Axborot makonidagi dolzarb masalalar va ularning yechimlari jamoatchilik muhokamasida koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 1 Fevral 2024 1106

    Joriy yil 30-yanvarda “Yuksalish” harakati tomonidan “Oʻzbekistonning axborot makoni: dolzarb masalalar va ularning yechimlari” mavzusida jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi. Unda tegishli davlat idoralari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati, OAV vakillari hamda milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

    Oʻzbekistonda soʻz erkinligini va OAV faoliyati erkinligini taʼminlash boʻyicha bir qator ijobiy qadamlar tashlandi. Bugun milliy medialandshaftga nazar solsak, soʻnggi 7-8-yilda roʻyxatdan oʻtgan OAVlar soni 41 foizga oshganini koʻrish mumkin. Agar 2016-yilda 1 514 ta OAV roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, 2023-yilga kelib ularning soni 2 100 tadan oshdi, 65 foizi nodavlat OAVlardir.

    Roʻyxatdan oʻtgan telekanallar soni 65 tadan 84 taga (+29%), internet-nashrlar 395 tadan 745 taga (+88%) oshgan, gazetalar soni esa 691 tadan 631 taga kamaygan (-9%).

    Bu raqamlar, maʼlum maʼnoda, yurtimizdagi islohotlar, inson huquqlari, ijtimoiy manfaatlarni targʻib qilib, uni xalqqa yetkazishda, faol fuqarolik pozitsiyasini bildirishda jurnalist va blogerlar faollashganidan darak.

    — Davlat milliy kontent boʻlishiga maʼlum bir sharoitlarni yaratdi. Buni soliq imtiyozlarida, OAVlarni roʻyxatdan oʻtkazishda yengilliklar berilishida koʻrish mumkin. Hozirda Axborot kodeksi ishlab chiqilib, xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda koʻrib chiqilyapti. Jurnalistik faoliyatga aralashmaslik boʻyicha maxsus qonun loyihasi ham tayyorlangan, — deydi AOKA Tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshligʻi Marat Aitov.

    Shunday boʻlishiga qaramasdan mamlakat axborot makonida milliy kontentning holati qoniqarli ahvolda emasligi, ayniqsa, turli ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy masalalarda milliy manfaatlar nuqtai nazaridan sifatli kontent kamligi taʼkidlandi.

    Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston jamoatchiligini tashvishga solgan bir qator tashqi “axborot xurujlari” sodir boʻlgani, bu kabi xurujlar orasida mamlakatimiz suvereniteti, davlatchiligimiz tarixini shubha ostiga olish kabi holatlar ham uchrayotgani qayd etildi.

    Shuningdek, muhokamada milliy kontentni rivojlantirish yoʻnalishidagi muammolarga, masalan, milliy mavzudagi resurslarni yaratish uchun mablagʻ yoki kadrlar yetishmaganligi sababli boʻshliqlar chet davlatlarnikidan koʻchirib toʻldirilayotganiga toʻxtalib oʻtildi.

    Tadbirda adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova, OʻzA bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Xushnud Xudoyberdiyev, siyosatshunos Kamoliddin Robbimov, Gazeta.uz internet-nashri bosh muharriri oʻrinbosari, jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayevlar milliy kontent yaratuvchilarining kamligi, kreativ industriya va kadrlar yetishmayotganligi, telekanallarda milliy kontent qoniqarli emasligi, ularda ijtimoiy tafakkurni shakllantirish, jamiyat bilan davlatning uzviyligini taʼminlash darajasi juda pastligi, bahs-munozara yoʻqligi tanqid ostiga olindi. Shu bilan birga rasmiylarning koʻproq chiqishi kontentni rivojlantirishning yoʻllaridan biri ekanligi, soʻz erkinligiga toʻlaqonli erishishimiz uchun davlatning oʻzi, institutlari, jamiyat bilan ishlash, jamiyatni eshitish va yechim topish qobiliyatlarini oshirish kerakligi haqida fikrlar bildirildi.

    Muhokama ishtirokchilari tomonidan tobora avj olayotgan “axborot xurujlari”ga munosib javob qaytarish, axborot suverenitetini taʼminlash va sifatli axborotlar oqimini koʻpaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

    “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.