Avstriyada taniqli o‘zbek olimi Mulla Is'hoq Ibrohim haqida salmoqli maqola e’lon qilindi

    Ma’lumki, taniqli o‘zbek olimlari hayoti va faoliyati hamda ularning boy ma’naviy merosini xorijiy ellarda keng targ‘ib etish mamlakatimizning chet ellardagi diplomatiya vakolatxonalari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

    Yaqinda O‘zbekistonning Venadagi elchixonasi tashabbuskorligi va Avstriya Fanlar akademiyasining Markaziy Yevroosiyoda islomni o‘rganish qo‘mitasi bilan hamkorligida “Mulla Is'hoq: XIX asrda Vengriyadagi o‘zbek farzandi” sarlavhali maqolaning chop etilishi tashkil qilindi.

    Ushbu maqola Vengriyaning Etvosh Lorand universiteti turkiyshunoslik kafedrasi mudiri, Sharqshunoslik instituti direktori Benedek Perining qalamiga mansub.

    Unda o‘zbek olimi Mulla Is'hoq Ibrohimning (Mulla Sodiq) (1836-1892yy.) mashhur venger turkiyshunos olimi va sayohatchisi Armin Vamberi bilan uchrashishi hamda birgalikda Vengriya davlati bo‘ylab safari, shuningdek, o‘zbek olimining ushbu davlatda kechgan hayoti va ijodi to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlar tarixiy manbalarga asoslangan holda o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.

    Maqolada Mulla Is'hoqning Vengriyaga kelishi va bu mamlakatda qo‘nim topishi favqulodda voqea bo‘lgani, 1864 yil iyun oyida mahalliy nashrlarda Vamberi Vengriyaga o‘zbek olimini «venger va sharq tillari o‘rtasidagi genetik aloqalarning jonli dalili» sifatida olib kelgani bilan bog‘liq ma’lumotlar atroflicha qalamga olingan.

    Shu tariqa Mulla Is'hoq Vengriyada o‘ziga xos mashhur insonga aylangani va 1860 yillarning o‘rtalarida o‘sha davrning yetakchi gazeta va jurnallarida u haqda tez-tez xabarlar chop etilgani qayd qilingan.

    Maqola muallifining ma’lum qilishicha, Mulla Is'hoq venger tilini juda yaxshi o‘zlashtirgan. U Vengriyaning mashhur shoiri Yanosh Arani (1817–1882) ijodiga mansub «Ajoyib ohuning hikoyati» she’rini mojar imlosida o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

    U o‘zbek xalq ertaklarining venger tiliga tarjimasini kitob holida nashr etgani barobarida Buxoro va Xivada o‘tkaziladigan to‘y marosimlari haqidagi batafsil ma’lumotlarni ham davriy nashrlar sahifalarida e’lon qilib borgan.

    Shu bois vengerlar hamyurtimizga «O‘rta Osiyoning ko‘p jabhalari, uning tabiati, qishloq xo‘jaligi, tili va urf-odati bo‘yicha boy va nufuzli bilim manbai», deya ta’rif berishgan.

    «Mulla Is'hoq o‘z vatanini sog‘ingan va uni ziyorat qilishni doim o‘ylab yurgan. Afsuski turli noqulay sharoitlar tufayli o‘zbek olimi hech qachon o‘z niyatiga erisha olmagan», deb yozadi muallif.

    Tarixdan ma’lumki, Mulla Is'hoq 1892 yil 22 may kuni Vengriyaning Feyer viloyati Velense shaharchasidagi qabristonda islomiy an’analar bilan dafn etilgan.

    Ushbu maqola muallifi Benedek Peri Vengriyada turkiy adabiyotni tadqiq etib kelayotgan olimlarning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri hisoblanadi. U 1966 yili Vengriyada tug‘ilgan. Hozirgi paytda Vengriya Sharqshunoslik instituti direktori hamda Etvosh Lorand universiteti turkiyshunoslik kafedrasi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

    Benedek Peri mazkur universitetda ingliz, fors va turkiy tillarni o‘rgangan. So‘nggi yillar davomida Alisher Navoiy ijodini tadqiq etayotgan ushbu olim bu yo‘nalishdagi qator maqolalarini ingliz tilida e’lon qilmoqda. U, shuningdek, hozirgi paytda “Boburnoma”ni venger tiliga tarjima qilish ustida ish olib bormoqda.

    Maqolaning to‘la matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:

    https://www.oeaw.ac.at/sice/sice-blog/becoming-mullah-ishaq-an-uzbek-man-in-19th-century-hungary