Qayd etilishicha, O‘zbekistonga sayohat Kyau Tet uchun haqiqiy kashfiyot bo‘lib, bu qadimiy zaminning noyob merosi bilan yaqindan tanishish imkonini bergan. Samarqandning mahobatli minoralaridan tortib, Buxoroning sokin ko‘chalarigacha, Toshkentning rang-barang bozorlaridan tortib Qizilqumning sirli sahrolarigacha – u tashrif buyurgan har bir go‘sha o‘zining betakror muhiti va salobatidan lol qolganini ta’kidlagan.
Safardan qaytgach, singapurlik sayohatchi-jurnalist o‘zi rahbarlik qilayotgan jurnal o‘quvchilari bilan O‘zbekistonga unutilmas sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashishga qaror qildi.
1999-yilda tashkil etilganidan beri «Asian Geographic Magazines» jurnali o‘zining tahliliy maqolalari, qiziqarli fotoreportajlari va yuqori sifatli dizayni bilan mushtariylar e’tiborini qozonib kelyapti. Ikki oyda bir marta nashr etiladigan jurnal 44 mamlakatda 300 mingdan ortiq o‘quvchiga ega.
Jurnal ko‘pincha Osiyo haqidagi turli, ba'zan juda kam o‘rganilgan mavzularga bag‘ishlangan materiallarni e’lon qiladi. Bu esa o‘quvchilarga qit’a haqida to‘liqroq tushunchaga ega bo‘lish imkonini beradi. Nashr mintaqadagi muhim masalalarga e’tiborni qaratish maqsadida nafaqat dolzarb voqyea va muammolarni yoritib boradi, balki uning tarixi va madaniyatini ham keng targ‘ib qiladi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.
«O‘zbekiston o‘zining mahobatli me’moriy obidalari, go‘zal manzaralari, mehmondo‘st xalqi bilan mushtariylarda unutilmas taassurot qoldirdi», – deya qayd etgan «Asian Geographic Magazines» bosh muharriri.