Andijonda ikki firibgar yigirmadan ortiq ta’lim va tibbiyot xodimlarini chuv tushirdi

    Andijonda 25 nafar ta’lim va tibbiyot xodimlarini chuv tushirgan firibgarlar 7 yilga qamaldi.

    “Ovoza” informatsion dasturida aytilishicha, muqaddam sudlangan andijonlik ikki yigit oʻzaro jinoiy til biriktirib, Andijon va Jizzax viloyatlaridagi maktab va tibbiyot muassasalariga borib, ishchi-xodimlarga muddatli toʻlov evaziga idish-tovoq sotish bilan shugʻullanib kelishgan.

    Biroq ularning asl niyati boshqa boʻlib, ular arzimagan pul evaziga idish-tovoq sotish ortidan odamlarni chuv tushirib ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib kelishgan.

    Xabarda aytilishicha, ularning firibgarliklari ortidan odamlar 5 mln soʻmdan 80 mln soʻmgacha banklardan qarzdor boʻlib qolishgan.

    “Qarzlaring yoʻqmi, deyishdi. Biz yoʻq, dedik. Keyin ular «maʼlumotlaringizni tekshirib koʻray, agar banklardan haqiqatda qarzingiz boʻlmasa, keyin sizga mahsulotimizni muddatli toʻlovga berib ketamiz”, deyishdi. Bundan tashqari, ular baʼzi joylarda pul uchun borganimizda odamlar mahsulotimizni olganidan tonyapti, shuning uchun rasmga olamiz, deyishdi. Biz rasmga tushib berdik...

    Keyin, aniqrogʻi 5 oydan keyin nomimga kredit olinganini bildim. Hozir shu kredit deb qoʻyilgan qarzdorlik 28 mln soʻmdan oshdi», – deydi jabrlanuvchilardan biri.

    Sudda yetkazilgan zarar “kredit firibgarlari”dan solidar tartibda undirilishi belgilandi.