Tarixni bilganlar uchun ushbu holat ikkilanish tugʻdirmasligi aniq. Negaki, oʻzbek davlatining qarichi doimo katta, qarashlarining koʻlami ulkan boʻlib kelgan. Eng asosiysi, olamning endigi siyosiy turmushi va xaritasi yangidan-yangi tushuncha, qoida, tenglamalar bilan nechogʻli boyib bormasin, ularning ildizi baribir oʻtmishda qotib boʻlgan tuzuklarga borib taqalaveradi. Ularni bilmasdan turib esa, mavjud munosabatlar tizimiga toʻlaqonli baho berish ancha qiyin kechadi. Ushbu tenglama Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bogʻliqligidek dolzarb masalaga ham tegishlidir.
Markaziy (Oʻrta), Janubiy Osiyo atamalari nisbatan kecha — XIX asrdan boshlab dunyoning gʻarbiy boʻlagi vakillari tomonidan muomalaga kiritilgan. Ularning siyosiy-harbiy, iqtisodiy, ilmiy kuch-qudrati oshib borishi va unga tegishincha umuman Osiyo, xususan, uning soʻz ketayotgan tegralarining zaiflashishi oqibatida boshqa koʻplab omillar qatori jugʻrofiy atamalar ham gʻarbchalashib, tez orada toshdek qotgan-qoʻygan. Holbuki, hatto oʻsha geografiya masalasida ham Sharqning, jumladan, uning bosh boʻlagi Osiyoning oʻz qarash va ilmi boʻlganini bugun faqat mutaxassislar biladi, xolos.
Markaziy Osiyoning miloddan oldingi II ming yillik oxiri va I ming yillik boshlariga oid geografiyasi boʻyicha ilk maʼlumotni biz vatani Xorazm boʻlmish “Avesto”dan topamiz. Unda taʼrifi keltirilgan oʻn olti oʻlka Sirdaryodan Hind daryosigacha boʻlgan hududni — asosan, bugungi Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston, Shimoliy Hindistonni qamrab olgan.
Mazmunan miloddan oldingi I ming yillik ikkinchi yarmida shakllangan mashhur “Mahobhorat” oʻzbek va hind aloqalari juda qadim oʻtmishga ega ekanidan dalolat beradi.
Chunonchi, mintaqamizdan Hindistonga uzun va kalta qilichlar, oybolta, nayza, shuningdek, ipakli, paxtali, junli toʻqima mahsulotlar, qoʻy terisidan tikilgan kiyimlar, turli ichimliklar, attorlik mahsulotlari, otlar, qimmatli toshlar olib borilgan. Xitoy mollari hindlar oʻlkasiga Turon orqali tashilganiga oid guvohliklarni ham eʼtibordan qochirib boʻlmaydi.
Aleksandrni Turon va Hindiston tomon chorlagan omilni uning butun dun yoga egalik qilish tuygʻusi bilan bogʻlash kamlik qiladi, albatta. Yunon-makedonlar Sharqning bitmastuganmas boyliklarini ham qoʻlga kiritish istagida yongan.
Magʻlub etilgan ahamoniylar saltanatining bosh xazinasini tashib ketish uchun 10 ming xachir qoʻshilgan arava va 5 ming tuya kerak boʻlgani, ikki asr ichida toʻplangan mazkur boylik bugungi kun bahosida 2,35 milliard dollarga tengligini eslatishning oʻzi kifoya.
Milod boshiga kelib, asli turkiy oʻgʻizlardan boʻlgani ilmiy jihatdan asoslangan kushoniylar kelgindilar hukmronligiga uzil-kesil chek qoʻyib, oʻzbek davlatida boshqaruvni qoʻlga oladi. Aynan ular hozirgi Oʻrta Osiyo, Afgʻonis ton, Pokiston va Shimoliy Hindistonni birlashtirishga erishgan va shu tariqa davlatchiligimiz tarixidagi ilk saltanatchilikka asos solgan. Buddaviylikning hozirgi Afgʻoniston, Oʻrta Osiyo, Xitoy, Tibet, Yaponiya, Koreya yarim oroligacha tarqalishi ham kushoniylar davriga (I-IV asrlar) toʻgʻri keladi. Buddaviylarning Kashmirda oʻtkazilgan toʻrtinchi qurultoyiga Kanishka I (78-144) bosh-qosh boʻlgani, beshinchisi esa, XIX asrdagina tashkil etilgani koʻp narsaga ishora boʻla oladi
Bizni Hindiston bilan bogʻlaydigan omillar koʻp. Ularning eng yorqinlaridan biri qadim va oʻrta asrlarda bu borada yaratilgan tengi yoʻq asar sifatida tan olingan “Hindiston” kitobidir. 1030-yili tugallangan ushbu asarda buyuk oʻzbek mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy mazkur oʻlka xalqlari tarixi, geografiyasi, dinlari, urf-odatlari, ilm-fani, falsafasi, qonunqoidalari, yozuvlari, adabiyotiga doir bugun ham oʻz qimmatini saqlab qolayotgan izlanishlari natijasini bayon etgan. Uni oʻzbek hindshunosligining asoschisi, desak har tomonlama maqbul boʻladi.
