Bir oy davomida sotuvlar 13 foizga oshib, ushbu ko'rsatkichlar bo'yicha Namangan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari etakchilik qildi. Shu bilan birga, talabalarning qaytishi natijasida poytaxtda uy-joy va ijara bozoridagi faollik o'sishda davom etmoqda.
Avgust oyida ko'chmas mulk savdosi bo'yicha ro'yxatga olingan oldi-sotdi bitimlari soni 28 mingtani tashkil etdi. Bu bir oy oldingi ko'rsatkichga nisbatan deyarli 3 mingtaga ko'p.
Eng katta o'sish ko'rsatkichlari Namangan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi.
O'tgan yilning avgust oyiga nisbatan uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 6 foizga oshdi. So'nggi ikki oy ichida poytaxt uy-joy bozorida faollik nisbatan past bo'lsada o'sayotganini ko'rish mumkin. Shunday qilib, avgust oyida savdo hajmi 10 foizga oshdi va 7,5 ming xonadonni tashkil etdi.
Poytaxtda yoz oxirida an'anaviy bo'lgan kvartiralarni ijaraga olishga bo'lgan talab avgust oyida ortib bormoqda.
Toshkent shahrida 1 kv.m. uchun o'rtacha ijara narxi 2 foizga o'sib, 8,9 dollarni tashkil etdi.
Uy-joy ijarasi uchun eng yuqori narxlar poytaxtning Shayxontohur (1 kv. m 11,3 doll.dan), Yakkasaroy (11 doll.) va Mirobod (11,5 doll.) tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, Shayxontohur (+5,4 foiz), Sergeli (+4,8 foiz), Olmazor (+4,5foiz) tumanlarida ijaraga beriladigan uy-joylarning eng yuqori o'sish sur'atlari kuzatildi.
Poytaxtning faqat bitta tumanida – Mirobod tumanida (1 foizga) pasayish qayd etildi.
Ikkilamchi ko'chmas mulk bozorida birinchi marta yil boshidan kvartiralar narxining pasayishi kuzatildi. Avgust oyida uy-joylarning kvadrat metri uchun o'rtacha narx 0,7 foizga pasaygan bo'lsa, o'tgan yilga nisbatan ikkilamchi uy-joylar narxi 22 foizga oshdi.
Aksincha, poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari avgust oyida o'sishda davom etdi va oy davomida 1,9 foizga oshdi.