Antibiotiklarni shifokor retseptisiz sotish qonun bilan taqiqlanadi

    Salomatlik 28 Iyul 2021 2246

    Keyingi paytlarda koʻpchilik odamlar oʻpka yalligʻlanishi jarayonlarida, tana harorati koʻtarilganda va boshqa kasalliklarda bilib-bilmay, antibiotiklardan foydalanishni odatga aylantirdi. Ayniqsa, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimiz orasida oʻzboshimchalik bilan antibiotik va gormon olish holatlari juda koʻp kuzatilmoqda.

    Taʼkidlash lozimki, bunga nafaqat ularning yetarli tibbiy bilimga ega emasligi, balki ayrim hollarda dorixona egalarining ushbu dori vositalari bilan savdo qilish boʻyicha yurtimizda belgilangan tartib-qoidalarni chetlab oʻtayotgani ham sabab boʻlmoqda.

    SSV Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat IBRAGIMOVAga bir necha savollar bilan murojaat qildi.

    — Maʼlumki, antibiotiklar tibbiyotda eng koʻp tayinlanuvchi va uning qariyb barcha sohalarida qoʻllaniluvchi dori vositasi sanaladi, — deydi M.IBRAGIMOVA. — Biroq ulardan notoʻgʻri foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

    Jumladan, keyingi paytlarda antibiotiklarni palapartish ishlatish natijasida kasallikka sabab boʻluvchi bakteriyalarning preparatlarga chidamliligi ortib bormoqda. Birgina misol, bundan 15-20 yil ilgari penitsillin koʻplab bakteriologik kasalliklarga qarshi samarali vosita hisoblangan boʻlsa, hozirga kelib, bu bakteriyalar mazkur antibiotikni “pisand” qilmayapti.

    Qolaversa, bugun mamlakatimizda baʼzi bemorlar ushbu dori vositasidan virusli kasalliklar, xususan, “COVID-19” infeksiyasini davolashda oʻzboshimchalik bilan foydalanayotgani, ularning ahvolini yana-da ogʻirlashtirib, ayrim hollarda oʻlimga ham sabab boʻlmoqda.

    — Antibiotiklardan oʻzboshimchalik bilan foydalanishni oldini olishda yurtimiz dorixonalarida ushbu vositaning chakana savdosini belgilangan talablarga muvofiq holda tashkil etish qanchalik muhim?

    — Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mamlakatimiz qonunchiligiga koʻra, antibiotiklarni shifokor retseptisiz berish taqiqlanadi. Jumladan, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, dori vositalarini retsept bilan (antibiotiklar shular jumlasidan) dorixonalardan chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qoidalarga asosan amalga oshirilishi belgilangan.

    Shuningdek, bu kabi dori preparatlarini dorixonalarda sotish Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar boʻyicha yoki tasdiqlangan Retseptsiz beriladigan dori vositalarining roʻyxatiga koʻra retseptsiz amalga oshiriladi. Qolaversa, Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi tegishli Qaroriga koʻra, tibbiyot tashkilotlarida mulkchilik va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, bemorga retseptsiz retsept boʻyicha beriladigan dori vositalarni buyurish taqiqlanadi.

    — Bu tartibga amal qilmaganlarga qanday qonuniy choralar koʻriladi?

    — Mamlakatimizda dorixona xodimi retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptsiz sotganligi uchun qonuniy javobgarlik belgilangan.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1651-moddasi (dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 1863-moddasiga (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) koʻra, bunday shaxslar tegishli javobgarlikka tortiladi.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 284-sonli qaroriga asosan ushbu qonunbuzarlikni dorixona muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) amalga oshirsa, bu holat litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib keladi.