Qadimgi sanskrit tilini mukammal egallagan Abu Rayhon Beruniy hind olimlarining matematika va astronomiyaga oid bir qator kitob larini arab tiliga tarjima qilgan, Evklid, Ptolemey asarlari hamda usturlobni yasashga bagʻishlangan oʻz risolasini sanskrit tiliga oʻgirgan.
Oʻzbek davlatini Hindiston bilan bogʻlovchi yana bir tarixiy jihat Muhammad Xorazmiyning “Hind hisobi boʻyicha qoʻshish va ayirish kitobi” boʻlib, unda buyuk ajdodimiz arifmetik amallarni hind usuliga koʻra, bayon etib bergan va shu tariqa oʻnlik sanoq tizimi oldiniga Oʻrta va Yaqin Sharqqa, soʻng Yevropaga — butun olamga tarqalgan.
Biz oʻnlik sanoq tizimi, algoritm va algebra asoschisi deb biladigan yurtdoshimizning yana bir katta xizmati bor: u ilk bor geografiya ni iqlimlar nazariyasiga asoslantirib bergan. Kishilik tarixining oʻrta asrlar bosqichida geografiya fani boʻyicha yaratilgan birinchi ilmiy asar — “Yer xaritasi” (“Surat al-arz”) ham uning qalamiga tegishli. Yerning maʼmur qismini iqlim mintaqalari boʻyicha oʻrganishni boshlab bergan ulugʻ bobomiz Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston, Hindistonni yonma-yon iqlimlarga joylashtirgan. Keyingi asrlar geo graf olimlari ham aynan u asos solgan yetti iqlim tizimida izlanishlar olib borgan.
Markaziy va Janubiy Osiyo munosabatlari haqida soʻz ketganda, XIII asrdan Shimoliy Hindistonda faoliyat yurita boshlagan, turkiy sulolalar asos solgan Dehli sultonligini eslashga toʻgʻri keladi. Moʻgʻullar bosqinini birinchi boʻlib qarshi olgan Turkistonning koʻplab arboblari, olimu fozillari, sanʼat va hunar ahli Hind oʻlkasiga ketishga majbur boʻlgan. Bu paytda sultonlikni boshqarib kelayotgan va asli buxorolik boʻlmish mashhur Shamsiddin Eltutmish (1211-1236) ularga boshpana bergan. Endilikda butun dunyoga tanilgan, Jahon madaniy merosi obyekti sifatida YUNESKO himoyasiga olingan, boʻyi 72,6 metrli Qutb minorning Dehlida qad koʻtarishida uning xizmatlari juda katta boʻlgan.
Keyingi yillarda ham turkistonlik, xurosonliklar moʻgʻullar dastidan qochib, Hindistonga kelgan. Ular mazkur yurtga xizmat qilgan, siyosiy, ilmiy-madaniy turmushida gʻayrat koʻrsatgan. Ular orasida 1172-yili Buxoroda tugʻilgan Muhammad Avfiyni eslamaslik mumkin emas. Eng qadimdan oʻz zamonasigacha yashab oʻtgan fors tilli shoirlarga bagʻishlangan ilk tazkirani aynan u tuzgan.
Shamsiddin Eltutmish asli lochin urugʻidan boʻlmish keshlik amir Sayfiddin Mahmudni ham iliq qabul qilib, gʻamxoʻrlik koʻrsatgan. Hind va fors adabiyotining yirik vakili, adabiyot, tarix, cholgʻuga oid yuzga yaqin asar yaratgan Xisrav Dehlaviy (1253-1325) uning oʻgʻli boʻladi. “Hind ovozi” eʼtirofiga sazovor boʻlgan shoir oʻzini “hind turki” deb bilgan.
Uning “Xamsa”si kishilik soʻz sanʼatining durdonalaridan boʻlib, rivoyatlarga koʻra, endilikda butun dunyoga mashhur “Sitor” cholgʻusini aynan u ixtiro qilgan.
Dehli sultonligi saroyida faoliyat koʻrsatgan yana bir taniqli turkistonlik — Badriddin Chochiy. Nisbasidan koʻrinadiki, u chochlik, yaʼni toshkentlik edi. Malik ush-shuaro unvoniga erishgan yurtdoshimiz ijodi oʻta yuqori baholangan va zamona faxri, deya ulugʻlangan.
Oʻzbek-hind aloqalari temuriylar davrida yana-da rivoj topganini aytish lozim. Soʻz ketayotgan yillarning taniqli tarixchisi Abdurazzoq Samarqandiy elchilik mahoratiga ham ega edi. Boʻlmasa, Shohruh uni Bengaliya hukmdori huzuriga joʻnatmasdi. 1442-1445-yillarda davom etgan mazkur safar chogʻida Janubiy Hindistonga oid koʻplab va turli-tuman maʼlumotlar toʻplangan, eng muhimi, mahalliy siyosiy doiralar bilan yaqin va ishonchli aloqalar oʻrnatilgan.
Alisher Navoiy ham Hind oʻlkasiga befarq boʻlmagan. Uning hind hukmdorlari bilan samimiy va doʻstona yozishmalari bor. Ulugʻ oʻzbek shoiri Xisrav Dehlaviyni gʻoyat hurmat qilgan. Uning gʻazallariga oʻxshatmalar bitgan, xamsachilikda undan quvvat olganini alohida taʼkidlagan.
Oʻzbek-hind xalqlari oʻrtasidagi bordi-keldilar davlatimizga shayboniylar, ashtarxoniylar hukmronlik qilgan asrlarda ham izchil davom etgan. Taqdir taqozosi bilan xuddi shu davrda Hindiston davlati boshqaruvi boshqa bir oʻzbek sulolasi — boburiylar qoʻlida edi.
Oʻzbekistonni, umuman, Markaziy Osiyoni Pokiston va Hindiston bilan qattiq bogʻlab turadigan omil — bu boburiylarning 330-yillik faoliyati, albatta. Aynan mazkur bosqichda siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, adabiyot, sanʼat, qurilish sohalarida yuz bergan tarixiy oʻzgarishlar, erishilgan yutuqlar hindistonlik va pokistonliklarning bugungi avlodlari tomonidan faxr bilan tilga olinadi.
Dehli, Jaypurda qurilgan rasadxonalar, turkiy, forsiy, urdu tillarida yaratilgan yuksak sheʼriyat, adabiyotshunoslikka oid qimmatli asarlar, “Boburnoma”, “Humoyunnoma”, “Akbarnoma”, “Tuzuki Jahongiriy”. “Shohjahonnoma” singari mashhur tarixlar Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo xalqlarininggina emas, butun olamning boy merosiga aylandi.
Hindistonda rassomlik rivojida boburiylar miniatyura maktabining oʻz oʻrni boʻlgan. Kamoliddin Behzodning shogirdlari termizlik Mirsayyid Ali va Xoja Abdusamad boshchiligidagi guruhlar turli mavzu va yoʻnalishlarda ijod qilgan. Keyinchalik ularning ishini turkistonlik Farruxbek, Muhammad Murod Samarqandiy, Muhammad Nodir Samarqandiy, Oqo Rizo Buxoriy davom ettirib, “Boburnoma”, “Zafarnoma”, “Akbarnoma”, “Jome at-tavorix” kabi oʻnlab asarlarga nafis miniatyuralar chizganlar.
Boburiylarning qurilish sohasidagi ishlari Hindiston va Pokiston xalqlari uchun oʻchmas iz qoldirgan. Mahalliy meʼmorlardan tashqari Turkiston, Eron, Turkiyadan chaqirilgan muhandis va ustalar saʼy-harakati bilan bunyod etilgan Tojmahal, Baland darvoza, Oltin ibodatxona, Govindadeva ibodatxonasi, Humoyun, Akbar maqbaralari, Fotihpur Sikri, Ajmir, Ollohobod qalʼalari, Agradagi Laʼl qalʼasi endilikda jahon madaniyati namunalari sifatida eʼtirof etiladi.
Ulugʻ ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning noyob asari — “Xorazmiy ziji” bilan bogʻliq bir masalaga toʻxtalib oʻtmasak boʻlmaydi. Unda alloma tomonidan markaziy meridian sifatida Uzayn meridiani (Uzayn qubbasi) tanlangan boʻlib, u Hindistondagi hozirgi Ujayn — hinduiylikning yetti muqaddas shaharlaridan biriga toʻgʻri keladi. Mazkur asar ingliz faylasufi Adelard Bat (1080-1160) va italiyalik matematik, astronom Gerardo Kremoneze (1114- 1187) tomonidan yevropa tillariga oʻgirilish paytida Uzayn ( (أزئنAringa (أرئن (oʻzgarib ketgan. Eng qizigʻi, Xristofor Kolumb Arin meridiani haqida farang rohibi Piter Dayining (1350- 1425) 1410-yili bitilib, 1480-1487-yillarda chop etilgan “Yer yuzi” (“Imago Mundi”) asari orqali tanishgan. Shu tariqa, unda Yerning noksimon ekani va gʻarbiy yarim sharda ham Arin meridianiga qarama-qarshi meridian boʻlishi mumkinligi haqida tasavvur hosil boʻlgan.
Umuman aytganda, Sharq uchun Yer yuzi obod boʻlagining chekkasi sanalib kelgan Yevropa Osiyoning qator kashfiyotchi olimlari, ayniqsa, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ulugʻbek, Ali Qushchi singari ulugʻ allomalarimizning matematika, astronomiya, geografiyaga oid ilmiy merosidan bahramand boʻlibgina qolmay, oʻzining siyosiy, iqtisodiy intilishlarida undan unumli foydalanishni ham eplagan.
Ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa, ilm-fan, taʼlim, madaniyatdek ongni tarbiyalovchi sohalarga singdirib yuborilgan “Buyuk jugʻrofiy kashfiyotlar”, “Yangi dengiz yoʻllarining ochilishi” aslida XV-XIX asrlarda yuz bergan, Afrika, Amerika, Osiyo, Avstraliyani egallash, u yerlardagi tabiiy boyliklarni ayovsiz talashdan iborat besh yuz yillik boʻlganini birov tan oladi, birov esa yoʻq. Endilikda barchaga yaxshi tanish “geosiyosat” tushunchasi ham aynan XIX asr oxiri — XX asr boshlariga toʻgʻri kelgani bejiz emas, deb oʻylaymiz. Negaki, ushbu pallaga kelib, Yevropaning ayrim davlatlari oʻzidan tashqaridagi qitʼalarni asosan boʻlishib boʻlgandilar, buyogʻi esa mazkur jugʻrofiy kengliklar ustidan nazoratni samarali tashkil etishga bogʻliq boʻlib qolgandi.
Markaziy va Janubiy osiyo munosabatlari haqida soʻz ketganda, XIII asrdan shimoliy hindistonda faoliYat yurita boshlagan, turkiy sulolalar asos solgan dehli sultonligini eslashga toʻgʻri keladi. moʻgʻullar bosqinini birinchi boʻlib qarshi olgan turkistonning koʻplab arboblari, olimu fozillari, sanʼat va hunar ahli hind oʻlkasiga ketishga maJbur boʻlgan. bu paytda sultonlikni boshqarib kelayotgan va asli buXorolik boʻlmish mashhur shamsiddin eltutmish (1211-1236) ularga boshpana bergan. endilikda butun dunyoga tanilgan, Jahon madaniy merosi obyekti sifatida yunesko himoYasiga olingan, boʻyi 72,6 metrli qutb minorning dehlida qad koʻtarishida uning Xizmatlari Juda katta boʻlgan.
XIX asrga kelib Turkiston, Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston Rossiya va Britaniya imperiyalari mustamlakalariga, “Katta oʻyin” (“Great (Grand) game”) qurbonlariga aylandi. Qirq ikki yil burun boshlangan afgʻon mojarosi esa, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, avvalo, Afgʻoniston uchun bitmas yara boʻlib kelmoqda. Shunga qaramay, bir necha ming yillar ichra u yoki bu darajada birgalikda kechgan tarixiy-madaniy taraqqiyotimizda yaxshi zamonlar, natijalar yomonlaridan koʻproq boʻlgani ham haqiqatdir.
Eng qadimgi zamonlardan oʻz qarash va anʼanalariga ega ulkan mintaqa tarix gʻildiragining barcha sinovlariga dosh berib, oʻz yoʻlidan qaytmay kelayotir. Yaʼni tashqi kuchlar qanchalik katta imkoniyatga ega boʻlmasin, Markaziy va Janubiy Osiyoning taqdiri shu yerlik xalqlarning oʻz qoʻlida boʻlib kelgan. Aynan mazkur omil sharofati bilan XX asr oʻrtalarida Hindiston va Pokiston istiqlolga erishdi, asr oxirlarida esa, Markaziy Osiyo mustaqil boʻldi. Jafokash afgʻon jamiyati ham oʻta ogʻir va murakkab vaziyatda oʻzligini saqlab kelmoqda.
Ota-bobolarimiz “Qazisan, qartasan, asli zotingga tortasan”, deb bejiz aytmagan. Negaki, ildizlar baribir oʻziga tortadi. Ulkan mintaqaning uch ming yillik oʻtmishiga qisqacha nazar esa, tortish kuchi asrlar davomida oqillik va bilimdonlikdan ozuqlanganini isbotlamoqda. Ushbu ikki omilga tayanib yashashni boshlagan oʻzbek davlati va jamiyati gʻoyat qisqa vaqt — salkam besh yilda koʻpchilik kutmagan tarixiy natijalarga erishayotgan ekan, demak, Markaziy va Janubiy Osiyoning ham bundan keyingi yutuqlari oqillik va bilimdonlikka bogʻliq boʻlishi shubhasiz.
Azamat Ziyo,
tarix fanlari doktori, professor