Zakovatli yoshlar dunyoga o‘z so‘zini aytadi

    Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligini ko‘tarinki ruhda nishonladik. Bu raqam ayni paytda kuch-quvvatga to‘lgan, yuksak salohiyatga ega inson kamolotini tasavvurimizda jonlantiradi.

    O‘tgan davrda mamlakatimiz barcha sohalardagi taraqqiyot yo‘lini mustahkamlab oldi. Milliy taraqqiyotimiz yangi sifat bosqichiga o‘tdi.

    Jahon hamjamiyati bilan barcha jabhalarda diplomatik va xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Islohotlarni tubdan yangilash va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan yechimlar topish, mamlakat va jamiyatni har tomonlama modernizatsiya qilishga doir ishlar bajarildi. Bugun yoshlardagi bunyodkorlik, kashfiyotchilik, ixtirochilik, izlanuvchanlik va shijoatni ko‘rib havasimiz kelayotir. Kasbimiz taqozosi tufayli yoshlar bilan ko‘p muloqot qilamiz. Asosiy vaqtimiz ular orasida o‘tadi. Yoshlar o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan. Bu yo‘ldagi intilish va shijoat har qanday odamni ruhlantirib yuboradi. “Buni qanday bajaraman? Uddalay olamanmi? O‘xshamasa-chi?” degan qo‘rquv, hadik yo‘q. “Men bajaraman! Uddasidan chiqaman! Qo‘limdan keladi!” degan qat’iy ishonch bor. Ularga bu kuch-quvvat qayerdan kelyapti? Javob topishga harakat qilamiz: davlatimiz ruhlantiryapti. Sharoit yaratyapti, cheksiz imkoniyat beryapti.

    Yoshlar juda zakiy. Yetuk pedagog bo‘lishdan tashqari biri yozuvchilikka intiladi, boshqasi shoir bo‘laman, deydi. Xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar safi kundan kunga kengayib boryapti. Axborot texnologiyalarini mukammal bilishga harakat qilishadi.

    Ularni kuzatishni yaxshi ko‘raman. Hammaning suhbatini tinglab turgan Oysha qizimiz bog‘cha tarbiyachisi bo‘lishini, vaqtini faqat bolalar bilan o‘tkazishini ta’kidlaydi. Qo‘lidagi torni ting‘irlatib mashq qilayotgan O‘ktam esa katta bastakor bo‘lmoqchi. Ular teatr uchun kelgusida qanday asar topish, asardagi qahramonlar rollari taqsimoti, talabalar teatr jamoasi faoliyatini takomillashtirish xususida yoki “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining yangi tarkibini shakllantirish, repertuarini kengaytirish haqida bahslashadi. “Zakovat” klubini yangi o‘quv yilida yanada jonlantirish, kuchaytirishni muhokama qiladi. “Munozara” debat jamoasining keyingi o‘yinlarida qanday qiziqarli savollar berish, eng muhimi, o‘tgan davrda yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarish, tajribasizlikdan tajribaga, bilmaslikdan bilishga qarab intilish va yangi marralarni ko‘zlash kabilar xususida suhbatlashadi.

    Albatta, ushbu muhokamadan “Kesh nolalari” maqom ansambli va “Kesh navolari” talaba yoshlar estrada jamoasi faoliyati, yillik hisobot konsertlari, musiqa asboblari mavzusi ham chetda qolmaydi. Suhbat vaqtida ulgurmay qolgan jihatlarga talabalar fikrlarini bizga yozib yuboradi. Ko‘p ta’kidlaymiz: bugungi yoshlar kechagi yoshlar emas. Ular har tomonlama zamonaviy bilimga ega va shunga monand fikr yuritadi. Orzulari o‘zlaridek mag‘rur. Maqsadlari ulug‘. Yoshlarimiz ana shunday orzu-maqsadlar bilan ilm cho‘qqilarini zabt etishga jiddu jahd qilgan. Bu ularning fan olimpiadalaridagi o‘rnida ilk nishona bermoqda. Ezgu maqsad yo‘lida dadil qadam qo‘yayotgan, marrani baland olayotgan yoshlar hali bilimini, salohiyatini, iqtidorini namoyon etishi, dunyoga o‘z so‘zini aytishi shubhasiz.


    Jamshid SHONAZAROV,

    Shahrisabz davlat pedagogika instituti birinchi prorektori


    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 191-sonida (2024-yil 19-sentyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali