Bahor faslining birinchi kunida davlatimiz rahbari boshchiligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishining mavzusi ham ayollar masalasiga bagʻishlandi. Bir tomondan ayollarimizni taʼlim, maʼnaviyat, siyosat, iqtisodiyot, huquq va boshqa ijtimoiy sohalarda qaror qabul qilishda faol ishtirok etishga chaqirsa, ikkinchi tomondan erkaklarimiz ayollarni ijtimoiy sohalarga jalb etish muhim ekanini anglashlari va Vatanimiz ravnaqi uchun birgalikda qaror qabul qilishlariga qaratilganligini aytilmoqda.
Demak, ayol nafaqat bugungi kundagi maqomi va jamiyatdagi obroʻyi eng avvalo uning oilasidagi oʻrni, oila qadriyatiga munosabati hamda farzandlari tarbiyasidagi muvaffaqiyatlariga bogʻliq ekanini chuqur anglashimiz zarur. Yigʻilishda Prezidentimiz rahbari ayollarga murojaat qilib, onalar farzandlarining nafaqat tarbiyasi bilan shugʻullanishlari, uning bilimi, dunyoqarashining rivojlanishiga, maʼnaviyatining yuksalishiga yanada jiddiy qarashlari kerakligi taʼkidladi. Farzandlariga yoshligidanoq tejamkorlikni, saranjom-sarishtalikni oʻrgatib boradigan ham ayol, aslida. Shu oʻrinda, bugungi kun oʻzbek ayoli maʼrifatli, maʼnaviyati yuqori, tafakkuri teran, shu bilan birga zamonamizga xos barcha ijobiy xislatlarni oʻzida mujassamlashtirgan oqila va dono boʻlishlari nihoyatda zarurligi aytildi. Chunki ayolning bilimdonligi, maʼnaviyati, maʼrifati va savodxonligi – farzandining, oilasining baxtu saodatidir.
Ha, ayolning qancha goʻzal taʼriflar bilan eʼtirof etsak kamdir. Ammo maqtovlar oʻzimizniki. Shu bilan bu borada qilishimiz zarur boʻlgan ishlar ham talaygina. Xususan, “Oʻzbek ayolining maʼnaviy qiyofasi”ni internet tarmoqlarida keng ommaga, ayniqsa, dunyoga targʻib etish boʻyicha birorta sayt faoliyat olib bormayotir. Shu sababli, “Oʻzbek ayoli”, “Ayol maʼnaviyati”, “Ayol tafakkuri” kabi nomlar bilan oʻzbek, rus va ingliz tillarida maʼlumot joylash uchun ijtimoiy saytlar ochilib, unda oʻzbek ayolining maʼnaviy imiji: kecha va bugungi qiyofasini kiritib borish zarur.
Maʼlumki, oʻtgan davr mobaynida respublikamizda davomida ayollar masalasiga oid ilmiy tadqiqot ishlari tayyorlandi. Bu hozir ham davom etmoqda. Lekin, ayollar bilan bogʻliq boʻlgan ilmiy tadqiqotlar bazasini shakllantirilgani haqida biror maʼlumot yoʻq. Eng achinarlisi, mazkur tadqiqotlarning amaliyotga joriy etilishi masalasi afsuski, qogʻozlarda qolib ketmoqda. Shu maqsadda, yangi tashkil etilayotgan Xotin-qizlar va oila ishlari qoʻmitasi ushbu masalalarga eʼtibor qaratsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Ayol, avalambor, ona. Farzandlariga chiroyli tarbiya, goʻzal xulq berish – ularning kasbi. Maqomi, martabasi shu bilan oʻlchanadi. Binobarin, mamlakat taqdiri shunga bogʻliq.
Shunga asoslanib aytish mumkinki, ayol maʼnaviyati va oila maʼnaviyati oʻxshash, uygʻun, mushtarak tushunchalardir. Demak, allani ona suti bilan birga hazm qilgan, tarbiyani oilada olgan, mahallada chiniqqan bola vatan qadrini biladi, oila – nikoh muqaddasligini anglaydi. Tabiiyki, oilaviy ajrimlar soni keskin kamayib, ongu tafakkurda benazir, tiyran nigohli insonlar salmogʻi ortadi.
Tarbiya – egasiga qaytuvchi jarayon. Kim nimani oʻzi uchun kutsa, shuni bolasiga bersin: oqibat istagan oqibat, mehr sogʻingan mehr… Bu fazilatlar ayollarga xos nazokat, hayo, samimiylik, kamtarlik, oqilalik, uddaburonlik, tadbirkorlik… bilan egasiga yetkazilar ekan u kamolotdek, vafodek oʻziga jinsdosh xislatlarni yetaklab keladi. Insoniyat yaralibdiki, shunga intiladi. Orzu qiladi. Targʻib qiladi.
Xullas, ayol maʼnaviyati bugun millat maʼnaviyatiga aylandi. Unga befarq qarashga hech kimning haqqi yoʻq.
Munira QAHHOROVA,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti direktori oʻrinbosari