Bahodir ABDUVALIYEV: Yunusobod — tadbirkorlar tumaniga aylanmoqda

    Amir Temur ko'chasining ikki tomonida zamonaviy binolar qad rostlab, minglab ish o'rni yaratiladi.

    Iqtisodiy rivojlanish kichik-kichik natijalarning umumlashmasida ko'zga tashlanadi. Masalan, bitta hududdagi ikkita mahallani olaylik. Biri rivojlangan, aholisi o'ziga to'q bo'lsayu, ikkinchisida kambag'allik avj olgan, odamlar ishsiz, daromadsizlikdan qiynalayotgan sharoitda o'sha hududni rivojlangan, deb bo'lmaydi. Mamlakat iqtisodiyoti ham shunday. eng olis hududda ham aholi ishli, daromadga ega bo'lar ekan, bu yurtni rivojlangan davlatlardan biri, deyish mumkin.

    Yurtimizda ana shu maqsadga yo'naltirilgan harakatlar tobora faollashib bormoqda. Islohotlar har bir mahalla, ko'cha, xonadonga kirib borayotgani odamlarning turmush tarzida ham namoyon. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining ishlarni har bir tuman kesimida olib borishga doir tashabbuslari bu boradagi aniq tahlillar, harakat va natijalarga yo'l ochyapti.

    Gap shundaki, tumanlarning har biri alohida hudud, ularning imkoniyatlari, iqtisodiy o'sish nuqtalari ham bir-biriga o'xshamaydi. Ularning eng asosiy drayverlaridan foydalana olish esa iqtisodiy o'sishni tezlashtiradi. Masalan, Toshkent shahri Yunusobod tumani poytaxtimizning markazi, eng qulay qismida joylashgani bois, bu yerda tadbirkorlik qilishga intiladigan tashabbuskorlar ko'p. Ayniqsa, Amir Temur shox ko'chasi so'nggi yetti yilda ishbilarmonlar uchun eng jozibador ko'chaga, hududning o'sish nuqtasiga aylandi. Biznes muhitining rivojlanishi esa bevosita aholi bandligini ta'minlash, ish o'rinlari yaratishga zamin yaratmoqda.

    Yunusobodliklarning ko'pi asosiy ishidan tashqari qo'shimcha daromad manbaiga ega. Shu bois, davlatimiz rahbari joriy yilning 3-aprel kuni Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi ishtiroki davomida aholi daromadini oshirish bo'yicha qanday ishlash zarurligini Yunusobod tumani misolida tushuntirdi. Bu erda ishga solinmagan imkoniyatlar haqida to'xtalib, tadbirkorlik sohasini qo'llab-quvvatlash, aholi bandligini ta'minlash, shahar va tumanimizni yanada obod qilish, bir so'z bilan aytganda, odamlar rozi bo'lishi uchun yangicha yondashuv asosida katta marralarni olib, qattiq ishlashimiz zarurligi yuzasidan vazifalar berdi.

    Ishbilarmonlikning boshi

    Har kimning yashab turgan joyi o'ziga qadrli, o'zi uchun farovon go'sha. Ammo azim poytaxtimiz — Toshkent shahri har bir yurtdoshimiz uchun o'zgacha sevimli. SHaharning nafaqat go'zalligi, balki kun sayin rivojlanib borayotgan qizg'in hayoti odamlarni bu erda yashashga, ishlashga chorlayveradi. Ayniqsa, so'nggi etti-sakkiz yilda poytaxtda, jumladan, Yunusobod tumanida katta o'zgarishlar bo'ldi. Bugun tumanda o'tayotgan har bir daqiqa bunyodkorlik ishlari, har tomonlama yuksalish dovonlari bilan tarixga bitilmoqda. Hududning 400 ming nafarga yaqin aholisi uchun munosib turmush, mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy muhofazasini ta'minlash, kambag'allar va ishsizlar bilan ishlash, ta'lim, tibbiyot sohalari, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta'minlash eng ustuvor vazifaga aylangan. Iqtisodiyotni mustahkamlash, aholini ijtimoiy himoya qilish ishlari tizimli olib borilmoqda.

    O'tgan yillar davomida tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Korxona, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari 3,5 mingtaga, ish o'rinlari 20 mingtaga ko'paydi. Tumanda 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurildi. Natijada hudud tadbirkorlik uchun qulay maydonga, iqtisodiy rivojlanish, ishbilarmonlikni tashkil etishda poytaxtdagi etakchi tumanlardan biriga aylandi.

    Qizig'i, Yunusobod nomining o'zi ham yurtimizda yashab o'tgan katta tadbirkor ismiga borib taqalar ekan. Manbalarda tuman nomining kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar keltiriladi. Mahalliy ziyolilarning fikricha, Yunusobod nomining paydo bo'lishi sebzorlik tadbirkor Yunushoji Nodirhoji o'g'li bilan bog'liq. Ma'lumotlarga ko'ra, XIX asrning 50-yillarida Taxtapullik Yunushoji ismli savdogar Chinobod, Choshtepa va Oqtepa degan joylarda bo'sh yotgan bo'z erlarni o'zlashtirishni boshlab yuboradi. Savdogar obod qilib, suv chiqargan erlarida katta-katta tokzor va mevali bog'lar barpo qiladi, salobatli qo'rg'onlar, karvonsaroylar qurdiradi. Hozirgi Chimkent yo'lidagi joyning YUnusobod va o'sha erdagi arxeologik yodgorlikni YUnusobod Oqtepasi, deb nomlanishi YUnushojidan yodgorlik bo'lib qolgan ekan. Yunusobod avvaliga Kirov tumani nomi bilan tashkil qilingan. 1992 yildan YUnusobod tumani, deb atala boshlagan.

    Bugungi kunda Yunusobod poytaxtimizdagi 12 tumanning biri bo'lib, shaharning shimoliy qismida — Amir Temur maydonidan Toshkent xalqa yo'ligacha bo'lgan qismida joylashgan. Bu erdagi 64 ta mahallada 92 mingdan ziyod xonadon bor. Tuman aholi soni va maydoni bo'yicha poytaxtda ikkinchi o'rinda turadi. Hududni har tomonlama rivojlantirish, odamlarning munosib yashashi uchun sharoit yaratib berishga bel bog'laganmiz. Islohotlar kirib bormagan mahalla, ko'cha va xonadon qolmasin, deymiz.

    Sa'y-harakatlar besamar ketmayapgani eng muhimi. Birgina misol, 2023-yilda tuman bo'yicha barcha sohalarda iqtisodiy o'sishga erishildi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022-yilning mos davriga nisbatan 100,8 foizga, chakana savdo 109,5 foizga, iste'mol tovarlari 101,7 foizga, xizmatlar ko'rsatish hajmi 123,2 foizga, qurilish ishlari 100,6 foizga o'sdi. 2024-yilda ham makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozi barcha yo'nalishlar bo'yicha ortig'i bilan bajarilishi hisob-kitob qilingan.

    Yig'ilishda e'tirof etilgan asosiy jihatlardan biri tumanga kiritilgan xorijiy investitsiyalar ko'lami bo'ldi. Bu bejiz emas, albatta. Boisi, hozirgi zamonda mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyoti bevosita investitsiyalar oqimiga bog'liq. Yunusobod tumanida ayni shu jihat uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan bo'lib, bular, eng avvalo, tadbirkorlik huquqini belgilab beradigan, xususiy mulkchilik va raqobatchilikni himoya qiladigan qonunlar bazasi yaratilgani, investitsiya jarayonlarini qo'llab-quvvatlovchi infratuzilmaning mavjudligi, eng muhimi, malakali mehnat resurslariga ega ekanligi bilan yaqqol ko'zga tashlanib turibdi. Shuning uchun mahalliy va xorijiy investorlarning tumanimizga bo'lgan qiziqishi yildan yilga oshib bormoqda. Natijada, o'tgan yilning o'zida Yunusobodda 74 ta investitsion loyiha ishga tushirilishi ortidan 4,8 trillion so'm investitsiyalar o'zlashtirildi, 3 mingga yaqin yangi ish o'rni yaratildi. Ushbu davrda 167,9 million dollarlik xorijiy investitsiyalar ham o'zlashtirildi.

