“Angelo Branduardining “Samarkanda” qo'shig'i orqali O'zbekistoning boy tarixga ega ekanini bilishadi!..” Italiyadagi magistrant hamyurtimiz bilan suhbat

    Keyingi avlod 22 Iyun 2020 26881

    Xabaringiz bor, “YAngi O'zbekiston” nashri jahonning turli nuqtalaridagi vaqtandoshlarimiz bilan interv`yular berib bormoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz bugungi kunda Italiya Respublikasidagi Turin politexnika universiteti “Muhandislikda boshqaruv” yo'nalishi magistranti Nodir YUsufov bo'ldi. Qahramonimiz Toshkent viloyatida tug'ilgan. 2019 yil Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini tamomlagan.

    M.: Nodir o'zingiz haqingizda gapirib bersangiz – suhbatni shundan boshlasak.

    N.YU.: Bolaligimdan aniq fanlar, ayniqsa fizika va matematikaga qiziqqanman. SHu boisdan bo'lsa kerak, 2 – 9 sinflarda matematika fani olimpiadasining maktab bosqichida doim birinchi o'rinni qo'lga kiritardim.

    Bakalavr bosqichini Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida oldim. Darvoqe, 2018 yilning bahorgi semestrini Global UGRAND dasturi g'olibi bo'lib AQSHdagi G'arbiy Virijiniya universitida o'qiganman.

    Bakalavrni tamomlab bir muddat Innovatsion rivojlanish vazirligida etakchi mutaxassis sifatida ishladim.

    Hozirgi kunda Italiyada magistraturani davom ettiryapman.

    M.: Nima uchun aynan Italiyada o'qishga qaror qildingiz?

    N.YU.: Magistraturani “Muhandislikda boshqaruv” yo'nalishi bo'yicha o'qish bakalavr paytimdayoq rejamda bo'lgan. Lekin, aynan Italiyada o'qish asosiy maqsad emas edi. Dastlab muhandislik sohasi eng taraqqiy etgan Germaniyada o'qish uchun harakat qildim. Afsuski, DAAD (Germaniya akademik almashinuv) grant dasturining so'nggi bosqichidan muvaffaqiyatli o'ta olmadim. Biroq tushkunlikka tushmagan holda, hujjatlarimni Italiyadagi Turin politexnika universitetiga yubordim va u erga qabul qilindim.

    Ochig'i, hozir Italiyaga kelganimdan afsusda emasman. Boisi, mamlakatga kelib hukumatning aholiga teng yashash sharoiti yaratib berganiga guvoh bo'ldim. Masalan, Italiyaning kichik qishloqlarigacha zamonaviy va konditsionerlar bilan jihozlangan avtobuslar qatnaydi. Internet, onlayn xizmatlar kabi oddiy zaruriyatlar butun mamlakat bo'ylab ta'minlangan.

    Qolaversa, davlatda sanoatni klasterlab emas, balki mutaxassislik bo'yicha rivojlantirish ishlari ham sanoatning aksariyat yo'nalishlarida mamlakatni yaqqol etakchiga aylantirgani sezilib turadi.

    M.: Italiyaliklar haqida taassurotlar qanday va ular O'zbekiston haqida bilishadimi?

    N.YU.: Italyanlarning aksariyat urf-odatlarini o'zimiznikilarga o'xshataman. Misol uchun, haftaning dam olish kunlari nuroniylar boshchiligida butun oila bir dasturxon atrofiga to'planishi, farzandlarga mehr-e'tibor ko'rsatishi kabilarni aytishim mumkin.

    Men Italiyaning shimol qismida yashayman. Bu erda janubdagilarga nisbatan odamlar ko'p ham mehmondo'st va ochiqfe'l emas. YA'ni, ko'chada kamdan kam salomlashishadi. Muloqotlarda ham ortiqcha gap-so'zlar qilishmaydi.

    Italiyaga kelib yana bir e'tiborimni tortgan jihat mahalliy aholining g'oyatda oilaparvar ekanligi bo'ldi. Masalan, dam olish kunlari ko'chalarda oilali erkaklarining uyida televizor ko'rishdan ko'ra, farzandlariga xavfsizlik kaskalarini kiydirib skeytbord, rolik, velosiped minishni o'rgatayotganini ko'rasiz.

    SHuningdek mahalliy aholi jismoniy faollikka intilishadi. Ayniqsa yoshlar va qariyalar ham tong sahar erinmay turib yugurayotgani, hatto futbol o'ynashayotganiga ko'p bor guvoh bo'ldim.

    O'zbekiston haqida esa, mahalliy aholi deyarli hech narsa bilishmaydi. Ammo aksariyat qariyalar Angelo Branduardining “Samarkanda” nomli qo'shig'i orqali O'zbekistoning boy tarixga ega ekanligi, o'zbek oshxonasi juda ko'plab mazali taomlardan tashkil topganligi haqida bilishadi.

    M.: Bo'sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug'ullanasiz va oxirgi oy qanday kitoblar o'qidingiz?

    N.YU.: Hozirda o'qishdan tashqari sanoat va ta'limda qo'llaniladigan mikrosxemalarni ishlab chiqaruvchi Arduino kompaniyasida amaliyot o'tayapman. Arduino bilan joriy yilning yanvar` oyida 6 oylik shartnoma imzolagan edim. Lekin koronavirus sabab orada bir muddat tanaffus bo'ldi va shartnoma muddati sentyabr` oyi oxirigacha uzaytirildi.

    Kompaniyadagi asosiy vazifam Amazon onlayn platformasida kontent yaratish, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Frantsiya, Ispaniya va AQSH onlayn bozorlarida mikrosxemalarga bo'lgan talabni o'zgarishiga ta'sir qiluvchi omillarni o'rganish, talabga qarab narxlarni belgilash hamda haftalik hisobot topshirish kiradi.

    Kitob mutolaasi bobida, ochig'i ish va o'qish bilan bo'lganim uchun hozir bunga vaqtim bo'lmayapti. Ammo vaqt qilib Uolter Ayzeksonning 40 dan ortiq interv`yular asosida yozilgan Stiv Jobs nomli biografik kitobini oxirigacha tugatib qo'yishni rejalashtiryapman.

    M.: Kegusidagi rejalaringiz qanday?

    N.YU.: Kelajakda albatta O'zbekistonga qaytib, soham bo'yicha faoliyat yuritishni maqsad qilganman. Lekin, bu aynan qachon amalga oshishini bilmayman. O'rganganlarimni amalda qo'llaydigan sohalardan ishga taklif qilinsam, magistr diplomini oliboq qaytishim mumkin. Lekin Evropada shaxsiy va professional rivojlanishimga imkoniyat yaratadigan ish taklifi bo'lsa, ma'lum muddat shu erda ishlab malaka oshirish niyatim ham yo'q emas.

    Albatta hammasini vaqt ko'rsatadi.

    M.: YAngi O'zbekistonning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

    N.YU.: YAngi O'zbekistonda har qanday tashkilot – xoh u davlat tashkiloti bo'lsin yoki xususiy sektordan, ularning amalga oshirayotgan chora-tadbirlari haqiqatdan ham fuqarolarning og'irini engil qilishga qaratilgan bo'lishini istayman.

    SHu bilan birga, YAngi O'zbekistonning yosh va yangi avlodlari o'qishni tugatib ish joyiga kelganida, turli tashqi bosimlarsiz, qat'iyat va dadillik bilan muammoga o'z echimlarni bera olishi hamda eng muhimi ishlayotgan joyida ularning ovozi ahamiyatga ega bo'lishini xohlayman.

    Nurillo TO'XTASINOV suhbatlashdi