Asr iqtisodiyoti barqarorligining eng muhim sharti

    O‘zbekiston hozir 2-3 milliard kVt/ soat qo‘shimcha quvvatga ehtiyoj sezmoqda va yaqin besh yil ichida bu ko‘rsatkich 10 milliard kVt/soatga oshishi taxmin qilinmoqda.

    Dunyo iqtisodiyoti va sayyoramizda aholi soni o‘sib borishi bilan parallel ravishda energiya resurslariga ehtiyoj ham muttasil ortmoqda. Ishlab chiqarish hajmini talabga yarasha oshirish uchun, birinchidan, resurslar cheklangan, ikkinchidan, an’anaviy usulda energiya ishlab chiqarish atmosferaga katta zarar yetkazmoqda. Xususan, ko‘mir, neft va gaz kabi yoqilg‘ilar qazib olinishi va qayta ishlanishi global iqlim o‘zgarishiga eng katta sababchi omillar hisoblanadi. Global issiqxona gazlari chiqindisining 75 foizdan ortig‘i va barcha karbonat angidrid chiqindisining qariyb 90 foizi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

    Shu bois, ayniqsa, rivojlangan davlatlarda “yashil” energetika tobora ommalashyapti. Masalan, Yevropa Ittifoqi 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya ulushini 32 foizga yetkazishni reja qilgan bo‘lsa, AQSH 2050 yilgacha zararli gazlar ajralib chiqishi foizini nolga tenglashtirishni maqsad qilgan. Bu borada yetakchilardan biri bo‘lgan Norvegiya bugungi kunda ichki iste’mol uchun sarflanadigan energiyaning 99 foizini ana shunday texnologiyalar orqali olishi e’tirofga loyiq.

    Mana shunday murakkab sharoitda tabiatga zarar yetkazmagan holda, qayta tiklanuvchi energiya olish, resurslarni tejash va ekologiya muvozanatini saqlash barcha davlatlar uchun muhim vazifalardan biriga aylandi. Yurtimizda ham ayni jihatlar bois, muqobil energetika imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Elektr energiyasiga talab 35 foiz o‘sgan va bu ko‘rsatkich muttasil ortib borayotgan bir sharoitda yirik loyihalar amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga ega.

    Masalan, 2021 yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida 100 megavatt quvvatli birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi, 2022 yilda Samarqand viloyati Nurobod tumanida xuddi shunday ikkinchi stansiya ishga tushirildi.

    Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak, Navoiy viloyatining Nurota, Surxondaryo viloyatining Sherobod, Jizzax viloyatining Gʻallaorol, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanlarida jami 1 ming 197 megavatt quvvatga ega

    5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi ham 2023-2024 yillarda ishga tushirilishi reja qilingan. Shuningdek, Buxoro viloyatining Peshko‘ va Gʻijduvon tumanlarida, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 megavattli 3 ta shamol elektr stansiyasi 2024-2025 yillarda barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

    Mamlakatimizda muqobil energiya yaratish yo‘lida tizimli harakatlar izchil davom ettirilsa, 2026 yilga qadar umumiy 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalar hamda 8 ming megavattli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

    Davlatimiz rahbari shu yil 27-28 aprel kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida O‘zbekiston hamkorlik qiladigan beshta asosiy yo‘nalishni sanadi. “Yashil” iqtisodiyot eng muhim yo‘nalish o‘laroq, ushbu ro‘yxatdan birinchilar qatorida joy oldi.

    O‘zbekiston hozir 2-3 milliard kVt/ soat qo‘shimcha quvvatga ehtiyoj sezmoqda va yaqin besh yil ichida bu ko‘rsatkich 10 milliard kVt/soatga oshishi taxmin qilinmoqda. Bunday holatda yirik va istiqbolli loyihalar bilan bir qatorda aholi xonadonlari, korxonalar, ijtimoiy soha ob’yektlarida muqobil energiyadan foydalanishni ommalashtirish ham eng samarali choradir. Shundan kelib chiqib, yurtimizda muqobil energiya, shu jumladan, quyosh panellarini keng joriy etishga katta e’tibor qaratilyapti va bu boradagi jamoatchilik tashabbusi faol rag‘batlantirilmoqda. Aytaylik, yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslar ham quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini onlayn tarzda sotib olishi mumkin. Buning uchun energymarket.uz saytida barcha imkoniyatlar yaratildi. Ushbu qurilmalarni to‘liq xarid qilgan fuqarolarga Energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan kompensasiya beriladi. Shuningdek, qurilmalarni o‘rnatgan yurtdoshlarimiz ishlab chiqarilayotgan energiyaning ehtiyojidan ortiqcha qismini sotishi mumkin. Ya’ni iste’moldan ortiqcha qismi davlat kafolati ostida elektr ta’minoti korxonasi orqali sotiladi.

    Ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar, yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlarga hamohang tarzda Toshkent shahridagi Vebster universiteti ham muqobil energiya imkoniyatlaridan foydalanishni maqsad qilmoqda. Universitetimizning ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazida quvvati 100 kVt.li quyosh panellari o‘rnatilyapti. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qurilmalar bugungi kunda sarflanayotgan umumiy energiyaning 50 foizini qoplaydi. Boshqacha aytganda, energiya uchun sarflanadigan mablag‘imizning teng yarmi iqtisod qilinadi. 2024 yil so‘ngiga qadar esa qamrovni 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

    Umuman olganda, sayyoramizda iqlim o‘zgarishi va energetika barqarorligi bilan bog‘liq muammolar davom etar ekan, “yashil” energiya ularni hal qilishda eng muhim, hatto yagona omil bo‘lib qolaveradi. O‘zbekiston mintaqada rivojlangan “yashil” energetikaga ega bo‘lishi esa barcha sohalar rivojiga keng yo‘l ochadi. Shuning uchun muqobil energiyani joriy etish va targ‘ib qilish nafaqat mas’uliyatli tanlov, balki iqtisodiyot barqarorligi va aholi farovonligi uchun hayotiy zarurat hamdir.

    Rasul RAHMONOV,

    Toshkent shahridagi Vebster universiteti ijrochi direktori