga kirgan boʻlsa, yildan-yilga hosildorlik ortib borishi hisobiga joriy yilgi hosil choʻgʻi ancha baland. Xarajat ortigʻi bilan qoplanadi. Shu bois, jamoa yaqin vaqtda yangi loyihalarni ishga tushirish niyatida.

    Tumanda bu kabi tejamkor texnologiya qoʻllayotgan xoʻjaliklar sirasiga “Agro Elit” MCHJni ham kiritish mumkin. Aytish joizki, ushbu jamoa bu borada ancha tajribaga ega. Chunki parvarishlanayotgan daraxtlar yetti yillik. Jamoa tejamkor texnologiya samarasini allaqachon oʻz faoliyati misolida his qilgan.

    — Hududimiz dehqonchilik va bogʻdorchilik uchun qulayligi odamlarimizning baxti, — deydi Parkent tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Faxriddin Ruhiddinov. — Chunki bizda aynan shu yumush orqasidan daromadi va turmushi yaxshilanib borayotgan oilalar koʻp. Tarmoqqa suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllashga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani esa dehqonchilik madaniyatini yanada oshiryapti. Yaʼni odamlar ham, tadbirkor ham, fermer ham suvni kam sarflab, yuqori hosil olish mumkinligini tushunib yetyapti.

    Parkent tumani boʻyicha 2023-yil yozgi mavsum uchun qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorishga 80,1 million metr kub limit ajratilgan. Tuman manzilli dasturiga asosan, bu yil 1300 gektar, shundan 800 gektar uzumzor, 400 gektar bogʻ va 100 gektar boshqa ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan. Hozirgacha 549 gektar bogʻ–tok, sabzavot ekinlari maydonlarida shunday tizim qoʻllash yoʻlga qoʻyildi.

    Irrigatsiya tizimida suv yoʻqotilishini kamaytirish maqsadida 4,81 kilometrda tozalash ishlari amalga oshirildi. Suv resurslari xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan isteʼmolchilar bilan maxsus suv xizmati boʻlimi shartnomalar rasmiylashtirib bormoqda.

    Joriy yilning yanvar–aprel oylarida Oʻzbekistondan 359,2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Yaʼni 256,1 million dollarlik mahsulot chetga sotilgan. Bu esa 2022-yilning mos davriga nisbatan 6,5 foizga koʻp.

    Asosiy savdo yoʻnalishlari — Rossiya, Pokiston, Xitoy va Qozogʻiston boʻlsa, importchilar safida Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Belarus, Turkiya, Iroq hamda Eron bor.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillariga qaraganda, meva-sabzavotlar eksportida qiymat jihatidan eng katta ulushni mosh – 13,7 foiz, mayiz – 10,4, quritilgan qora olxoʻri – 7, pomidor – 6,1, karam – 5,1, yangi uzilgan uzum – 4,3, piyoz – 4,3 hamda anor – 3,3 foizni tashkil etadi. Bu yaxshi jihat. Binobarin, eksport qoʻshimcha daromad va imkoniyat yaratadi.

    Prezidentimiz oʻtgan yili qishloq xoʻjaligi xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigida dunyoda oziq-ovqat taqchilligi tobora ortib, mintaqamizda choʻllashish jarayoni kuchayib borayotgani qishloq xoʻjaligi xodimlari oldiga ham dolzarb vazifalar qoʻyayotganini, shuning uchun ushbu yoʻnalishda boshlangan islohotlar izchil davom ettirilishini taʼkidlagan edi. Qishloq xoʻjaligida suv taʼminotini yaxshilash, suv xoʻjaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tarmoqqa tejamkor usullarni qoʻllash borasidagi bugungi loyihalar esa kelgusida oʻz natijasini koʻrsatishi muqarrar.

    Dilshod ULUGʻMURODOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri