Shu yil 5-fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda ham taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, texnikum va oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish borasida oliy taʼlim muassasalari oldiga qator vazifalar qoʻyildi. Har bir sohaga doir muammolar bilan birga ularning yechimi boʻyicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Yigʻilishda maktabgacha, maktab taʼlimi va oliy taʼlim bilan ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash malakali va yuqori salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashning eng muhim omili ekani taʼkidlandi. Chunki fan-texnologiyaning ilgʻor yutuqlarini egallagan kadrlarni yetishtirmay turib, mamlakat taraqqiyotiga erishib boʻlmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi qarori bilan tasdiqlangan Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, rivojlangan mamlakatlarning taʼlim tizimi oʻrganilib, talabalar uchun zamonaviy texnologiyalar va dastgohlar yordamida oʻqish bilan bir paytda korxona va tashkilotlarda ishlash imkoniyatini beruvchi dual taʼlim shakli joriy etilgan edi. Yigʻilishda mazkur sohaga oid vazifalar ham belgilanib, unga koʻra, kollej-texnikumlarning 50 ming oʻquvchisini dual taʼlim bilan qamrab olish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bu ishlar, avvalo, toʻqimachilik, qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektron texnika sanoati, mashinasozlik yoʻnalishlarida tatbiq qilinishi zarurligi taʼkidlandi. Zotan, yoshlar maktab davridayoq, hech boʻlmasa, bitta hunarni egallab, katta hayotga qadam qoʻysa, yoʻlini topishi oson kechadi. Aslida, bu fikrlar qon-qonimizga singib ketgan qadriyatdir. Xalqimiz buni oddiygina qilib “Bir yigitga qirq hunar oz”, degan maqol magʻziga singdirib yuborgan.
Mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil qiladi. Yurt kelajagi ularning qoʻlida ekani ayni haqiqat. Shuning uchun maktablar faoliyati, tarbiya va maʼnaviyat targʻiboti masalalari davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan. Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali oʻquvchilarda huquqbuzarlikka qarshi immunitet hosil qilish, buning uchun esa “Maktab — ota-ona — mahalla” zanjiri muhimligi taʼkidlandi.
Yurtimizda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari soni keskin oshdi. Biroq ularda oʻqitish sifatiga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani, hatto talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagani, aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmasligi, ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmasligi, bori ham bugungi kun talablariga javob bermasligi qayd etildi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Ilm-fanda “xarajat — tadqiqot — mahsulot” formulasi ishlamayapti”, degan tanqidiy fikri taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan har qanday mutaxassisni jiddiy oʻylantirishi shubhasiz. Chunki taʼlim sohasidagi islohotlarning oʻzagi inson va uning manfaatiga qaratilgan. Sifatli taʼlimni tashkil qilish esa taraqqiyot poydevoridir. Boisi, bugun axborot tizimi shiddat bilan rivojlanayotgan, yoshlar maʼnaviyati va kamolotiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan koʻplab gʻayriinsoniy gʻoya va mafkuralar atrofimizni oʻrab olgan bir davrda vatanimizning yorugʻ istiqboli taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq.
Bugun aqliy va jismoniy imkoniyatidan qatʼi nazar, har kim sifatli va teng taʼlim olishga haqli. Joriy yil 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda bu masala ham eʼtiborda boʻldi. Yigʻilishda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash borasida soʻz borar ekan, kelgusida ularni oʻqitish, ishga joylash va sportga jalb qilish boʻyicha milliy tizim boʻlishi taʼkidlandi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarga ishlash va kasb-hunarga oʻqishda toʻsiqsiz muhit yaratish uchun ularning “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechilishi aytildi. Bunda nogironlik kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilanadi.
Barcha saʼy-harakatlar raqobatbardosh, malakali kadrlarni tayyorlash, iqtidori va salohiyatini namoyon qila oladigan, yurt kelajagi uchun kuyib-yonadigan, hayotda oʻz oʻrnini topishga qodir boʻlgan barkamol shaxslarni voyaga yetkazishga yoʻnaltirilgan.
Bahodir MAʼMUROV,
pedagogika fanlari doktori, professor
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 1-mart, № 44