Asosiy kapitalga investitsiyalar, bu — foydani oshirish maqsadida asosiy vositalarni sotib olish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, qurish hamda boshqa saʼy-harakatlar uchun qoʻshimcha xarajatlar evaziga korxona aktivlari va balansi qiymatining oshishi hisoblanadi. Ushbu  jarayon korxonalarning qoʻshimcha mablagʻlarni investitsiyalashi orqali oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda ishlab chiqarishni oshirish, undan keladigan foydani koʻpaytirishga qaratiladi. Anʼanaviy tamoyilga koʻra, asosiy kapitalga qoʻyilgan investitsiyalarning tez muddatda qaytishini kutmaslik kerak, ammo ular uzoq vaqt davomida barqaror foyda kelishining kafolati boʻlib xizmat qiladi.

2018–2022-yillardagi maʼlumotlarni tahlil qilar ekanmiz, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi yildan-yilga ortib borganini koʻrishimiz mumkin. Agar 2018-yilda mazkur koʻrsatkich 124 trillion 231,3 milliard soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, keyingi yillar davomida uning oʻsish hajmi 145 trillion 626,2 milliard soʻmga oshgan. Ularning minimal qiymati 2018-yilda kuzatilgan va indikatorning maksimal qiymati 2022-yilda 269 trillion 857,5 milliard soʻmga teng boʻlgan. Bu investitsiyalar faolligini tavsiflaydi. Ularning oʻrtacha qiymati 207 trillion 952,7 milliard soʻmni tashkil qilgan.

(2018-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar dinamikasi, milliard soʻm)

2023-yilning yanvar–mart oylarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun jami moliyalashtirish manbalari hisobidan 56,6 trillion soʻm oʻzlashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 103,1 foizga oʻsganini ifoda etadi.

Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, islohotlarni chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va asosiy fondlarni yaratish, tarmoq va sohalarda amaldagi texnika va texnologiyalarni yangilash, ularni qoʻllab-quvvatlash investitsion jarayonlarning toʻgʻri va samarali amalga oshirilishi bilan uygʻunlashsa, koʻzlangan maqsadga erishiladi. Bu, oʻz navbatida, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borishga alohida eʼtibor qaratish bilan ham uzviy bogʻliq.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, sarmoyalar hajmi oʻsishining aksariyat qismi 2021–2022-yillarda Investitsiya dasturiga kiritilgan yirik loyihalar hisobiga toʻgʻri kelayotgani kuzatiladi. Xususan, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, umumiy quvvati 900 megavattdan kam boʻlmagan navbatdagi ikkita bugʻ-gaz turbinasini qurish bilan Tallimarjon IESni kengaytirish, “Pop – Qoʻqon – Andijon” uchastkasini elektrlashtirgan holda, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini barpo etish, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Talgo-250” rusumli yoʻlovchi 2 ta elektr poyezdi hamda 4 ta vagon xarid qilish, lokomotiv parkini yangilash, “Boing-787-8” samolyotlarini sotib olish va hakozo.

Bir hudud misolida amalga oshirilgan loyihalarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali, Imom Buxoriy majmuasi hamda Samarqand turistik markazidagi mehmonxonalar, xalqaro kongress xol, “Boqiy shahar” majmuasi turli xalqaro anjumanlar oʻtkazish, xorijlik va mahalliy sayyohlarni jalb qilishda beqiyos oʻrin tutayotganini koʻrish mumkin.

2022-yilda mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun jami moliyalashtirish manbalari hisobidan 269 trillion 857,5 milliard soʻm investitsiya oʻzlashtirilib, bu avvalgi yilga nisbatan 100,9 foizni tashkil qildi.

(Moliyalashtirish manbalari boʻyicha  2022-yilda oʻzlashtirilgan  asosiy kapitalga investitsiyalar)

Bunda markazlashgan manbalar hisobidan jami asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar ulushi 15,4 foizga yoki 41 trillion 784,3 milliard soʻmga teng boʻlsa, uning 84,6 foizi markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobiga toʻgʻri keldi. Bu 2021-yilga nisbatan 3,8 foizga koʻpayishi barobarida, jami kiritilgan sarmoyalarning 40,9 foizi korxona, tashkilot va aholining oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgani bilan eʼtiborga molikdir.

2023-yil yanvar–mart oylarida jami investitsiyalar hajmida markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga nisbatan investitsiyalar ulushi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10,4 foizni yoki 5,9 trillion soʻmni tashkil etdi. Markazlashmagan manbalar hisobidan 50,7 trillion soʻm yoki jami investitsiyalarning 99,2 foizi oʻzlashtirilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 foiz punktga kamaydi.

2022-yilning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobidan 15 trillion 0,37 milliard soʻm investitsiya oʻzlashtirilib, 2021-yilga nisbatan 74,9 foizni tashkil etdi. Ularning jami hajmidagi ulushi esa, 5,6 foiz darajasida qayd etildi va yirik hajmdagi investitsion loyihalarga yoʻllandi. A–380 “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yoʻlining 964-1204 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini taʼmirlash va energiya samaradorligini oshirish, elektr energetika tarmogʻi salohiyatini rivojlantirish ana shunday loyihalar sirasiga kiradi.

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2 trillion 482,7 milliard soʻm va jami investitsiyalardagi ulushi 0,9 foizga teng boʻldi. Shuningdek, mazkur jamgʻarma hisobidan moliyalashtirilgan investitsiyalar hajmi 2021-yilga nisbatan 73,5 foizni tashkil etdi.