    Jumladan, Buyuk Turon mahallasida "UzTur Investment and Development" MCHJ tomonidan zamonaviy mehmonxona qurish va maishiy xizmat ko'rsatish markazini tashkil etish hisobiga 488 nafar yangi ish o'rni yaratildi. Minor mahallasida esa "ORA PROGRESS BIZNES" MCHJ tomonidan Ko'p qavatli turar joy, mehmonxona va biznes markazi tashkil qilish orqali 70 nafardan ortiq kishining bandligi ta'minlandi. Prezidentning tegishli qarori bilan tumanda yana 7 ta yirik investitsion loyiha tasdiqlangan bo'lib, 2025-yilga qadar bari ishga tushiriladi.

    Barcha loyihalardan ko'zlangan asosiy maqsad aholi bandligini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Davlatimiz rahbari bu borada alohida topshiriq ham berdilar. Ya'ni, joriy yilda Yunusobod tumanida 35 ming ish o'rni yaratish imkoniyati borligi, bu bo'yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo'yildi. Bunga, ayniqsa, Amir Temur ko'chasining ikki tomonida zamonaviy binolar va xizmat ko'rsatish, servis sohalarini bunyod etish evaziga erishilishi ko'zda tutilgan.

    Ta'limga qaratilayotgan e'tibor o'z samarasini bermoqda

    Tadbirkorlikni rivojlantirish Yunusobod tumanining drayver yo'nalishiga aylangan. Axir, muhit qulay bo'lgan joyda sharoit yaratilishi, imkoniyatlar ishga solinishi kerak. erishilayotgan yutuqlar, albatta, o'zimizniki. Ammo hali oldinda qilinishi kerak bo'lgan ishlar ham talaygina. Shu bois, yil boshidanoq Yunusobod tumanida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, aholining keng qatlamini biznesga jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga yanada ko'proq e'tibor qaratildi. Natijada, shu kunga qadar 1 183 ta yangi tadbirkorlik sub'ektlari ochilib, ularning hududdagi jami soni 15 mingdan oshdi.

    Har qanday kichik biznes, hatto, oilaviy tadbirkorlik ham, avvalo, yangi ish o'rni yaratilishiga yo'l ochadi. Odamlarning ishli bo'lishi esa, oilalarning qo'shimcha daromad manbaiga ega bo'lib, yanada yaxshiroq yashashidan dalolat. Ya'ni, bitta tadbirkor qancha xonadonning qozoni qaynashi, oila a'zolarining yaxshi yeb-ichib, yaxshi kiyinishiga sababchi bo'lishi mumkin. Qolaversa, ishbilarmonlik rivojlangan joyda hududlar obod bo'lib, iqtisodiy rivojlanish o'sib boraveradi. Shunday vaqtda yurtimizda tadbirkorlar har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani, zamonamiz qahramonlari sifatida tilga olinayotgani bejiz emasligini chuqurroq his qilamiz.

    Bugun ijtimoiy himoya mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan davrda, tadbirkorlik aynan aholi bandligini ta'minlashning muhim omili bo'lmoqda. Yunusobod tumanida ham aholi bandligini ta'minlash, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish ustuvor vazifalardan biri. Boisi, bugun ta'lim olayotgan yoshlar ertaga kadr sifatida etishib chiqadi. Ularga bo'sh ish joylari kerak.

