Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining oʻrinbosari Dilnoza Muratova, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, “Veteran” faxriy jangchilar birlashmasi raisi Talat Murodov tadbirni ochib berdi.
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning
11-moddasi “Tahdidli va favqulodda gumanitar vaziyatlar”ga bagʻishlangan boʻlib, unda ishtirok etuvchi davlatlar nogironligi boʻlgan shaxslarni tahdidli vaziyatlarda, favqulodda gumanitar vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻrishi belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda, ayni tadbirda pandemiya yoki boshqa favqulodda vaziyatlar davrida nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqa harakati cheklangan shaxslarning yashash va sogʻliqqa oid huquqlarini taʼminlash boʻyicha qilingan ishlar muhokama etildi.
Amaliy seminarda davlat organlari xodimlari xamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar nogironligi boʻlgan shaxslarga favqulodda vaziyatlarda yordam berishga moʻljallangan eng yangi jihozlar bilan tanishdilar. Respublika tezkor xizmati va koʻngillilar (volontyorlar) tomonidan favqulodda vaziyatlar paytida nogironligi boʻlgan insonlarni qutqarish ishlarini qanday amalga oshirilishi haqida zarur tushunchaga ega boʻldilar.
Amaliy mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy maʼlumotlarga ega boʻldi, balki favqulodda vaziyatlarda nogiron shaxslarni qutqarish, evakuatsiya qilish va ularni xavfsiz joyga koʻchirish jarayonlarini ham bevosita kuzatdilar.
Favqulodda vaziyatlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish mavzusida amaliy koʻrgazmali chiqish ham boʻlib oʻtdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan maxsus qutqaruv texnikasi va jihozlari seminar ishtirokchilariga namoyish etildi. Va Har xil vaziyatlarda qoʻllaniladigan zamonaviy texnika va texnologiyalar haqida toʻliq maʼlumot berildi.
Seminar davomida tabiiy ofatlar, masalan, suv toshqini, yer qimirlashi, yongʻin yoki boshqa favqulodda vaziyatlar paytida nogiron shaxslarni qutqarish uchun maxsus jihozlar va texnikadan qanday foydalanilishi amaliyotda koʻrsatildi.
Amaliy mashgʻulotlarda favqulodda vaziyatlarda maxsus tashkil qilingan vaqtinchalik boshpanalar qanday jihozlangani, nogiron shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning sogʻligʻini nazorat qilish va tezkor tibbiy yordam koʻrsatish tartiblari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
Bunday vaqtinchalik sharoitlar yaratish boʻyicha davlat tomonidan amalga oshiriladigan choralar batafsil muhokama qilindi.
Ushbu amaliy koʻrgazma nogiron shaxslarni qutqarishda qanday zamonaviy texnik vositalar qoʻllanilishi, ularning xavfsizligini taʼminlash uchun qanday taktikalardan foydalanish kerakligi boʻyicha ishtirokchilarga keng maʼlumotlar berishga imkon yaratdi.
Respublika tezkor xizmati tomonidan oliy taʼlim muassasalarida favqulodda vaziyatlar vaqtida fuqarolar, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarning evakuatsiyasini taʼminlash boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilayotganligi haqida maʼlum qilindi.
Ishtirokchilar ushbu seminar nogiron shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga xavfsiz muhit yaratish yoʻlida muhim qadam ekanini eʼtirof etdilar.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.