Davlat darajasida ham, alohida hududlar miqyosida ham investitsiyalarni boshqarish samaradorligini oshirish mamlakatda, Oʻzbekistondagi subyektlar, sanoat korxonalari va tashkilotlarida iqtisodiy jarayonlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Oʻtgan yili asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich va oʻsish surʼatlari korxona hamda tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobiga toʻgʻri kelib, 2021-yilga nisbatan 110,6 foizga oʻsdi. Eng yuqori ulush Toshkent shahrida kuzatilib, bu hududda oʻzlashtirilgan investitsiyalarning 52,1 foiziga toʻgʻri keldi. Bu borada  Toshkent (39,3 foiz) va Navoiy viloyatlari ( 30,7 foiz) hissasi ham yuqori.

Kafolatlanmagan va boshqa xorijiy investitsiyalar, kreditlar hisobidan hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar koʻlami ham ortib boryapti. Ularning jami asosiy kapitalga investitsiyalar hajmidagi ulushi 2022-yilda 22,3 foizni tashkil etgani buning amaliy tasdigʻidir. Aholi mablagʻlari hisobidan esa, 27 trillion 296 milliard soʻm oʻzlashtirildi. Bu mablagʻlar asosan uy-joylar qurilishiga yoʻnaltirilgan. 

Shu oʻrinda qayd etish joiz, mamlakatimizdagi qulay biznes muhiti samarasida soʻnggi yillarda chet el korxonalari 5 mingtadan 16 mingtaga yetdi. Har bir tuman va shaharga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib keldi. Eksport qiluvchi korxonalar soni besh yilda 4 ming 500 tadan 7 ming 200 tagacha koʻpaydi. Xorijga yoʻllanayotgan mahsulot turlari ham 1 ming 500 tadan qariyb 3 mingtagacha oshib, geografiyasi 164 mamlakatni tashkil etdi. Tayyor mahsulot eksporti 2 barobarga, ularning tovarlar eksportidagi ulushi 50 foizdan 65 foizga oshdi. Joriy yilda qariyb 11 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Hududlarda 23 milliard dollarlik 12 mingta yangi loyiha, shu jumladan, 3 mingdan ziyod sanoat loyihalari ishga tushirilishi belgilangan.

Iqtisodiyotning oʻsishi va uni modernizatsiya qilishning yuqori surʼatlarini taʼminlash faqat viloyat hududida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga sarmoyalar yoʻnaltirilgan taqdirda samarasi yanada katta boʻladi. Shu jihatdan joriy yilning dastlabki choragi tahlil etilganda, hududlar kesimida asosiy kapitalga investitsiyalar oʻzlashtirilishi boʻyicha oʻtgan yilning mos davriga nisbatan eng yuqori oʻsish surʼati Fargʻona viloyatida (132,3 foiz) kuzatildi. Ushbu natijani 1500 megavatt quvvatga ega yangi elektr stansiyasi va 220 megavatt quvvatga ega gaz pistonli elektr stansiyasini qurish kabi yirik loyihalarga investitsiyalarni oʻzlashtirish bilan izohlash mumkin. Samarqand viloyatida ham bu boradagi ishlar koʻlami katta. Shu bois, oʻsish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 130,7 foizni tashkil qildi. Bu hududda turistik markaz, quvvati 100 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi, Samarqand kimyo majmuasi qurilishi kabi yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Viloyat iqtisodiyotiga zamonaviy sharoitlarda investitsiyalarni jalb etishni mintaqada investitsiya jozibadorligini oshirish va investitsiya xatarini kamaytirishga qaratilgan faol ishlarsiz amalga oshirib boʻlmaydi. Hududda investitsiyalarni boshqarishning yangi, nostandart usul va vositalarini izlash hududiy hokimiyat organlarining tijorat sharoitida faoliyat yurituvchi zamonaviy boshqaruv texnologiyalaridan foydalanish zaruratini keltirib chiqaradi.

Globallashuv natijasida mintaqalar xalqaro iqtisodiy munosabatlarning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylanadi. Shu bilan birga, ular savdo bozorlari, investitsiyalar, byudjet va maʼmuriy resurslar uchun bir-biri bilan qattiq raqobatlashadi. Har bir hudud oʻzining geografik joylashuvi, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi, mehnat resurslari, foydali qazilma konlari mavjudligining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olishi zarur. Ushbu omillarni hisobga olish hududiy hokimiyat organlariga mintaqa iqtisodiy rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish imkonini beradi.

Investitsion strategiyani amalga oshirishda uning samaradorligini yuksaltirish uchun bir qancha vazifalarni hal qilishga eʼtibor qaratish lozim. Xususan, hududning tasdiqlangan rivojlanish strategiyasiga muvofiq, investitsiya ehtiyojlari va ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, shuningdek, hududda investitsiyaviy jozibador obyektlarni rivojlantirishga koʻmaklashish va erkinlik yaratish lozim. Qolaversa, hududlardagi korxonalarga investitsiyalarni jalb qilishga tayyorlashda hokimyat organlari tomonidan amaliy yordam koʻrsatish, toʻgʻri tushunchalar berib borilishini taʼminlash kerak. Hududlar imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakatga strategik investorlarni jalb qilish masalasini atroflicha koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Investitsiya muhitini nafaqat tashqi manbalar hisobidan rivojlantirishga, balki mintaqa aholisining moliyaviy resurslarini investitsiya aylanmasiga jalb qilishga ham eʼtibor qaratish lozim. Xorijiy va mahalliy investorlar risklarini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish orqaligina investitsion jozibadorlikni oshirish mumkin.

Muzaffar JAMOLOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Statistika agentligi boshqarma boshligʻi