    Umuman, Yunusobod tumanida ta'lim-tarbiyaning barcha bosqichi, ayniqsa, maktabgacha ta'lim muassasalarini zamon talablariga mos rivojlantirib borishga alohida e'tibor qaratilgan. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 3-7 yoshgacha bo'lgan bolalar soni 24 586 nafarni, DMTTlarga qamrov 21 146 nafarni (86%) tashkil etadi. Agarda 2020 yilda yuzga yaqin maktabgacha ta'lim tashkiloti bo'lgan bo'lsa, bugunga kelib ularning soni 117 taga yetdi.

    Tumanda 3—7 yoshli bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada tuman hokimligining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib maxsus dasturi qabul qilingan. Shu asosda hududdagi mahalla guzarlari qoshida tuman hokimligi tashabbusi bilan muddatli guruhlar, ya'ni ta'limning muqobil shakli tashkil qilingan. Ularda bolaning sog'lom va mustaqil fikrini shakllantirish, qobiliyatini ro'yobga chiqarish hamda bilim olishga intilishi kuchayib bormoqda. Ayni kunlarda 20 ta mahallada tuman hokimligi mablag'lari asosida shunday guruhlar faoliyat yurityapti. Bu esa murg'ak qalb egalarining olam-olam go'zal orzulariga qanot bo'lmoqda. Mazkur ishlar orqali, 2023-yilda tumandagi 21 ming 146 nafardan ortiq bolajon maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olinib, ko'rsatkich 86 foizga yetkazildi.

    Hozir tumandagi 45 ta umumta'lim maktabida 62 966 nafardan ortiq o'quvchi ta'lim-tarbiya olyapti. 2022-yilda 4 251 nafar o'quvchi umumta'lim maktabini tamomlagan bo'lsa, o'tgan o'quv yilida bu ko'rsatkich 4 461 nafarni tashkil etib, 13 foizga oshgan. Ahamiyatlisi, o'tgan yili umumta'lim maktablarini tamomlagan o'quvchilarning 78,7 foizi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirgan. Shu tarzda, katta hayotga qadam qo'yayotgan yigit-qizlar soni yildan yilga o'sib boryapti. Ularga munosib ta'lim, mehnat sharoitlarini yaratib berish esa asosiy vazifalarimizdan biri.

    Hududda ishsizlar, bekorchi yurgan yoshlar bo'lmasligi kerak. Shu bois, tuman kambag'alikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish xodimlari hamda xokim yordamchilari uyma-uy yurib, ish bilan band bo'lmagan fuqarolar, jumladan, yoshlar tarkibini doimiy aniqlab boradi. Ular bilan suhbatlar o'tkazilib, qiziqishlari o'rganiladi va shu asosda tegishli sohalarga yo'naltiriladi. Ishga joylashish istagida bo'lgan fuqarolar rasman ish so'rab murojaat qiluvchi sifatida ro'yxatga olinib, xokim yordamchilari tomonidan ishga joylashtirish choralari ko'riladi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini kasb-hunarga o'qitib, o'z faoliyatlarini boshlashlari uchun subsidiyalar ajratish ham yo'lga qo'yilgan. O'tgan yillar davomida 500 nafardan ortiq fuqaro subsidiya olib, ish boshladi. Bu yangidan yangi tadbirkorlik sub'ektlari paydo bo'lganidan darak.

    Quvonarlisi, Yunusobod tumanida eksportyor korxonalar soni ham yildan yilga oshib, ular avvalgi 49 tadan, hozir 191 taga yetdi. eksport geografiyasi 4 taga, mahsulot turlari esa 12 taga ko'paygan. O'tgan yili tumanda jami 49 ta korxona tomonidan 182,0 million dollarlik meva-sabzavot va sanoat mahsulotlari eksport qilindi. Bundan tadbirkorlar yaxshigina daromad topyapti, oilasi farovonligini ta'minlash barobarida, xalq koriga yarayapti, odamlarni ishli qilyapti.

    Bahodir ABDUVALIYEV,

    Yunusobod tumani hokimi

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 05.04.24-y, 68-sonida e'lon qilindi)